library.tdpu.uz     majmua.tdpu.uz     eDarslik.tdpu.uz     asofaviy ta`lim     Pedagog     Ota-onalar uchun     Kirish          

18 aprel 2014 yil, 7,069
.

Ахbоrоt sоатi матеriаllаri 29–sоn

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Senatorlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan parlament muhokamasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar.

Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Senatorlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan parlament muhokamasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar. Ushbu Qonun davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21-yilligiga bag‘ishlangan tantanali majlisidagi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab bergan ma’ruzasida bayon etilgan qoidalar va g‘oyalarga muvofiq tayyorlangan va qabul qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar hokimiyat va boshqaruv tizimini yanada demokratlashtirish, “Kuchli davlatdan – kuchli fukarolik jamiyati sari” prinsipi bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining davlat hokimiyati organlari tizimidagi rolini, ichki va tashqi siyosatning strategik vazifalarini ro‘yobga chiqarishdagi huquqlari hamda vakolatlarini kengaytirish, qonun chiqaruvchi oliy organ, hokimiyat vakillik organlarining Vazirlar Mahkamasi va ijro etuvchi organlar faoliyati ustidan nazorat qilish, shuningdek, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini amalga oshirish uchun hukumatning, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mas’uliyatini oshirish maqsadida kiritilmoqda.

Senatorlar ushbu Qonun qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyatlarining bo‘linishidan iborat konstitutsiyaviy prinsipni amalga oshirishning muhim omili bo‘lishini alohida qayd etdilar.

Asosiy Qonunga parlament nazorati instituti kiritilmoqda.

Bosh vazir lavozimiga nomzod parlamentda uning nomzodi ko‘rib chiqilayotgan va tasdiqlanayotgan paytda hukumatning yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etishi haqidagi normaning Konstitutsiyaga kiritilishi demokratik jamiyatning eng muhim tarkibiy qismi bo‘lgan parlamentarizm, ko‘ppartiyaviylik tizimi va partiyalararo raqobat, fraksiyalararo kurashni yanada mustahkamlashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Qonunda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga doir eng muhim masalalar yuzasidan hukumatning har yili o‘z ma’ruzalarini parlamentga taqdim etish majburiyati ham nazarda tutilmoqda.

Senatorlar Konstitutsiyaning 98-moddasida Vazirlar Mahkamasining vakolatlari va huquqlarini aniqlashtirishni va kengaytirishni nazarda tutadigan normalarning mustahkamlab qo‘yilishi muhimligini ta’kidladilar.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining zimmasiga samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy siyosatni, pul-kredit siyosatini amalga oshirish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun mas’uliyat yuklatilmoqda. Vazirlar Mahkamasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi, qonunda belgilangan tartibda ularning faoliyati nazorat qilinishini ta’minlaydi. Senatorlar ta’kidlaganlaridek, O‘zbekistonni siyosiy va konstitutsiyaviy rivojlantirish mantig‘ining o‘zi Vazirlar Mahkamasining mustaqilligi va mas’uliyatini ta’minlashga qaratilgan ushbu qoidalarni taqozo etmoqda.

Konstitutsiyaning 32-moddasiga kiritilayotgan tuzatishlar ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi g‘oyat muhim vazifalarni hal qilishda fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatini ancha kuchaytiradi. Ushbu moddaning O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanligini belgilab beradigan normasi bu huquq davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan ham amalga oshirilishi haqidagi norma bilan to‘ldirilmoqda.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mustaqilligini va ayni vaqtda vakillik organi oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida Konstitutsiyaning 103-moddasi viloyat, tuman va shahar hokimining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etish majburiyatini belgilaydigan norma bilan to‘ldirilmoqda. Ushbu hisobotlar bo‘yicha xalq deputatlari Kengashlari tegishli qarorlar qabul qiladi.

Senatorlar Konstitutsiyaning 117-moddasiga kiritilayotgan tuzatishlar alohida ahamiyatga egaligini ham ko‘rsatib o‘tdilar. Bu tuzatishlar parlament tomonidan tuziladigan mustaqil konstitutsiyaviy organ sifatidagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini tashkil etish, uning ishlashi va maqomining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlab qo‘ydi. Konstitutsiyada Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, odillikdan iborat asosiy prinsiplari mustahkamlanmoqda. Bularning barchasi saylov tizimini yanada demokratlashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘zga chiqqan senatorlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Qonunning qoidalari chet ellik siyosiy arboblar va mutaxassislar tomonidan yuqori baholanayotganligini, ular bu yangiliklar eng demokratik talablarga va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mosligini ta’kidlayotganliklarini ko‘rsatib o‘tdilar.

