library     Majmua     eDarslik     asofaviy ta`lim     Pedagog     Ota-onalarga     Kirish          

Tarix fakulteti tarixidan lavhalar

26 sentabr 2015 yil, 4,163
.

Tarix fakulteti Nizomiy nomidagi TDPU bilan tengdosh bо‘lib, uning tarkibida 1935 yilda tashkil etilgan. Dastlab fakultetda 23 talaba tahsil olgan va uning qoshida bitta kafedra – tarix kafedrasi faoliyat kо‘rsatgan.

Tarix fakulteti Nizomiy nomidagi TDPU bilan tengdosh bо‘lib, uning tarkibida 1935 yilda tashkil etilgan. Dastlab fakultetda 23 talaba tahsil olgan va uning qoshida bitta kafedra – tarix kafedrasi faoliyat kо‘rsatgan. Kafedrani prof. V.I.Kravsev boshqargan. Undan boshqa о‘sha davrning yirik olimlaridan – professorlar V.N.Kun, A.P.Maksimovich, A.P.Fetuni va boshqalar talabalarga tarix fanining turli yо‘nalishlari bо‘yicha dars berganlar.

1939 yilda “Tarix” kafedrasi bazasida “Umumiy tarix” kafedrasi tashkil etildi. Fakultet va uning kafedralarida faoliyat kо‘rsatayotgan pedagog-о‘qituvchilarning soni assistentlar bilan 60 taga yetdi. Fakultetning о‘zbek va rus tillarida 360 talaba tahsil ola boshladi. Pedagoglar safiga V.A.Shishkin, X.SH.Inoyatov, M.I.Nazarov, V.I.Kravsev, Z.R.Nuriddinov, X.Bekmuhamedov, U.Ibragimov, M.Abdurayimov kabi talantli yoshlar kirib keldilar. Fakultetda ikkinchi jahon urushi yillarida turli shaharlardan Toshkentga vaqtincha kо‘chirib keltirilgan yetuk professor tarixchilardan (ular hozirgi Bobur kо‘chasidagi №7 – professorlar uyida yashagan) prof. A.Y.Yakubovskiy, prof. I.P.Petrushevskiy, prof. YE.V.Bunakov, prof. M.M.Zummer kabi olimlar dars bera boshladilar. Bir vaqtning о‘zida ular Respublikaga yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga ham katta hissa qо‘shdilar. Masalan, О‘zbekiston tarixchilarining tezda yetakchi ustoziga aylangan akademik Y.G‘.G‘ulomov mana shu olimlar doirasida kamol topib, 1943 yili nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Institutning binosiga Frunze nomidagi harbiy akademiya joylashtirildi. Institut esa hozirgi akademik Qori-Niyoziy nomidagi Pedagogika ilmiy tekshirish binosiga kо‘chirildi. Urush yillarida fakultetning yuqori kurs talabalari о‘qishni uzluksiz davom ettirish bilan birga, Toshkent shahridagi maktablarda dars bera boshlaydilar. Ustoz-shogird о‘rtasidagi muloqot ibrat darajasiga kо‘tariladi. Ustoz Y.G‘.G‘ulomov bilan bо‘lgan suhbatlarning birida “talabalarning tarixni u yoki bu masalasida о‘z murabbiylari (prof. A.Y.Yakubovskiy, I.P.Petrushevskiy, K.V.Trever, S.P.Tolstov) huzuriga qatnovining cheki bо‘lmas edi. Dialog asosida о‘tadigan bu uchrashuvlar ba’zan professorlar uyida ham bо‘lgan”ligini eslaydilar ustoz.

