library.tdpu.uz     majmua.tdpu.uz     eDarslik.tdpu.uz     asofaviy ta`lim     Pedagog     Ota-onalar uchun     Kirish          

14 may 2014 yil, 14,938
.

Toshkent Davlat pedagogika universiteti 80 yoshda

2015 yilda O‘zbekiston Respublikasi ta‘lim tizimi uchun pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘yicha eng yirik oliy o‘quv yurti hisoblangan Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti (oldingi institut) 80 yoshga to‘ladi. 1935 yilda O‘rta Osiyo Davlat universitetining (SAGU) pedagogika fakulteti negizida tashkil qilingan pedagogika instituti qisqa muddatda respublikamiz o‘rta maktablari va maktabgacha ta‘lim muassasalari uchqun yuqori malakali o‘qituvchilar va murabbiylar tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy o‘quv yurti sifatida shakllandi.

Toshkent Davlat pedagogika universiteti 80 yoshda.

Institut 1935-1936 o‘quv yilini 320 nafar talaba bilan boshlagan bo‘lsa, 1940-1941 o‘quv yilida talabalar soni (sirtqi bo‘lim bilan birgalikda) 3927 nafarga yetdi. Institut dastlabki besh yilda (1935-1940 yillar oralig‘ida) maktablar va maktabgacha ta‘lim muassasalari uchun ikki mingdan ortiq yuqori malakali o‘qituvchilar va murabbiylar tayyorlab berdi. Bu o‘tgan asrning 40-yillarida respublika o‘rta maktablarida ta‘lim-tarbiya samaradorligini yangi bosqichlarga ko‘tarishda muhim omillardan biri bo‘lgan.

1948 yilda pedagogika institutining chet tillar fakulteti negizida Toshkent Davlat chet tillar pedagogika instituti (xozirgi Jahon tillari universiteti), 1955 yilda institutning jismoniy tarbiya fakulteti negizida O‘zbekiston Davlat jismoniy madaniyat instituti, 1963 yilda rus tili va adabiyoti fakulteti negizida Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika instituti, 1974 yilda institutning kutubxonashunoslik fakulteti negizida Toshkent Davlat madaniyat instituti tashkil qilindi. Shuningdek, o‘tgan asrning 80-yillarida Guliston, Angren va Navoiy shaharlarida institutning filiallari tashkil etildi. Institutning ushbu filiallarida Sirdaryo, Toshkent va Navoiy viloyatlari yoshlarining o‘qituvchilik va murabbiylik kasblarini puxta egallashlari uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratib berildi. Keyinchalik, pedagogika institutining ushbu filiallari negizida Sirdaryo Davlat pedagogika instituti (xozirgi Guliston Davlat universiteti), Toshkent viloyati pedagogika instituti va Navoiy Davlat pedagogika instituti tashkil topdi. Ushbu institutlarning zamonaviy oliy o‘quv yurti sifatida shakllanishida va faoliyat ko‘rsatishida Toshkent Davlat pedagogika instituti fakultetlari, kafedralari, bo‘limlari va yetakchi professor-o‘qituvchilari katta tashkiliy va amaliy yordam ko‘rsatdilar.

Ushbu tarkibiy o‘zgarishlarga qaramasdan, institut o‘tgan asrning 60-yillarida juda tez sur‘atlar bilan rivojlandi va respublikadagi eng katta oliy o‘quv yurtlaridan biriga aylandi.

1964-1965 o‘quv yilida institutda ta‘lim olayotgan talabalar soni 13,5 ming nafarga (kunduzgi, kechki va sirtqi bo‘limlarda) yetdi. Institutning 42 ta kafedrasida 594 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatishdi. Ularning 6 nafari professor va fan doktorlari, 130 nafari dotsent va fan nomzodlari, 157 nafari katta o‘qituvchilari edi. 1935-1965 yillar oralig‘ida institut maktablar va maktabgacha ta‘lim muassasalari uchun 28 mingdan ortiq yuqori malakalari o‘qituvchilar va murabbiylar tayyorlab berdi. H.T.Tursunov, A.M.Qo‘chqarov, Zulfiya, Hamid G‘ulom, Ramz Bobojon, Shuhrat, Mirmuxsin, Turab Tula, Shukurullo, Sh.Shoabduraxmanov kabi respublikamizning taniqli olimlari, yozuvchilari, jamoat arboblari ham ushbu davrda institutda tahsil olishgan edi.

O‘tgan asrning 70-yillarida professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati deyarli ikki barovarga oshdi.1974-1975 o‘quv yilida kafedralar soni 50 nafarga, ularda faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar soni 669 nafarga yetdi. Ularning 13 nafari professor va fan doktorlari, 268 nafari dotsent va fan nomzodlari edi. 1935-1975 yillar oralig‘ida institutda tayyorlangan pedagogik kadrlar soni 52 ming nafardan ortgan edi.

