library.tdpu.uz     majmua.tdpu.uz     eDarslik.tdpu.uz     asofaviy ta`lim     Pedagog     Ota-onalar uchun     Kirish          

Aхbоrоt sоатi матеriаllаri 27–sоn

18 aprel 2014 yil, 8,709
.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi davlatimiz rahbari tomonidan taklif etilgan, konstitutsiyaga kiritilayotgan tuzatishlar to‘g‘risidagi muhim qonunni qabul qildi

Siyosat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi davlatimiz rahbari tomonidan taklif etilgan, konstitutsiyaga kiritilayotgan tuzatishlar to‘g‘risidagi muhim qonunni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqish majlis kun tartibidagi bosh masala bo‘ldi. Ushbu hujjat, avvalo, davlat hokimiyati tizimini yanada demokratlashtirish, davlat boshqaruvining eng muhim prinsiplarini amalga oshirishning konstitutsiyaviy mexanizmlarini takomillashtirish – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlari mustaqilligi va tengligi, vakolatlari mutanosibligini, ular o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining samarali ishlashini ta’minlashga qaratilgan.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishga tayyorlash chog‘ida uning asosiy g‘oya va qoidalarini muhokama etish hamda chuqur o‘rganish yuzasidan bir qancha uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etildi. Ularda siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, mutaxassis va olimlar, yurist-huquqshunoslar ishtirok etdilar. Qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining majlislarida, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida faol va keng muhokama qilindi. Ana shu muhokamalar paytida deputatlar davlatimiz rahbarining qonunchilik tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatladilar, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan tuzatishlarning o‘z vaqtida qo‘yilgani va muhimligini qayd etdilar.

Deputatlar davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi O‘zbekistonda o‘zini to‘liq oqlagan islohotlarning “o‘zbek modeli” asosida amalga oshirilayotgan demokratik, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat qurilishi va konstitutsiyaviy tuzumni izchil o‘zgartirish hamda demokratik yangilash jarayonlarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishini alohida ta’kidladilar. Qonun “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” deb nomlangan mamlakatimiz taraqqiyotining bosh prinsipini amalga oshirishni bundan buyon ham davom ettirish, mamlakatimiz Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan inson huquq va erkinliklari hamda demokratiyaning boshqa umume’tirof etilgan qadriyat va normalarining ishonchli himoyasini ta’minlaydigan siyosiy tuzumni shakllantirishda ulkan ahamiyatga ega.

Deputatlar erishilgan marralar, jamiyatimiz hayotida jadal yuz berayotgan o‘zgarishlar, shuningdek, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish borasida biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsad Konstitutsiyamizga aniqliklar kiritish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan qonunchilik tashabbuslariga asos bo‘lib xizmat qilganini alohida ta’kidladilar.

Qonun loyihasini moddama-modda muhokama etish chog‘ida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar Konstitutsiyaning 98-moddasida Prezident vakolatlarining bir qismini Bosh vazirga o‘tkazishni, umuman, Vazirlar Mahkamasining vakolat va huquqlarini aniqlashtirish hamda kengaytirishni nazarda tutadigan normalar mustahkamlab qo‘yilishi muhim ekanini qayd etdilar.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining zimmasiga samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosatini amalga oshirish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas’uliyat yuklatilmoqda. Vazirlar Mahkamasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi, qonunda belgilangan tartibda ularning faoliyati nazorat qilinishini ta’minlaydi. Deputatlarning fikricha, O‘zbekistonni siyosiy va konstitutsiyaviy rivojlantirish mantig‘ining o‘zi Vazirlar Mahkamasining mustaqilligi va mas’uliyatini ta’minlashga qaratilgan ushbu qoidalarni taqozo etmoqda.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining a’zolari Konstitutsiyaning 78-moddasidagi Vazirlar Mahkamasining faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha parlament palatalarining roli va vakolatlarini kengaytirishni ko‘zda tutadigan yangi qoidalarga e’tibor qaratdilar.