Tarix fakulteti rivojlanishining yangi bosqichi urush yillaridan sо‘ng boshlandi. Institut о‘z binosiga kо‘chirildi. 1946 yildan tarixchi о‘qituvchilar tayyorlash ishiga katta e’tibor berildi. Kunduzgi va sirtqi bо‘limlardan tashqari institutda kechki bо‘lim ham ochildi. Urushdan keyingi yillarda fakultetdagi kafedralarda professorlardan A.P.Fituni, V.P.Kun, dotsent, katta о‘qituvchi va о‘qituvchi vazifalarida V.A.Shishkin, X.SH.Inoyatov, M.A.Abdurayimov, Z.R.Nuriddinov, A.K.Qirg‘izboyev, M.U.Umarov, M.U.Minuboyev, K.Kabirov, A.P.Artyomov, X.Y.Bekmuhamedov, R.M.Boyjonov, A.G.Odinarova, S.P.Kotlyar, A.R.Nejivenko va boshqalar faoliyat kо‘rsatadilar. Fakultetni birin-ketin dotsentlar X.D.Minuboyev, R.M.Boyjonov, A.Q.Qirg‘izboyev va A.P.Artyomovlar boshqaradilar.

Bu yillarda о‘qish tarix fakultetida 2 yillik bо‘lib, xalq ta’limi tizimiga tо‘liqsiz oliy ma’lumotli о‘qituvchilar tayyorlanardi. 1951 yili institutga tarixchi olim dots. SH.SH.Abdullayev rektor etib tayinlangandan keyin, ta’lim va tarbiya ishlariga e’tibor kuchaydi. Maktablar uchun fanning barcha yо‘nalishlari bо‘yicha oliy ma’lumotli pedagoglar tayyorlash yо‘lga qо‘yildi. 1952 yildan boshlab tarixchi pedagoglar tayyorlash ham 4 yillik о‘qish tizimiga о‘tkazildi. Shu yildan boshlab fakultet “Tarix-filologiya” deb nom oldi. Ammo fakultetning har ikkala fan yо‘nalishlari bо‘yicha alohida tarixchilar, alohida filologlar tayyorlanardi. Shu yillarda fakultetning tarix bо‘limida professorlar Y.G‘ulomov, O.Aminov, S.Rajabov, dotsentlar Z.Nuriddinov, A.Qirg‘izboyev, X.Bekmuhamedov, O.Qayumov, P.S.Kotlyar, M.U.Umarov, X.Ziyoyev, R.Boyjonov, SH.О‘lmasboyev, Z.Mirtursunov, E.Yusupov, Afokiy domla, katta о‘qituvchilar M.Boboyeva, M.Toshmuhamedov, A.Sagdiyev, T.Qurbonov, R.G‘ulomov, N.Xolmatov, Z.Arifxonova va boshqalar dars olib borar edilar. Biroq, 1957 yildan sо‘ng bir vaqtni о‘zida tarixchi-filologlar tayyorlash maqsadida 4 yillik о‘qish 5 yilga uzaytirilib, tarixchi talabalarga endi til va adabiyot fanlaridan ta’lim berila boshlandi. Fakulyetda kunduzgi bо‘limdan tashqari kechki va sirtqi bо‘limlarda ham tarixchi pedagoglar tayyorlash davom etadi. Shu yillarda fakultetni navbat bilan dotsentlar M.U.Umarov, O.Q.Qayumov va A.S.Sagdiyevlar boshqardilar. Fakultetga talabalar qabul qilish keskin kо‘payadi. О‘qituvchilarni viloyatlarga xizmat safariga yuborib, о‘rta maktabni bitiruvchilar bilan uchrashuvlari tashkil etiladi. Shu yо‘l bilan joylardan iqtidorli yoshlarni topib, о‘qishga jalb qilish an’anaga