Shundan keyin senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunni ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. Ushbu Qonunga muvofiq amaldagi qonun hujjatlarining normalari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiqlashtirildi.

Yuqoridagi qonunlarni muhokama qilish jarayonida senatorlar qayd etganlaridek, ularning qabul qilinishi, shuningdek, O‘zbekistonda demokratik islohotlarni izchil ro‘yobga chiqarish mamlakatning barqarorligi va uning rivojlanishini ta’minlashdagi hal qiluvchi omil bo‘ladi. Shu bilan bir qatorda, davlatimiz rahbarining mamlakatni yanada demokratlashtirish hamda fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi tashabbuslarini amalga oshirish muhim xalqaro ahamiyatga ega.

Senatorlar xalqaro vaziyat nuqtai nazaridan kelib chiqib, butun jahon hamjamiyati qatori O‘zbekiston ham Ukraina va uning atrofidagi vaziyatdan tashvishlanmasligi mumkin emasligini ta’kidladilar. Senatorlar ushbu masala bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligining shu yil 4 va 24-martdagi bayonotlarida bildirilgan pozitsiyani qo‘llab-quvvatlab, Ukrainada yuz berayotgan voqealar vaziyatning jiddiy murakkablashuviga hamda qarama-qarshilikka olib kelgani barobarida, ular tanglikning yanada kuchayishini, oldindan aytish mushkul bo‘lgan oqibatlarni keltirib chiqarishi, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga jiddiy xavf solishi mumkinligi O‘zbekistonda chuqur xavotir va tashvish uyg‘otmasligi mumkin emasligini qayd etdilar.

Senatorlar yuzaga kelgan vaziyatning bartaraf etilishini, eng avvalo, kuch ishlatishlar qo‘llanilishidan voz kechilgan holda, vujudga kelgan muammolar tinch yo‘l bilan, siyosiy vositalar va sa’y-harakatlardan foydalanilgan tarzda, xalqaro huquqning asosiy me’yorlariga hamda BMT Nizomiga asoslangan holda, muzokaralar yo‘li bilan hal etilishida ko‘riladi, degan fikrni bildirdilar.

Senatorlar Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini ijro etish yuzasidan tayyorlangan"Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ushbu Qonun fuqarolarning davlat organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga, ular faoliyatining shaffofligini, ochiqligini ta’minlashga, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va ular mansabdor shaxslarining qabul qilinayotgan qarorlar sifati uchun javobgarligini oshirishga qaratilganligi ko‘rsatib o‘tildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 18-iyuldagi “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini yangi tahrirda ko‘rib chiqdilar.

Qonun korporativ boshqaruv va nazorat organlarining vakolatlarini, huquqlari va mas’uliyatini yanada aniq belgilab qo‘yishga, bozor munosabatlarini qo‘llanish amaliyotini hamda ularni rivojlantirishning yangi real voqeliklarini hisobga olgan holda aksiyadorlik jamiyatlari kuzatuv kengashlari, umumiy yig‘ilishlari va taftish komissiyalarining rolini hamda ahamiyatini oshirishga, aksiyadorlik kompaniyalari faoliyatining shaffofligini va hamma aksiyadorlar va potensial investorlar uchun aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga doir axborotdan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilganligi qayd etildi.

Senatorlarning fikricha, Qonun bozor islohotlarini yanada demokratlashtirishga hamda aksiyadorlik jamiyatlarining faoliyatini liberallashtirishga, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirishga, o‘rta mulkdorlar sinfining iqtisodiyotdagi ahamiyatini va ishtirokini oshirishga, moliya bozorida raqobatni yanada chuqurlashtirishga, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga yordam beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar. Yalpi majlisda ushbu Qonun huquqbuzarliklar profilaktikasining huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishga, huquqbuzarliklar profilaktikasi subyektlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar o‘zaro hamkorligining samaradorligini oshirishga, ularning faoliyati muvofiqlashtirilishini, ko‘rilayotgan choralarning tizimliligini va batartibligini ta’minlashga, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalarini tartibga soladigan ko‘p sonli huquqiy normalarni birxillashtirishga qaratilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Parlament yuqori palatasi vakillarining fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida yaxlit normativ-huquqiy baza shakllantirilishini ta’minlash imkonini beradi, joylarda huquq-tartibotni yanada mustahkamlashga, jamoat tartibi saqlanishini, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydigan samarali, ko‘p bosqichli profilaktika tizimini yaratishga yordam beradi.