Deputatlarning fikricha, Bosh vazir lavozimiga nomzod parlamentda uning nomzodi ko‘rib chiqilayotgan va tasdiqlanayotgan paytda hukumatning yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etishi haqidagi normaning Konstitutsiyaga kiritilishi siyosiy partiyalarga hukumatning tutgan yo‘li va dasturlari yoki uning alohida yo‘nalishlari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini aniq belgilab olish imkonini beradi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan ushbu tuzatish demokratik jamiyatning eng muhim tarkibiy qismi bo‘lgan parlamentarizm, ko‘ppartiyaviylik tizimi va partiyalararo raqobat, fraksiyalararo kurashni yanada mustahkamlashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, qonun loyihasida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga doir eng muhim masalalar yuzasidan hukumatning har yili o‘z ma’ruzalarini parlamentga taqdim etish majburiyati nazarda tutilgani ham bunga ko‘maklashadi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining a’zolari Konstitutsiyaning 103-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchalarning alohida dolzarb ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar. Mazkur qo‘shimchalarga muvofiq viloyat, tuman va shahar hokimlarining zimmasiga xalq deputatlari tegishli Kengashlariga viloyat, tuman, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir eng muhim va dolzarb masalalar yuzasidan hisobotlar taqdim etish majburiyati yuklatilmoqda. Xalq deputatlari Kengashlari esa ushbu hisobotlar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qiladi.

Shu tariqa deputatlar vakillik organlarining roli va ahamiyati, ularning jamiyatimiz hayotidagi haqiqiy imkoniyatlari tubdan kuchayadi, shuningdek, mintaqalarni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy rivojlantirishning aniq ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda siyosiy partiyalar, ularning mahalliy Kengashlardagi deputatlar guruhlarining roli ancha oshadi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi deputatlari Konstitutsiyaning 117-moddasiga kiritilayotgan, mamlakatimiz saylov tizimining konstitutsiyaviy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan tuzatishlarning alohida muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar. Ushbu tuzatishlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuzilishi belgilab qo‘yilmoqda. Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, adolatlilikdan iborat asosiy prinsiplari mustahkamlanmoqda. Deputatlarning qayd etishlaricha, ko‘plab rivojlangan demokratik mamlakatlarda saylovlar ijro etuvchi hokimiyat organlari – Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi kabi vazirliklar tomonidan tashkil etiladi. Markaziy saylov komissiyasiga parlament tomonidan tuziladigan mustaqil konstitutsiyaviy organ maqomining berilishi esa fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga saylash va saylanishdan iborat konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishni to‘liq ta’minlaydigan saylov tizimini yanada demokratlashtirish, shuningdek, so‘z erkinligi, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish borasidagi huquqlar kafolatlarini kuchaytirish yo‘lidagi muhim qadamdir.

O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillarining fikricha, Konstitutsiyaning 32-moddasiga kiritilayotgan tuzatishlarda davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati institutining mustahkamlanishi nazarda tutilgani ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi eng muhim vazifalarni hal etishda fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatini ancha kuchaytiradi. Ushbu norma davlat va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlashda, atrof-muhitni muhofaza qilishda, sog‘lom va barkamol yosh avlodni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Ekologik harakatdan saylangan deputatlarning fikricha, qonun loyihasida nazarda tutilgan yangi huquqiy normalarning mamlakatimiz Konstitutsiyasiga kiritilishi parlament palatalaridan fuqarolik jamiyati institutlari bilan ishlash bo‘yicha shakl va usullarni yanada takomillashtirishni talab etadi. Shu munosabat bilan ko‘rib chiqiladigan qonunlar loyihalarini jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish va ochiq muhokama qilish, ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining joylarda ijtimoiy-iqtisodiy sohada yuzaga kelgan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotini eshitib borish kabi faoliyat shakllaridan yanada samaraliroq foydalanishning muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, deputatlar milliy davlatchilik va siyosiy tuzumni yanada mustahkamlash, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa qator konstitutsiyaviy yangiliklarni ham qayd etdilar.

Ularning fikricha, Konstitutsiyaga kiritilayotgan tuzatishlar, o‘z navbatida, deputatlardan demokratik islohot va o‘zgarishlarni muvaffaqiyatli va samarali amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan, hayot talab qilgan qonunlarni qabul qilishni, shuningdek, o‘z saylovchilari bilan ishlashni tubdan yaxshilashni taqozo etadi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan tuzatishlarning hayotga muvaffaqiyatli joriy etilishi fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, ularning siyosiy va huquqiy madaniyatini oshirishni, siyosiy partiyalarning yuksak darajada yetuk, mamlakatimiz taqdiri va kelajagi uchun ulkan mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lishini talab qiladi.