aylanadi. Talabalarning maktablarga borib pedagogik tajriba о‘tkazish, bо‘lajak о‘qituvchilarni dars jarayonlari bilan bevosita tanishtirish masalasi yо‘lga qо‘yildi. Fakultetning sobiq talabasi, akademik Ahmadali Asqarov о‘zining talabalik davrini eslab, kundaliklarida shunday yozadi: “Biz о‘qigan kezlarda о‘qituvchi bilan talaba о‘rtasidagi samimiy munosabat о‘quv jarayonining jonli о‘tishiga, talabalarni faol bо‘lishga, fan asoslarini puxta egallashga chorlardi. О‘qituvchilarga bо‘lgan hurmat, dars jarayonlari bilan bog‘liq tartib-intizom, “ustoz-shogird” an’anasi о‘zining ibrat darajasiga kо‘tarilgan edi. Institut kutubxonasining о‘quv zallari doimo talabalar bilan gavjum, ba’zan joy yetishmay qolardi. Bunday muhitni fakultetda yaratilishida bir tomondan, yoshlarni ilm olishga о‘ta chanqoqlik ishtiyoqi bо‘lsa, ikkinchi tomondan, о‘qituvchilarning namunali xulq-atvori, о‘z vazifalariga bо‘lgan yuksak sadoqati, mas’uliyatni chuqur anglagan holda, ta’lim va tarbiyani mushtaraklikda olib borishga qalbdan intilishlari bо‘lsa kerak. Darhaqiqat, biz yoshlar kelajakka ishonch bilan boqardik. Ishonchsiz kelajak yoshlarni maqsad sari yetaklamaydi. Institut rektori SH.SH.Abdullayev qanchalar band bо‘lishiga qaramay, maroqli dars о‘tishni kanda qilmas edilar. Ustoz Z.R.Nuriddinov о‘ziga xos salohiyat bilan har qanday tarixiy jarayonni sodda, lekin ilmiy tahlillarga boy materiallar asosidagi ma’ruzalar bilan bizni lol qoldiradi. Bu kamtarin insonni kо‘p qirrali ibratli siymosi о‘sha davr talablari – bizning qalbimizda mangu о‘rnashib qolgan. Biz talabalar ustozimiz Xusan aka Bekmuhamedovga xuddi о‘z tengdoshimizdek yaqin edik. U kishi ma’nodor ma’ruzalari bilan bizni maftun qilar, kezi kelganda yozishdan charchagan qо‘llarga biroz dam berish maqsadida “Endi eshitinglar” deb, aslzoda kiborlar hayotining jihatlaridan bir shingil hikoya qilib, auditoriyaning kayfiyatini kо‘tarar edi. Pedagogika fanidan dots. Z.F.Mirtursunov, psixologiya fanidan dots. Afokiy domla, iqtisod fanidan prof. O.Aminov, davlat asoslari va huquqi fanidan prof. S.Rajabovlarning ma’ruzalarini intizorlik bilan kutib olardik. Seminar mashg‘ulotlari о‘tkazishda faylasuf domla T.Qurbonovga havas qilardik. Chunki, Tо‘xta aka nafaqat о‘ta talabchan pedagog edilar, balki seminar mavzusining har bir punkti bо‘yicha faqat manbalarga asoslanib, aniq va lо‘nda qilib, masala mohiyatini ochishga о‘rgatar edi. U kishi tiniq fikrlovchi notiq va auditoriyani ham fikrlashga yetaklovchi mohir pedagog edi”.