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 30-noyabrdagi “Sudlarning faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni va 2012-yil 29-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoyishi qoidalarini amalga oshirish doirasida tayyorlangan yangi tahrirdagi Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Majlisda qayd etilganidek, ushbu Nizomning normalari sudyalar lavozimlariga nomzodlarni tanlash, tayyorlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari tizimini, barcha darajalardagi sudyalarning malaka kollegiyalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirishga, sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan.

Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar. Qonunning asosiy maqsadi ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy sohalardagi va sud-huquq sohasidagi amaldagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdan iborat.

Qonun bilan bir qator qonunlarga: “Notariat to‘g‘risida”gi, “Aloqa to‘g‘risida”gi, “Sud hujjatlarini va boshqa organlarning hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi, “Qonun loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunlarga, Jinoyat, Fuqarolik kodekslariga, boshqa bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqib, tasdiqladilar. Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning mansabdor shaxslari tomonidan inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini chuqurlashtirish choralarini amalga oshirishga, bu sohadagi qonun hujjatlari takomillashtirilishiga yordam berishga qaratilganligi qayd etildi.

Huquqiy madaniyatni oshirish va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va sud tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, ular faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qator tadbirlar ro‘yobga chiqarildi.

Ombudsman tomonidan fuqarolarning o‘z huquqlari va erkinliklari buzilayotganligi to‘g‘risidagi shikoyatlari va murojaatlarini ko‘rib chiqishga, bu huquq va erkinliklarni tiklash bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rishga alohida e’tibor berildi. So‘nggi vaqtlarda murojaatlarni elektron pochta orqali qabul qilish amaliyoti kengayib bormoqda. Shu bilan bir qatorda aholi o‘rtasida murojaatlarning boshqa shakli – Ombudsman va uning Kotibiyati xodimlarining shaxsiy qabuli ham keng amal qilmoqda.

Muhokama asnosida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan bir qator istak va tavsiyalarni bayon etdilar.

Yalpi majlisning ikkinchi kunini senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotinimuhokama qilishdan boshladilar. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2013-yildagi faoliyati Davlat rahbari tomonidan 2013-yil 18-yanvarda bo‘lib o‘tgan, 2012-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2013-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida belgilab berilgan vazifalar asosida amalga oshirilganligi qayd etildi. Hisobot yilida Hisob palatasi tomonidan mamlakatning turli vazirliklari va idoralarida 43 ta yo‘nalish bo‘yicha 252 ta obyektda nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Byudjet qonunchiligiga muvofiq Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etish ustidan respublika miqyosida ham, mahalliy ko‘lamda ham tizimli nazorat tashkil etildi, byudjet mablag‘laridan foydalanishning qonuniyligi, samaradorligi va maqsadga muvofiqligi tekshirildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi byudjetdan tashqari fondlarining Davlat byudjetida jamlanadigan mablag‘lari to‘liq shakllantirilishi, maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan uzluksiz nazorat amalga oshirib borildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida hisobot yilida davlat yoki xo‘jalik yurituvchi subyektlarning manfaatlariga yetkazilgan yetmish milliard so‘mdan ko‘proq zararning o‘rni qoplanishiga erishildi.

Masalani muhokama qilish jarayonida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining nazorat tadbirlarini kuchaytirish hamda ularning samaradorligini oshirish, moliyaviy huquqbuzarliklarni qisqartirish va kelgusida ularning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishga qaratilgan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining hisobotinimuhokama qilish vaqtida ko‘rsatib o‘tilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2013-yildagi faoliyati atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini ta’minlashga, mamlakatimizda ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirishga qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 29-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2012-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqida”gi Qarorini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan tadbirlar dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan ushbu dasturning 14 ta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha 48 ta tadbirning bajarilishi ta’minlandi. 2013-2017-yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha harakat dasturini, shuningdek, uning asosida qabul qilingan hududiy dasturlarni ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor berildi.