Mazkur hujjat har tomonlama keng muhokama qilish yakunlariga ko‘ra, Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi qonunni qabul qildi.

Bunda deputatlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni keng muhokama qilishni davom ettirish, ularning mazmun-mohiyatini mamlakatimizning barcha fuqarolariga yetkazish zarurligini ta’kidladilar.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining yigirma to‘rtinchi majlisi to‘g‘risida axborot

Toshkent shahrida 2014-yil 28-mart kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Kengashining navbatdagi yigirma to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi va ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.

Majlisda ShHT MATT Kengashining ShHT Davlat rahbarlari kengashiga ShHT MATTning 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi loyihasi ma’qullandi. ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori Chjan Sinfenning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2013-2015-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, shuningdek, ShHT MATT Kengashi qarorlarining amalga oshirilish jarayoni to‘g‘risidagi axboroti tinglandi. ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasining o‘tgan davrdagi faoliyati ijobiy baholandi.

2014-yilning to‘rtinchi choragida ShHTga a’zo davlatlar va ShHTda kuzatuvchi davlatlar o‘rtasida xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasida hamkorlik masalasiga bag‘ishlangan ikkinchi ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishni hamda ularning o‘zaro hamkorligini takomillashtirish maqsadida ShHT MATT Kengashi tomonidan terroristik, separatistik va ekstremistik yo‘lda foydalaniladigan internet resurslarning Yagona reyestri to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Xavfsizlikka ko‘maklashuvchi xalqaro kuchlarning Afg‘oniston Islom Respublikasidan 2014-yilda qisman chiqarilganidan so‘ng ShHTga a’zo davlatlarning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlari kelishib olindi.

ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining internet tarmog‘idan terroristik, separatistik va ekstremistik maqsadlarda foydalanishni aniqlash, oldini olish hamda to‘sib qo‘yish borasidagi o‘zaro hamkorligi mexanizmi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida hamkorlikda o‘tkazilgan “Sharq-Aksilterror – 2014” aksilterror mashg‘ulotlari yakunlariga yuqori baho berildi.

2014-yilda ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining hamkorlikda chegara operatsiyalarini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror ma’qullandi.

Kengash ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi faoliyatini tashkiliy, moliyaviy va kadrlar bilan ta’minlashga doir masalalar yuzasidan qator qarorlar qabul qildi.

ShHT MATT Kengashining navbatdagi majlisini 2014-yil sentabr oyida Tojikiston Respublikasida o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.

Kengash majlisi ishchanlik, amaliy muloqot va do‘stona ruhda o‘tdi.

Ukrainadagi vaziyat va Qrim masalasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining pozitsiyasi

O‘zbekistonning Ukrainadagi voqealar yuzasidan “Jahon” axborot agentligining 2014-yil 4-martdagi bayonotida ifoda etilgan munosabati o‘zgarmasdan qoladi.

O‘zbekiston Respublikasining BMT Nizomi asosiy tamoyillari va xalqaro huquqiy me’yorlardan kelib chiqqan holda “yuzaga keladigan xalqaro bahslarni tinch vositalar bilan hal etish, xalqaro munosabatlarda har qanday davlatning hududiy daxlsizligiga yohud siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch bilan tahdid qilish yoki uni qo‘llashdan tiyilish” borasidagi pozitsiyasi qat’iy va o‘zgarmasdir.

Ushbu prinsipial aniq maqsadli vazifalar zamonaviy bosqichda siyosatimizning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunda o‘z aksini topgan.

O‘zbekiston shu kabi xalqaro muammolarga nisbatan ushbu tamoyillarga rioya qilgan va bundan keyin ham amal qiladi.