1956 yilda Tarix fakulteti Filologiya fakulteti bilan birlashtirildi.

1968 yili oktabr oyidan boshlab tarix-filologiya fakultetidan Respublika Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi qarori bilan tarix alohida fakultet bо‘lib ajralib chiqdi. Fakultetda kunduzgi, kechki va sirtqi bо‘limlar mavjud bо‘lib, fakultetning ish faoliyati kengaydi. Tо‘rt xil ixtisoslik bо‘yicha (tarix-pedagog, tarixchi-jamiyatshunos, tarixchi- geograf, tarixchi-huquqshunos) mutaxassislar tayyorlash yо‘lga qо‘yildi.

О‘rta va maxsus ta’lim tizimiga malakali kadrlar tayyorlash uchun fakultet qoshida tarixni о‘qitish metodikasi kafedrasi tashkil etish zaruriyati tug‘ilib, 1968 yili “Tarix о‘qitish metodikasi va jamiyatshunoslik” kafedrasi tashkil etildi va unga malakali uslubiyotchi dots. A.Sagdiyev rahbar etib tayinlandi.

О‘zbekiston Respublikasi qadimiy va juda boy tarixga ega mamlakat. SSSR tarixi dasturida bu mamlakat tarixiga juda oz о‘rin berilgan. Ammo О‘zbekiston maktablari uchun tayyorlanayotgan tarixchi pedagoglarning о‘z Ona Vatani tarixidan kengroq xabardor bо‘lishlarini hayot taqozo eta boshladi. Shu bois, akademik Y.G‘.G‘ulomov tarix fakultetining qoshida “О‘zbekiston xalqlari tarixi” kafedrasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Tashabbus amalga oshib, 1971 yili “О‘zbekiston xalqlari tarixi” kafedrasi akademik Y.G‘.G‘ulomov boshchiligida tashkil etildi.

Respublika Oliy о‘quv yurtlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida tarix fakulteti qoshida tarix fanlari bо‘yicha nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish maxsus ilmiy kengashi ochildi. Kengash 1977-1981 yillarda faoliyat kо‘rsatib, shu yillar ichida 16 ta fan nomzodlari tayyorlandi. Fakultet о‘qituvchilaridan SH.Ahmedov, M.Lafasov, E.Saydaliyev, A.Starikova, M.Azizova, T.A.Stukova, A.Hazratqulov kabi yoshlar о‘z ilmiy ishlarini kengashda muvaffaqiyatli himoya qildilar. Fakultet uchun fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlashda О‘zbekiston fanlar akademiyasi Tarix institutining yetakchi olimlari: akademiklar Y.G‘.G‘ulomov, R.X.Aminova, professorlar M.O.Axunova, B.V.Lunin, H.Z.Ziyoyev, H.SH.Inoyatov, G‘.R.Rashidov, K.O.Oqilovlar bajonidil yordam berdilar. Natijada fakultetning ilmiy va pedagogik salohiyati kо‘tarildi. Fakultet qoshida tarix fanining qator yо‘nalishlari bо‘yicha zamon talabi asosida yangidan-yangi kafedralar ochildi.

Turli yillarda fakultetga N.B.Beknazarov, X.Y.Bekmuhamedov, S.T.Tileukulov, D.O.Ollamurodov boshchilik qildilar. Professor-о‘qituvchilar soni 48 taga yetdi. Shundan 5 ta fan doktorlari va professorlar (Y.G‘.G‘ulomov, Z.R.Nuriddinov, V.I.Yefimov, D.O.Ollamurdov, G.I.Jeltova), 32 ta fan nomzodlari va dotsentlar (R.M.Boyjonov, M.Ermatov, A.S.Sagdiyev, X.Y.Bekmuhamedov, S.T.Tileukulov, P.S.Kotlyar, A.P.Fomchenko, A.S.Nabiyev, H.N.Bobobekov, R.G‘afurova, R.Qurbongaliyeva, Z.K.Axmedjanova, A.Y.Konareva, M.Toshmuhamedov va boshqalar) faoliyat kо‘rsatdi.