Tabiatni muhofaza qilish tadbirlarining bajarilishi natijasida mamlakatning sanoat korxonalarida atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarib tashlash ancha miqdorda – 111,6 tonnaga qisqartirildi. Mamlakat mintaqalaridagi ijtimoiy ahamiyatga molik obyektlarda qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish borasida aniq maqsadli ishlar olib borilmoqda. Chunonchi, Farg‘ona, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Xorazm, Samarqand, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarining bir qator ijtimoiy ahamiyatli obyektlarida quyosh fotoelektrik stansiyalarini tayyorlash, montaj qilish va o‘rnatish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari tugallandi.

Hisobotni muhokama qilish asnosida senatorlar Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining faoliyatini yanada takomillashtirish, uning atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha harakatlar dasturlarini ro‘yobga chiqarish borasidagi ishining samaradorligini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan ta’sirchan ekologik nazorat o‘rnatish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalarni bayon etdilar.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2013-yilda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyatidagi qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotini tingladilar. O‘tgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar faoliyatida qonuniylikni ta’minlash va mustahkamlash, shuningdek, qonun ijodkorligini yanada takomillashtirish, jamiyatda huquqiy ongni va huquqiy madaniyatni oshirish bo‘yicha muayyan ishlar qilinganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ayrim davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotini monitoring qilib borish doirasida vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari tomonidan taqdim etilgan mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertiza qilingan. Idoraviy norma ijodkorligi sohasida vazirlik va idoralarning 403 ta hujjati davlat ro‘yxatidan o‘tgan.

Bunda monitoring asnosida aniqlangan qonun hujjatlarini buzish hollarini bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish bosh boshqarmasi tomonidan 18 ta davlat tuzilmasi tizimida 16 ta monitoring tekshiruvi o‘tkazilib, ularning natijalari bo‘yicha davlat tuzilmalari faoliyatida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan aniq choralar ko‘rilgan.

Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha adliya organlari tomonidan qoidabuzarliklarni, shuningdek, ularning sodir etilishiga imkon beradigan sabablar va sharoitlarni bartaraf etishga, jamiyatda qonunning, qonuniylikning ustunligini qaror toptirishga qaratilgan 957 ta ta’sir ko‘rsatish chorasi ko‘rilgan. Manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralariga idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarda aniqlangan kamchiliklarni to‘ldirish hamda ziddiyatlarni bartaraf etishga qaratilgan 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish taklif qilingan, ularning norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha aniq choralar amalga oshirilgan.

Muhokama jarayonida senatorlar davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatida qonuniylikka rioya etilishi ustidan tizimli nazoratni kuchaytirish, shuningdek, davlat boshqaruvi organlarining norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan bir qator tavsiyalar va takliflarni bildirdilar.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish masalalarini, shuningdek, Oliy Majlis Senati vakolatlariga kiradigan boshqa masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Ko‘rib chiqilgan hamma masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Senatning ikki kunlik majlisida 16 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun ko‘rib chiqildi. Demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil chuqurlashtirib borish, davlat hokimiyati tizimini modernizatsiyalash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish ishida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)»gi hamda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunlarning qabul qilinganligi g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Senat tomonidan ko‘rib chiqilgan va ma’qullangan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi, yangi tahrirdagi «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarni va boshqa qonun hujjatlarini ro‘yobga chiqarish bozor islohotlarini, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, aholi turmush darajasini oshirish, mamlakatimizda xavfsizlikni, barqarorlikni va farovonlikni ta’minlashning muhim omili bo‘ladi.

Jamiyat

El suygan shoir

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Muhammad Yusuf tavalludining 60-yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.

Unda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi A.Mamatov, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori B.Sayfullayev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ma’naviyatimizning ajralmas qismi bo‘lgan badiiy adabiyot rivoji davlatimiz, jamiyatimiz e’tiborida bo‘lib kelayotganini ta’kidladi. Bu boradagi sa’y-harakatlarda samarali faoliyat ko‘rsatgan ijodkorlar mehnatini qo‘llab-quvvatlash, ularning asarlarini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar orasida keng targ‘ib etish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2013-yil 27-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 60-yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra shoir ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan adabiy kechalar, davra suhbatlari, ma’rifiy anjumanlar, mushoiralar bo‘lib o‘tmoqda.