Shu bilan birga, bizningcha, bugun Ukraina va Qrimda sodir bo‘layotgan voqealarning oldindan aytish mushkul bo‘lgan oqibatlarini hisobga olgan holda, ukrain va rus xalqlarining asriy yaqinligidan, ma’naviy va madaniy qadriyatlarining, ular o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning tarixan shakllangan mushtarakligidan kelib chiqib, yuzaga kelgan muammolarni o‘zaro maqbul murosali hal etish chorasini topishning yagona to‘g‘ri yo‘li bevosita ikki tomonlama muzokaralar olib borishdir.

Bunday holatda vaqt qancha ko‘p o‘tsa, shuncha ko‘p qarama-qarshiliklar yuzaga keladi va vaziyat murakkablashadi.

Iqtisodiyot

Ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro foydali integratsiyasi

Poytaxtimizdagi “O‘zko‘rgazmasavdo” markazida innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Toshkent shahar hududiy yarmarkasi ochildi.

Tadbir Prezidentimiz Islom Karimovning 2008-yil 15-iyulda qabul qilingan “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilmoqda.

Unda iqtisodiyotimizning ko‘plab tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy muassasalar, oliy o‘quv yurtlari, ilmiy markazlar, tajriba-konstruktorlik tashkilotlari, banklar ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.Solihov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari F.Ziyoyev va boshqalar mamlakatimizda milliy iqtisodiyotimizning ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan islohotlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiya aloqalarini kengaytirish hisobidan real sektor tarmoqlarini modernizatsiya qilish bu borada ko‘zlangan maqsadlarga erishishda katta ahamiyatga ega. An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan innovatsiya yarmarkasi olimlar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Navbatdagi innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Toshkent shahar hududiy yarmarkasi buni yana bir karra tasdiqladi. Unda avvalgi yarmarkalarda taqdim etilgan va yangi, yuqori innnovatsiya salohiyatiga ega 260 dan ziyod ishlanma va loyiha namoyish etilmoqda.

Ekspozitsiyaning katta qismini Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari – Mikrobiologiya instituti, Bioorganik kimyo instituti, “Fizika-quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Genomika va bioinformatika markazi va boshqa muassasalar ishlanmalari tashkil etadi. Bu ishlanmalar asosan real iqtisodiyotimiz tarmoqlarining dolzarb masalalarini hal etish, innovatsiya ishlanmalarini yaratish, import o‘rnini bosadigan va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan.

– Institutimiz innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida muntazam ishtirok etib kelmoqda, – deydi Mikrobiologiya instituti direktori X.Hamidova. – Bugun bioo‘g‘it, oshqozon-ichak kasalliklarini davolash va oldini olish uchun mo‘ljallangan biopreparatlar, oqova suvlarni tozalash texnologiyalari kabi o‘n ikkita eng dolzarb ishlanmani namoyish etmoqdamiz. Tadbirda fermerlar bilan shartnoma tuzib, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz.

Bu yerda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining intellektual mahsulotlari ham keng namoyish etilayotir. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Toshkent davlat agrar universiteti va boshqa oliy o‘quv yurtlari qiziqarli loyihalarni taklif etmoqda.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan taqdim etilgan ishlanmalar orasida yaroqsiz holga kelib qolgan yaylovlarni qayta tiklash va ularning unumdorligini 100 foiz oshirish imkonini beradigan texnologiyalar katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shuningdek, tog‘ yonbag‘irlardagi yemirilgan yerlarda dehqonchilik qilish uchun tuproqni himoya qiladigan landshaft tizim, tuproq unumdorligini oshirish uchun mo‘ljallangan sabzavot va dukkakli ekinlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga qo‘l keladi.

Toshkent arxitektura-qurilish instituti ham ko‘plab qiziqarli g‘oyalarni taklif etgan. Yirik shaharlarda zamonaviy avtomobillar to‘xtash joyi, Andijon temir yo‘l vokzali qurilishi loyihalari shular jumlasidandir.

– Bu yerda taqdim etilgan ishlanmalar bitiruvchi talabalar tomonidan tayyorlangan, – deydi institut prorektori Ya.Husanboyev. – Bugungi kunda bunday zamonaviy loyihalarga talab ortib borayotir. Negaki, mamlakatimizda yirik imoratlar qurilmoqda, ko‘prik va yo‘llar kengaytirilmoqda. Talabalarimiz o‘z g‘oyalarini taklif etganidan xursandmiz va ularning ro‘yobga chiqishiga ishonamiz.