Fakultet ilmiy pedagogik jamoasi nafaqat talabalarga dars berish bilan kifoyalandilar, balki fakultetda ilmiy ijodga ham katta e’tibor berildi. О‘sha davr talabi va mafkurasi asosida talay ilmiy ishlar bajarildi. Masalan, prof. D.Ollamurodov 3 ta monografiya, 70 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etdi. Prof. Z.R.Nuriddinov g‘arb mamlakatlarining eng yangi zamon tarixi va tarixshunosligi bо‘yicha salmoqli ilmiy ishlar qildi. U shu mavzuda 5 ta monografiya, 4 ta Oliy о‘quv yurti talabalari uchun darsliklar (jumladan, “G‘arb mamlakatlarining eng yangi tarixi” (1939-1974 yy), T.1974), 100 dan ortiq ilmiy maqola va risolalar tayyorlab chop etdi. A.S.Sagdiyev “Tarix о‘qitish metodikasi” (T.,1978), “О‘zbekiston SSR tarixini о‘qitish metodikasi” (T.1982) nomli о‘quv qо‘llanmalarini yaratdi. X.T.Tursunov N.B.Beknazarovlar bilan ham mualliflikda “О‘zbekiston tarixi” (T.1982) darsligini yaratdilar. R.G‘ofurova, P.S.Kotlyar, M.Abduraxmonova hammualliflikda “Osiyo va Afrika mamlakatlarining yangi va eng yangi tarixi” (T.1982) nomli о‘quv qо‘llanmasini chop etdilar. G.I.Jeltova va A.K.Olimjonov bilan hamkorlikda “Muzey-arxeologik amaliyoti” (T.1978), A.D.Zimin O.Karimova bilan hamkorlikda “Sovet davlatining asoslari va huquqini о‘qitish metodikasi” (1983), A.P.Fomchenko “О‘rta asrlar tarixi kursiga oid metodik kо‘rsatmalar” (T.1973), A.Nabiyev “Tarixiy о‘lkashunoslik” (T.1979) kabi metodik qо‘llanmalar yaratdilar.

1980 yillarning oxirlarigacha tarix fakulteti xalq ta’limi tizimiga 13 mingga yaqin tarixchi о‘qituvchilar tayyorlab berdi. Ular orasidan urush qahramonlari (YE.Stempkovskaya, V.I.Ribalko, A.Qurbonov, Z.Xusanov), davlat rahbarlari (A.M.Qо‘chqarov, R.N.Nishanov, G.N.Najimov, X.YO.Yoqubjonova), akademiklar (Y.G‘ulomov, X.T.Tursunov, A.A.Asqarov, U.I.Islomov) yetishib chiqdi. Shu davr ichida fakultetning yetakchi olim pedagoglari nafaqat fakultet uchun, balki Respublika Oliy о‘quv yurtlari uchun ham yuqori malakali kadrlar tayyorlashda fakultetni yuqori malakali kadrlar tayyorlash ilmiy-pedagogik markazi darajasiga kо‘tardilar. Ayniqsa bu masalada akademik Y.G‘.G‘ulomov, professorlar Z.R.Nuriddinov, G.I.Jeltova va S.T.Tileukulovlarning xizmati katta bо‘ldi.