– Muhammad Yusuf sodda, samimiy, xalqchil, shu bilan birga teran mushohadaga boy she’rlari bilan xalqimiz ko‘nglidan joy olgan ijodkor, – deydi mazkur institut dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Hamdam Ismoilov. – So‘zning badiiy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanish, tuyg‘ular tiniqligi, ruhiyat manzaralarini lo‘nda va ravon ifodalash shoir ijodiy uslubining asosiy xususiyatidir.

Ijodiy kechada shoir ijodining yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni har jihatdan komil insonlar etib voyaga yetkazishdagi o‘rni va ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi. Vatan, istiqlol, olijanob tuyg‘ular tarannum etilgan she’rlaridan namunalar o‘qildi. Kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Sifat va samaradorlik yuksalmoqda

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida xalqimizni sifatli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tibbiy-ijtimoiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar o‘zining yuksak samarasini bermoqda. Aholi salomatligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar jarayonida «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi ham faol ishtirok etayotir.

– Xalqimizni sifatli dori-darmon bilan ta’minlash faoliyatimizning asosiy mezoni, – dedi «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi raisi Abdug‘ani Komilov. – Kompaniyamiz tarkibida sakkizta aksiyadorlik jamiyati va o‘nta sho‘ba korxona mutaxassislari shu maqsad yo‘lida faol ish olib bormoqda. Keyingi yillarda dori-darmon yetkazib berish va saqlash sharoitini yanada yaxshilash maqsadida joylarda zamonaviy dorixonalar, omborxonalar, logistika markazlari barpo etilmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida maydoni 6,5 ming kvadrat metrlik, xalqaro standartlarga to‘la mos keladigan farmatsevtika ombori, Guliston shahrida logistik markaz qurib bitkazildi.

Anjumanda kompaniya tizimida faoliyat yuritayotgan dorixonalarning yetmish foizdan ko‘prog‘i qishloq joylarda ochilgani alohida ta’kidlandi. Aholini sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash maqsadida 2010-yildan boshlab mintaqalarda maxsus jihozlangan «ISUZU» rusumli izotermik avtofurgonlarda 14 ko‘chma dorixona tashkil etildi. Ular tomonidan 2013-yilda qiymati bir milliard 550 million so‘mdan ko‘proq, joriy yilning birinchi choragida esa qariyb 412 million so‘mlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari savdosi amalga oshirildi.

Tadbirda kompaniya faoliyatini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan loyihalar xususida ma’lumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi.

Texnologiyalar

Interaktiv davlat xizmatlari rivojlanmoqda

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida axborot sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini hayotga keng joriy etish va yanada rivojlantirish imkonini bermoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 27-iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bilan tasdiqlangan 2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish dasturining qabul qilinishi mamlakatimizda axborot resurslari, tizimlari va tarmoqlarini jadal rivojlantirishga xizmat qilayotir.

my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mamlakatimiz axborot-kommunikatsiya tizimining istiqbolli loyihalaridan. 2013-yil 1-iyuldan ishga tushirilgan ushbu portal davlat organlarining aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro hamkorligining qulay, samarali vositasiga aylandi.

Mazkur loyiha “Obod turmush yili” Davlat dasturi va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrda qabul qilingan “Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni hisobga olgan holda Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirildi. Yagona portalning yaratilishi mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish va rivojlantirishning navbatdagi bosqichi bo‘ldi.

– Bugungi kunda yagona portal orqali yigirmadan ortiq yo‘nalish bo‘yicha 170 dan ziyod interaktiv xizmatdan foydalanish mumkin, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi huzuridagi «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazining ixtisoslashtirilgan tarkibiy bo‘linmalar faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i E.Rahmonov. – Ular orasida avtomatik rejimda taqdim etiladigan interaktiv xizmatlar ham bor. Masalan, jismoniy va yuridik shaxslarning statsionar telefon aloqa xizmatlari hamda internetga ulanishi, soliq bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risida davlat soliq xizmati organlaridan ma’lumotnoma olish, telekommunikatsiya sohasida litsenziya olish va boshqa xizmatlar shular jumlasidandir.

Portalda aholi murojaatlarini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari portal orqali davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi davlat hokimiyati organlariga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, bu yerda ma’lumotnomaga oid axborot topish, foydalanuvchilarga ularning murojaat va arizalari davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi qaysi bosqichda ekanini bilish imkonini beradigan “Statistika” modulidan foydalanish mumkin.