O‘tgan asrning 60-80-yillarida ta‘lim-tarbiya jarayonini yuqori saviyada tashkil qilish, ilmiy izlanishlarning samaradorligini oshirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy ishlarga jalb qilishda PFAning akademigi S.R.Radjabov, O‘zFAning muxbir a‘zosi Ya.G‘ulomov, PFAning muxbir a‘zosi M.A.Asqarova, professorlar P.I.Ivanov, Sh.T.Maqsudov, R.K.Atadjanov, R.X.Mallin, A.B.Qo‘chqarov, A.S.Sadiqov, dotsentlar P.P.Loginov, S.T.Tursunov, R.M.Baydjanov. A.V.Nikolskaya, U.Umarova, T.K.Salimov va boshqa yetakchi professor-o‘qituvchilarning xizmatlari katta bo‘lgan.

Institutning yarim asrlik to‘yini o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan 1984-1985 o‘quv yilida talabalar soni (kunduzgi, kechki va sirtqi bo‘limlarda) 13920 nafar edi. Bundan tashqari, institutning malaka oshirish fakultetida har yili maktablar va maktabgacha ta‘lim muassasalarining mingdan ortiq rahbar xodimlari malakalarini oshirdilar. Institut qoshidagi aspirantura va doktoranturada har bir o‘quv yilida 150 nafardan ortiq aspirantlar va 20 nafardan ortiq doktorantlar, 40 nafardan ortiq asosiy ishidan ajralmagan ilmiy izlanuvchilar ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlarini olib bordilar.

Institut qoshida pedagogika, psixologiya, filosofiya, xususiy metodika va boshqa fanlar bo‘yicha faoliyat ko‘rsatgan ixtisoslashgan ilmiy kengashlarda har yili o‘rtacha 2-3 ta doktorlik va 30-40 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Ushbu o‘quv yilida institutning 69 kafedrasida 680 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatishgan.Ularning bittasi PFAning akademigi, yana bittasi PFAning muxbir a‘zosi, 2 nafari O‘zFAning muxbir a‘zosi, 32 nafari professor va fan doktorlari, 350 nafari dotsent va fan nomzodlari, 165 nafari katta o‘qituvchilar edi. Shuningdek, ushbu o‘quv yilida institutda 11 nafar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, 6 nafar xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, 2 nafar xizmat ko‘rsatgan xalq ta‘limi xodimi, 8 nafar xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi, bitta Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, bitta Hamza nomidagi Davlat mukofoti sovrindori faoliyat ko‘rsatgan.

Respublikamizda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” bajarilishini ta‘minlashning asosiy yo‘nalishlaridan biri maktabgacha ta‘lim, umumiy o‘rta ta‘lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limiga yuqori malakali pedagogik kadrlarni tayyorlab berishdir. Bu ishni amalga oshirayotgan oliy ta‘lim muassasalari orasida Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 24-fevraldagi 77-sonli qarori bilan universitet maqomi berilgan va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi tizimiga pedagogik kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta‘lim muassasasi etib tayinlangan Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetining alohida o‘rni bor. Pedagogika universiteti Respublikamizda oliy pedagogik ta‘limning barcha ilmiy-amaliy muammolarini, taraqqiyot va takomillashuv omillarini ishlab chiquvchi ijodiy jamoa sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”dan kelib chiqadigan oliy pedagogik ta‘limning jahon standartlari darajasidagi mazmunini yaratish, ta‘lim tizimi taraqqiy etgan mamlakatlar tajribalarini o‘rganish asosida yangi tipdagi pedagogik kadrlar tayyorlashni ko‘zda tutgan Davlat ta‘lim standartlari, o‘quv reja va dasturlari hamda uning to‘liq o‘quv-metodik ta‘minotini yaratish, ularni turdosh oliy ta‘lim muassasalarida ham tatbiq etish kabi vazifalar to‘liq bajarildi. Ushbu me‘yoriy hujjatlar to‘plangan tajribalar asosida va kelajakni ko‘zlagan holda takomillashtirilmoqda. Universitet professor-o‘qituvchilari oliy pedagogik ta‘limning barcha o‘quv adabiyotlari, o‘quv-metodik majmualarini to‘liq yaratishdi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi, umumiy o‘rta ta‘lim tizimi uchun darsliklar yaratishda faol qatnashdilar.