Sobiq ittifoqning parchalanishi va о‘zbek diyoriga istiqlolga erishish munosabati bilan ta’lim tizimining barcha bosqichlarida tub о‘zgarishlar davri boshlandi. Kommunistik mafkura ta’siridan qutulish, mintaqa xalqlari tarixini yangicha qarashlar asosida qayta kо‘rib chiqish, tarixiy an’ana va boy ilmiy – madaniy merosni tiklash, tariximizni qora dog‘lardan tozalash, butun mustamlaka davrida tariximizning qator yorqin jabhalarini unitishga qaratilgan harakatlardan qutilish va nihoyat о‘zbek xalqi tarixini mustaqillik talablari va birlamchi manbalar asosida yaratish vazifasi kun tartibiga qо‘yildi. Bu masalada yurtboshimiz I.A.Karimovning Respublika tarixchilari bilan uchrashuvida, buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosiga bag‘ishlab sо‘zlagan nutqlarida, “Tarixiy xotirasiz kelajak yо‘q” degan risolasida, “О‘zbekiston FA Tarix instituti ilmiy faoliyatini takomillashtirish haqida”gi Respublika hukumatining qarorida aytilgan fikr-mulohazalar tariximiz istiqbolini belgilab berdi. Darhaqiqat, bugunga kelib, mustaqillik tufayli yuz bera boshlagan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar odamlar hayotini keskin tarzda bir о‘zandan ikkinchi о‘zanga burib yubordi, hayotimiz butunlay boshqacha izga tushdi, turmushimiz о‘zgacha mazmun va ma’no kasb etmoqda. Yillar asrlar mobaynida qotib qolgan tushunchalarimiz о‘zgarmoqda va mudrab yotgan ongimiz uyg‘onmoqda. Istiqlol tufayli “mustaqillik” degan sо‘z butun jozibasi bilan о‘zining beqiyos qudratini, buyuk о‘zgartiruvchilik mо‘jizasini kо‘rsata boshladi. U dunyoqarashimizni tubdan о‘zgartirib, tafakkurimizni boyitmoqda. Tarixiy voqealar rivojini butun mohiyati bilan anglashni, bu qо‘hna olamda shо‘ro tuzimidan boshqa adolatli tuzimlar ham borligini, kommunistik mafkuradan boshqa inson qadru-qimmatini himoya qiladigan g‘oyalar ham mavjudligini kо‘rsatib berdi. Mustamlakachilikning kishilik tarixida mehnatkash xalq boshiga kulfatlar yog‘dirgan fojeasi – insonni erkin yashashdan, mustaqil fikrlashdan, uning ulkan iqtidoridan mahrum etish edi. Mustaqillik ana shu insoniy fojeadan bizni xolis etdi, о‘zligimizni anglatdi, ilohiy quvvat bilan ma’naviy yetuklikka yetakladi. Biz tarixning ayni burilish davrida yashamoqdamiz. Ana shu burilish nuqtasining о‘ziyoq tafakkurimizni, har tomonlama chegaralab qо‘yilgan tushunchalarimizni tubdan о‘zgartirishni taqozo etmoqda. Bu jarayonlardan ta’lim tizimi ham mustasno emas. Aksincha, ta’lim va tarbiya tizimi yoshlar ongida milliy mafkura asoslarini shakllantirish asnosida rivojlanadi. Mustaqillik davri ta’lim tizimidagi biz tarixchilarning tarixni о‘qitish va о‘rganishdagi bosh masala ham mana shu g‘oyalar asosida qurilgan.

О‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim tо‘g‘risida” Qonunida Respublikada ta’limning jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-madaniy rivojlantirish masalalarida ustivor soha ekanligi e’tirof etildi. Ta’lim sohasida davlat siyosatining asosiy tamoyillari, ta’lim tizimi va boshqaruv tartibi, ta’lim-tarbiya xodimlarining haq-huquqlari, vazifalari, maqsadlari belgilab berildi. Oliy ta’lim muassasalari mamlakat ta’lim tizimida yetakchi bо‘g‘in deb belgilandi. Chunki oliy maktab О‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlovchi milliy boylikning о‘sishiga imkon yaratuvchi, kuchli, bilimdon, qat’iyatli mutaxassislar yetkazib beradi.

Mana shu talablardan kelib chiqqan holda, shо‘rolar mafkurasi ta’zyiqida tuzilgan fakultet qoshidagi kafedralarning tarkibi kо‘rib chiqilib, ular quyidagicha belgilandi: 1) “Vatan tarixi” kafedrasi; 2) “Xorijiy mamlakatlar tarixi” kafedrasi; 3) “Manba’shunoslik va tarix о‘qitish metodikasi” kafedrasi. Bu kafedralar tarix fani yо‘nalishlari bо‘yicha mutaxassislar tarixchi-pedagoglar tayyorlaydi. 2001-2002 о‘quv yilidan boshlab, Respublika Oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy-gumanitar fan sohasida “Milliy istiqlol g‘oyasi, huquq va ma’naviyat asoslari” yо‘nalishi bо‘yicha mutaxassis pedagoglar tayyorlash masalasi kо‘tarilib, Universitetimizning tarix fakulteti qoshida ham ushbu mutaxassislik bо‘yicha ta’lim yо‘nalishiva kafedralar tashkil etildi.