Portalga Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlari, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari ulangan. Fuqarolar o‘z murojaatlarini yashash joyi bo‘yicha taqdim etishi mumkin. Bu mahalliy ahamiyatga ega masalalarni tezkorlik bilan hal etish imkonini beradi. Bunga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari komputerlashtirish markazi bilan hamkorlikda tuman rahbarlarini “Elektron hukumat” tizimiga jalb qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tashkiliy tadbirlar tufayli erishilmoqda.

Qisqa muddatda sayt orqali davlat organlariga jo‘natilgan murojaatlar soni 11,5 mingtani tashkil etdi. Shuning qariyb 83 foizi ko‘rib chiqilgan va fuqarolarga tegishli javoblar qaytarilgan. Portaldan ayniqsa jismoniy shaxslar ko‘proq foydalanayotir. Jami murojaatlarning 88 foizi aynan ulardan kelib tushgan. Murojaatlarning ko‘p qismi Toshkent shahar hokimligi, Ichki ishlar, Adliya, Xalq ta’limi vazirliklari va Davlat soliq qo‘mitasiga yuborilgan.

– Birgina ma’lumotnoma olish uchun Toshkent viloyatidan Surxondaryoga borib kelishimga to‘g‘ri kelardi, – deydi Toshkent viloyatida yashovchi M.Turdiyeva. – Biroq my.gov.uz portalida ro‘yxatdan o‘tib, ushbu masalani uydan chiqmay turib internet yordamida hal qildim. Ham vaqtim tejaldi, ham mablag‘ yonimda qoldi. Yaratilgan bunday qulayliklardan mamnunmiz.

Yagona portaldan foydalanuvchilar orasida yuridik shaxslar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Tadbirkorlar portal qulayliklari va imkoniyatlariga yuqori baho bermoqda.

– Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ayniqsa tadbirkorlarga katta qulayliklar yaratmoqda, – deydi “Olplast” qo‘shma korxonasi direktori N.Zaynobiddinov. – Endi turli tartib-taomillardan qulay va tez o‘tish imkoniyati mavjud. Masalan, yagona portal tufayli eksport shartnomasini tuzishga xulosa berish masalasi juda qisqa muddatda o‘z yechimini topdi. Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi xodimlari o‘n kundan so‘ng elektron pochta orqali menga tegishli javobni yubordi.

Yagona portal muntazam takomillashtirib borilmoqda. Jumladan, ulanayotgan tashkilotlar soni ortib, qo‘shimcha imkoniyat va xizmatlar ishlab chiqilmoqda, portal orqali ish sifati va qulaylik darajasi oshmoqda. Davlat organlarining mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda portal modullaridan samarali foydalanilmoqda, o‘quv mashg‘ulotlari va seminarlar o‘tkazilmoqda.

O‘zaro aloqalarni yaxshilash va davlat organlarining murojaatlar ustida ishlashi xususida foydalanuvchilar fikrini inobatga olish maqsadida “Baholash” servis xizmatidan foydalangan holda, portalda murojaatga qaytarilgan javobga izoh berish imkoniyati yaratildi. Ushbu tizim davlat organlarining fuqarolar murojaatlarini to‘liq va sifatli ko‘rib chiqishini ta’minlashga yordam beradi.

Yagona portal foydalanuvchilari uchun murojaatlarni davlat organlariga jo‘natadigan Android platformasidagi maxsus mobil ilova ishlab chiqildi. Ular uyali aloqa telefoniga keladigan SMS-xabar orqali o‘z murojaatlarining ko‘rib chiqilishi qaysi bosqichda ekanidan xabardor bo‘lishi mumkin. Yagona portalning axborot-ma’lumot xizmati faoliyati ham alohida e’tiborga loyiq. Mazkur xizmat mutaxassislari interaktiv xizmatlardan foydalanishga oid ma’lumotlarni taqdim etishdan tashqari telefon orqali fuqarolardan murojaatlarni qabul qilib, tegishli davlat muassasasiga jo‘natadi.

Bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘plab xizmatlar uchun to‘lovlarni mobil telefoni orqali to‘lash imkonini bermoqda. Yaqin vaqtlarda foydalanuvchilar real vaqt rejimida “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi xizmatlari to‘lovini ham portal orqali amalga oshirishi mumkin. Bundan tashqari, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi mutaxassislari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda davlat bojlari hamda boshqa yig‘imlarni on-layn usulda to‘lash masalalarini ko‘rib chiqayotir.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotganining yorqin dalilidir. Portalni takomillashtirish borasida olib borilayotgan izchil ishlar, shubhasiz, tez orada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari fuqarolar hamda yuridik shaxslar bilan real vaqt rejimida yanada samarali hamkorlik qilishiga yordam beradi.