Bundan tashqari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalarining yangi g‘oya hamda texnologiyalar asosida ishlab chiqargan mahsulotlari ham e’tiborga loyiq. Masalan, “Magnum medical servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tibbiyot uskunalari, “Bekman-plyus” korxonasi tibbiyot buyumlari va vositalari, “Proton” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi vitaminlarga boy yangi preparatlar, “Le Asssante Cosmetics” mas’uliyati cheklangan jamiyati har xil gigiyenik sovunlar namoyish etmoqda.

Ushbu hududiy yarmarkada ilk bor ishtirok etayotgan korxonalar ham o‘z loyihalari bilan qatnashmoqda. Turli mahsulotlar tayyorlash uchun sintetik tola ishlab chiqarayotgan “Reprocessing Uz” qo‘shma korxonasi shulardan biridir. Qo‘shma korxona direktori X.Qozoqxonovning aytishicha, mahsulot ishlab chiqarishda qayta ishlash jarayonida sintetik tolaga aylanadigan oddiy plastik idishdan xomashyo sifatida foydalanilmoqda. Bu mahsulotni turli maishiy maqsadlarda, to‘qimachilik buyumlari, kovralan tayyorlashda qo‘llash mumkin. Bunday mahsulotlar bu yerga tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirishda samarali mexanizm sifatida xizmat qiladigan Toshkent shahar hududiy yarmarkasi bilan uch yuzdan ziyod sanoat korxonasi vakillari, oliy o‘quv yurtlari talabalari, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari tanishadi.

Jamiyat

Sog‘lom kelajak sari

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va BMTning OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda dunyoda 35 million nafardan ziyod inson immunitet tanqisligi virusini yuqtirgan. Har kuni qariyb 7 ming kishi, jumladan, bolalar XXI asr vabosi qurboniga aylanmoqda. Bu mazkur kasallikka qarshi kurashish bo‘yicha amaliy choralar qabul qilish zaruratini anglatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitalarining O‘zbekiston Respublikasida OIV/OITS tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga bag‘ishlangan eshituvida shu haqda so‘z yuritildi.

Unda deputatlar, senatorlar, vazirlik va idoralar, xalqaro va nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz OITSga qarshi global kurashda faol ishtirok etayotgani alohida ta’kidlandi. O‘zbekistonda BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlari va OIV/OITS bo‘yicha deklaratsiyasini amalga oshirishga oid majburiyatlar doirasida aholi salomatligini muhofaza qilish, yuqumli kasalliklar bo‘yicha sanitariya-epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar hayotga tatbiq etilmoqda.

Mamlakatimizda yaratilgan mustahkam me’yoriy-huquqiy baza belgilangan maqsadlarga erishishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining 1999-yilda qabul qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning (OIV kasalligining) oldini olish to‘g‘risida”, 2013-yilda qabul qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlari, Prezidentimizning 2008-yil 26-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashning samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 5-yanvardagi “OITSga qarshi kurash markazlarining tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va boshqa qator hujjatlar bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Eshituvda ekspertlar qayd etganidek, so‘nggi yillarda jahon hamjamiyatida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish masalalariga yondashuv tubdan o‘zgarib, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilikning o‘zaro hamkorligiga talab oshib bormoqda.

Ijobiy natijaga erishish yo‘lidagi shunday hamjihatlikni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan 2013-2017-yillarda OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha strategik dastur misolida ko‘rish mumkin. Dasturda kasallikka chalinish holatlarini qisqartirish va bemorlarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordam sifatini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan kompleks tadbirlarning amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu maqsadga erishishda tibbiy xodimlar kasb mahoratini oshirish va barcha tibbiyot muassasalari faoliyatini takomillashtirish muhim o‘rin tutadi.

Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil tushuntirish ishlari mazkur kasallikning oldini olish va barqaror epidemiologik vaziyatni saqlashga yordam berayotganini ta’kidladi. Ushbu jarayonda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda jamoat tuzilmalari ham faol ishtirok etayotir. Buning samarasida aholining kasallik to‘g‘risidagi xabardorligi oshib, tibbiy ko‘rikdan o‘tayotganlar soni o‘sib bormoqda.