Yangi zamon va tarixga yangicha yondashuv talablari asosida oliy ta’lim muassasalari, xalq ta’limi tizimidagi maktablar uchun standartlar va dasturlar ishlab chiqildi. Oliy va о‘rta ta’lim sohasida olib borilayotgan davlat siyosatining yangi bosqichini ifodasi sifatida 1997 yilda О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 9-sessiyasida “Ta’lim tо‘g‘risida qonun” va “Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi” qabul qilindi. Ushbu qonunga kо‘ra, 9 yillik majburiy ta’lim sо‘ng xalq ta’limi tizimida uch yillik akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari tashkil etish, Oliy ta’lim tizimida esa 4 yillik bakalavriat va 2 yillik magistraturada о‘qish joriy etildi. Oliy ta’lim muassasalarining ilmiy pedagogik faoliyati “Ta’lim tо‘g‘risida” Qonun va “Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi”ni hayotga tadbiq etishga yо‘naltirildi. Mana shulardan kelib chiqqan holda, tarix fakultetining ilmiy-pedagogik jamoasi tomonidan davlat standartlari asosida fan yо‘nalishlari bо‘yicha tegishli dasturlar ishlab chiqildi va ana shu dasturlar asosida ma’ruza matnlari tayyorlandi, darslik va о‘quv qо‘llanmalari yaratishga kirishildi, metodik qо‘llanmalar va uslubiy ishlanmalar ishlab chiqilib, yangi pedagogik texnologiyalar asosida dars о‘tishga о‘tildi.

Fakultet talabalari har yili kasb-hunar kollejlarida pedagogik amaliyotdan о‘tadilar, mana bir necha yillardirkim, tarkibi kо‘ngillilardan iborat bо‘lgan arxeologik ekspeditsiya faoliyat kо‘rsatmoqda. Ekspeditsiya birinchi yili Surxondaryoga safar qilib, О‘zbekiston hududidagi eng qadimgi shahar Jarqо‘tonda ish olib bordi. Keyingi yili Toshkent viloyatidagi qadimgi Qanqa shahar xarobasida dala amaliyoti о‘tkazildi. Talabalarning arxeologik guruhi Tо‘ytepa yaqinida Zardushtiylar xilxonasida qazishmalar olib bordilar. Universitet yosh arxeologlarining izlanishlariga akademik A. Asqarov rahbarlik qiladi. Ilmiy ekspeditsiyalar vaqtida juda boy faktik materiallar tо‘planib, ulardan dars jarayonlarida muntazam foydalanib kelinmoqda. Har yili fakultet talabalari Ona Vatanimizning qadimgi shaharlari – Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabzga safar qilib, bu shaharlarning tarixiy yodgorliklari bilan tanishib qaytadilar. “Vatan tarixi” kafedrasining tashabbusi bilan fakultetga keyingi 3 yil davomida 12 million sо‘mlik о‘quv ashyolari va kompyuter texnikasi sotib olindi.

2003-2004 yillar davomida kafedraga biriktirilgan iqtidorli talabalardan B.Abdujabborov va K.Tо‘rayev, S.Ulashovalar talabalar Respublika tanlovlarida ishtirok etib, A.Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasining sohibi bо‘ldilar. Fakultetda 2004-2005 о‘quv yilida 1 ta Prezident stipendiyasi (B.Xо‘jayev),2008 – 2009 о‘quv yilida 1 ta Prezident stipendiyasi (F. Tursunov), 1 ta A.Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi (B. Abdujabborov) sohiblari bor. 2004 yilda esa B.Abdujabborov A.Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasining ikkinchi marta sohibi bо‘ldi. “Vatan tarixi” kafedrasining iqtidorli talabalari F.Hayitova 2007-2008 о‘quv yili uchun, D.Mutalibova 2009-2010 о‘quv yili uchun, B.Eshquvvatov 2014-2015 о‘quv yili uchun A.Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasining sohiblari bо‘ldilar.