Sport

O‘zbekiston sportchilari Olimpiadaga yo‘llanma oldi

Toshkentda davom etayotgan sport gimnastikasi bo‘yicha o‘smirlar va qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida sportchilarimiz Xitoyning Nankin shahrida bo‘ladigan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlariga ikkita yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda sportni, jumladan, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik jismonan va ma’nan sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir yosh sportchilarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu qit’amizning 22 davlatidan eng kuchli sportchilar ishtirok etayotgan Osiyo chempionatida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Osiyo chempionatida o‘g‘il bolalar o‘nta, qizlar to‘qqizta olimpiya yo‘llanmasi uchun raqobatlashdi. Qoida bo‘yicha har bir mamlakat ko‘pi bilan ikkita yo‘llanma olishi mumkin.

Musobaqaning dastlabki kuni o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi jamoaviy ko‘pkurash musobaqalarida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi umumiy hisobda 236,5 ball jamg‘arib, bronza medal bilan taqdirlangan edi.

Iqtidorli sportchimiz Temur Qodirovning erkin, tayanib sakrash, xalqa, brus, turnikda bajargan mashqlari hakamlar tomonidan 81,55 ballga baholangan bo‘lsa, Elyor Islomovning chiqishlari 78,75 ballga loyiq topildi. Terma jamoamizning chempionatdagi muvaffaqiyatida Aziz Saidumarov, Mirabzal Fozilov va Hamid Sodiqovning ham hissasi katta bo‘ldi.

Qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda hamyurtlarimiz bilan birga Yaponiya, Vetnam, Malayziya, Filippin va Qozog‘iston kabi davlatlardan kelgan sportchilar jamoaviy va shaxsiy ko‘pkurash bahslarida g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Jamoaviy ko‘pkurash bahslarida Turdixon Islomova, Kseniya Kim, Veronika Orlova, Linara Sulaymonova, Elvira Yurevadan iborat O‘zbekiston qizlar terma jamoasi 154,6 ball to‘plab, uchinchi o‘rinni egalladi.

Turdixon Islomova shaxsiy ko‘pkurash bahslarida 53,15 ball jamg‘argan bo‘lsa, Veronika Orlovaning mahorati 49,65 ballga loyiq topildi.

Shu tariqa o‘zbekistonlik sportchilar joriy yil 16-28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tkaziladigan II Olimpiya o‘yinlariga ikkita yo‘llanmani qo‘lga kiritdi va chempionatda o‘z oldilariga qo‘ygan vazifani sharaf bilan bajardi.

– Bizni qo‘llab-quvvatlab turgan sport muxlislari, murabbiylarimizdan minnatdormiz, – deydi Turdixon Islomova. – Niyatimiz, kelgusi musobaqalarda ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlash.

– Shogirdlarim qit’amizning nufuzli musobaqasida munosib ishtirok etib, shohsupaga ko‘tarilganidan xursandman, – deydi mamlakatimiz qizlar terma jamoasi murabbiyasi Svetlana Kuznetsova. – Sportchilarimiz musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. Ularning bu muvaffaqiyatida mamlakatimizda sportni rivojlantirish va yoshlarimizning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun barcha sharoitlar yaratilgani muhim omil bo‘ldi.

– O‘zbekistonda ko‘plab sport turlari qatori gimnastika ham jadal rivojlanayotganiga musobaqalar davomida ishonch hosil qildik, – deydi Yaponiya sport delegatsiyasi rahbari Takashi Kobayashi. – Bu Osiyo chempionatining yuqori saviyada tashkil etilgani, o‘zbek sportchilarining erishayotgan natijalarida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Axborot manbasi: O‘zA

18 aprel 2014 yil, O`qilgan:7069



Xabar qoldirish

Agar Sizda universitetimiz faoliyati bo`yicha masalalar/muammolar,
ariza, shikoyat yoki takliflar bo`lsa
virtual qabulxona
orqali qoldirishingiz mumkin

Ushbu sahifa bo`yicha fikringizni esa quyida qoldirishingiz mumkin



Ismi sharifingiz:

E-mail:

Fikringiz :
Ximoya kodini kiriting :


Bizning loyihalar