Istiqlol yillarida pedagogika universitetining o‘quv-texnika bazasi yana ham mustahkamlandi. Talabalarga zamonaviy ilm olish, intellektual va jismoniy rivojlanish uchun to‘liq sharoitlar yaratildi: Respublikada birinchilardan bo‘lib hamma imkoniyatlarga ega bo‘lgan elektron kutubxona ishga tushirildi, ta‘lim-tarbiya jarayonini eng yangi rusumdagi kompyuter texnikasi bilan ta‘minlandi, barcha sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan sport majmuasi foydalanishga topshirildi. Xulosa qilib aytganda, istiqlol sharofati bilan pedagogika universiteti jahon standartlari darajasida pedagogik kadrlar tayyorlashga qodir bo‘lgan oliy ta‘lim muassasasi sifatida to‘liq shakllandi.

Prezidentimiz Islom Karimov 1998 yilda tarixchi olimlar va jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda “Odamzod borki, avlod-ajdodi kmligini, nasl-nasabini, o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan qishloq, shahar, xullaski, Vatanning tarixini bilishni istaydi”, deb ta‘kidlagan edilar.

Pedagogika universiteti ham yoshligida ushbu dargohda tahsil olgan 114 mingdan ortiq pedagoglar va hozirda bu ilm maskanida ta‘lim-tarbiya olayotgan 10 mingdan ortiq yigit-qizlar uchun Vatanidagi ulug‘ va muqaddas dargohdir. Universitet talabalari, ta‘lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘p ming sonli o‘qituvchilar, murabbiylar va kelajakda pedagog bo‘lishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan minglab yoshlar uchun respublikadagi to‘ng‘ich pedagogika oliy o‘quv yurtining tashkil topishi, shakllanishi va uning rivojlanish bosqichlarini bilishga bo‘lgan qiziqishning mavjud bo‘lishi tabiiy bir xoldir.

Ushbu kunlarda fakultetlar va kafedralarda pedagogika universitetining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha dastlabki tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Ushbu sanaga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar, respublika oliy o‘quv yurtlari talabalarining fan olimpiadalari, oliy o‘quv yurtlari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi, umumiy o‘rta ta‘lim uchun universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarining tanlovlari va boshqa tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bir guruh professor-o‘qituvchilar universitet tarixini yaratish bo‘yicha ish boshlagan bo‘lsalar, boshqa bir guruh professor-o‘qituvchilar bu tabarruk oliy o‘quv yurtidan yetishib chiqqan olimu ulamolar, shoirlar, yozuvchilar, davlat va jamoat arboblari, xizmatlari evaziga xalq orasida katta obro‘ topgan fidoiy o‘qituvchilar va murabbiylarning hayoti va faoliyati haqida ma‘lumotlar to‘plamoqdalar.

O‘tgan 80 yil davomida universitet professor-o‘qituvchilari, aspirant va doktorantlari tomonidan pedagogika, psixologiya, matematika, fizika, astronomiya, kimyo, biologiya, zoologiya, geografiya, tarix, falsafa, iqtisodiyot, ma‘naviyat, san‘at, adabiyot, tilshunoslik, informatika va boshqa fanlar bo‘yicha minglab darslik va o‘quv qo‘llanmalari, fanlarning dolzarb muammolari bo‘yicha yuzlab monografiyalar nashr qilingan bo‘lsa, o‘n minglab ilmiy-nazariy va ilmiy-uslubiy maqolalar nufuzli ilmiy jurnallar va to‘plamlarda chop qilindi, yuzlab doktorlik va minglab nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi, yuzlab san‘at asarlari yaratildi. Bular universitet jamoasining, qolaversa respublikamiz maorifchilarining beqiyos ma‘naviy boyligi va iftixoridir. Pedagogika universitetining 80 yillik to‘yi arafasida bizga bunchalik katta ma‘naviy meros qoldirgan, respublikamiz ta‘lim tizimiga 114 mingdan ortiq pedagog kadrlar, yuzlab fan doktorlari va professorlar, minglab fan nomzodlari va dotsentlar tayyorlab bergan fidoiy ustozlarimizning yorqin xotiralarini eslash, ular haqida, ularning universitetdagi katta xizmatlari haqida yozish va talaba yoshlarga yetkazish ham qarz, ham farzdir.

14 may 2014 yil, O`qilgan:14938



Xabar qoldirish

Agar Sizda universitetimiz faoliyati bo`yicha masalalar/muammolar,
ariza, shikoyat yoki takliflar bo`lsa
virtual qabulxona
orqali qoldirishingiz mumkin

Ushbu sahifa bo`yicha fikringizni esa quyida qoldirishingiz mumkin



Ismi sharifingiz:

E-mail:

Fikringiz :
Ximoya kodini kiriting :


Bizning loyihalar