Eshituv yakuni bo‘yicha OIV infeksiyasini erta aniqlash va uning tarqalishining oldini o‘z vaqtida olishga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirish, shuningdek, kasallikning tarqalishiga qarshi kurashda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Texnologiyalar

Yana bir yangi qulaylik

Poytaxtimizda Teclot.com yagona elektron savdo maydoni taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda yagona biznes makon tashkil etish masalaci muhokama qilindi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan “Uzbekistan Industrial Forum – 2014” oltinchi xalqaro sanoat forumi doirasida tashkil etildi.

Prezidentimizning mamlakatimizni 2013-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, jahon bozoriga chiqish, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish muhimligi alohida ta’kidlangan edi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda yangi axborot kommunikatsiya-texnologiyalarini joriy qilish, xususan, mahsulot eksport qiladigan korxonalarni elektron savdo maydonlariga jalb etish muhim o‘rin tutadi. Buning samarasida mazkur korxonalarning tashqi iqtisodiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bo‘lajak xaridorlarni topish va o‘z mahsulotlarini taklif etish uchun zarur qulayliklar yaratiladi.

Teclot.com yagona elektron savdo maydoni ushbu imkoniyatlarni taqdim etishi mumkin. Yevropa, Osiyo, Amerika, Afrika, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari kompaniyalarini birlashtiradigan ushbu savdo maydoni tizimi 9 tilda xizmat ko‘rsatadi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining elektron savdoda ishtirok etishi ularning tijorat faoliyatini sezilarli ravishda yengillashtirib, mahsulot eksport qilishiga katta imkoniyatlar yaratadi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, tovarlarni internet savdo orqali taklif etish natijasida ularning faoliyat samaradorligi 50-80 foizga oshadi. Yangi tahrirdagi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun sohani huquqiy tartibga solishni takomillashtirishga yordam beradi.

Tadbir davomida ishtirokchilar Teclot.com yagona elektron savdo maydonining ishlash prinsiplari bilan batafsil tanishtirildi.

Sport

Taekvondochilarimizning Xitoydagi g‘alabasi

O‘zbekistonlik taekvondochilar Xitoy Taypeyida taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionati va joriy yilning 16-28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahri mezbonlik qiladigan II o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi vakillari, sport jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari xodimlari va muxlislar kutib oldi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni, jumladan, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida mamlakatimiz yoshlari orasidan xalqaro maydonlarda yuksak marralarni zabt etishga qodir iste’dodli sportchilar voyaga yetmoqda.

Dunyoning yuzdan ortiq davlatidan ming nafardan ortiq sportchi ishtirokida o‘tkazilgan nufuzli musobaqaning o‘smirlar Olimpiadasiga litsenziya beruvchi turnirida Umida Abdullayeva Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. U vazni 63 kilogrammdan yuqori bo‘lgan qizlar bahsida Bahrayn, Meksika, Ukraina va AQSh vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi va o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlarida qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.

Jahon chempionatida qatnashgan yana bir sportchimiz Valentin Xegay 48 kilogramm vazn toifasidagi bahslarda Germaniya, Afg‘oniston, Rossiya va Janubiy Koreya taekvondochilarini yengib, bronza medal bilan taqdirlandi.

– Nufuzli musobaqalarda erishayotgan g‘alabalarimiz mamlakatimizda yoshlarning jismonan va ma’nan sog‘lom insonlar bo‘lib kamol topishi, iqtidor va iste’dodini namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir, – deydi U.Abdullayeva. – Niyatim, Xitoyning Nankin shahrida bo‘ladigan II o‘smirlar Olimpiadasida ham munosib ishtirok etib, Prezidentimiz, xalqimiz ishonchini oqlash.

Axborot manbasi: O‘zA

18 aprel 2014 yil, O`qilgan :8709



Xabar qoldirish

Agar Sizda universitetimiz faoliyati bo`yicha masalalar/muammolar,
ariza, shikoyat yoki takliflar bo`lsa
virtual qabulxona
orqali qoldirishingiz mumkin

Ushbu sahifa bo`yicha fikringizni esa quyida qoldirishingiz mumkin



Ismi sharifingiz:

E-mail:

Fikringiz :
Ximoya kodini kiriting :


Bizning loyihalar