10 ta talaba namunali xulqi, faol jamoatchiligi va barcha fanlardan eng yuksak kо‘rsatkichlarga erishganliklari uchun fakultetda har xil yillarda faoliyat kо‘rsatgan taniqli olimlar – akademik Y. G‘ulomov, prof. SH. Abdullayev, prof. Z.R. Nuriddinov, akademik A. Asqarov, akademik J. Tulenov, prof. S. Tileukulov nomidagi stipendiya sohiblari bо‘ldilar.

Shunday qilib, Tarix fakulteti о‘zining 80 yillik faoliyati davomida Respublika ta’lim tizimiga 15 mingdan ortiq yuqori malakali pedagog kadrlarni yetkazib berdi. Bu ulug‘ oliy dargohda kо‘p ming sonlik pedagogik kadrlarni yetishtirishda, ular qalbida Ona-Vatanga mehr-muxabbat uchqunlarini yoqishda xizmat qilgan ustozlar avlodi ishladi. Ular buyuk olim va murabbiylarning murabbiysi akademik Y.G‘ulomov va prof. V.I.Kravsev, professor SH.SH.Abdullayev va professor Z.R.Nuriddinov, akademik X.T.Tursunov va professor Galina Jeltova va professor Donaqul Ollamurodov, professor Abdug‘ofur Nabiyev va dotsent Zaynab Ahmadjonova, dotsent Ma’rifat Boboyeva, Roza Qurbongaliyeva va dotsent Boyjonov, dotsent Shavkat Ahmedovlardir.

О‘z vaqtida Tarix fakultetida ta’lim-tarbiya olib, bugungi kunda ustozlari о‘rnida ustozlik qilayotgan professor-о‘qituvchilar jamoasiga kelsak, ularni sanab sanog‘iga yetib bо‘lmaydi. Fakultet talabalari orasidan davlat va fan arboblari, akademik va professorlar, fan doktorlari va fan nomzodlari yetishib chiqdi. Bu davrda fakultetda о‘z bilimlarini yosh avlodga yetkazishda faollik kо‘rsatayotgan ustoz-murabbiylar akademik Ahmadali Asqarov, professor Saidvali Tileukulov, professor Shahobiddin Ziyomov, universitet professori Omina Karimova va boshqalar fakultetimiz ilmiy-pedagogik jamoasining faxriga aylangan. Endilikda zamon о‘zgardi, odamlarning ongi va dunyoqarashi, ma’naviy-ma’rifiy tushunchalari о‘zgardi. Istiqlol shabbodalari har bir mustaqil О‘zbekiston fuqarosining qalbiga yо‘l oldi. Tarixga yangicha munosabat, uning inson qalbida uyg‘otgan ezgulik ishlarini tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Bu yо‘lda ustoz murabbiylarimiz, ularga ishonib topshirilgan yosh avlod ta’lim-tarbiyasi zamon talabida deb ishonch bildiramiz.

Mustaqillik yillarida fakultet dekani vazifasida professor A.Hazratqulov, dotsent M.G.Ishakova, dotsent S.R.Tо‘rayev, dotsent О‘.N.Mansurov, professor I.J.Yuldashev, 2013 yilning dekabridan dotsent V.T.Ishquvatov ishlab kelmokda.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti (1998 yildan universitet)ning о‘quv, ta’lim tarbiyaviy jarayonida boshqaruv sohasida faoliyat kо‘rsatib, oliy ta’lim dargohida respublika ta’lim muassasalari uchun malakali pedagog kadrlar tayyorlash ishlariga katta hissa qо‘shgan.

26 sentabr 2015 yil, O`qilgan :4163



Xabar qoldirish

Agar Sizda universitetimiz faoliyati bo`yicha masalalar/muammolar,
ariza, shikoyat yoki takliflar bo`lsa
virtual qabulxona
orqali qoldirishingiz mumkin

Ushbu sahifa bo`yicha fikringizni esa quyida qoldirishingiz mumkin



Ismi sharifingiz:

E-mail:

Fikringiz :
Ximoya kodini kiriting :


Bizning loyihalar