library     Majmua     eDarslik     asofaviy ta`lim     Pedagog     Ota-onalarga     Kirish          

“Universiada – 2013” sport o‘yinlari ishtirokchilariga

8 iyun 2013 yil, 6,791
.

Qadrli o‘g‘il-qizlarim!

Muhtaram ustoz va murabbiylar, hurmatli mehmonlar!

Bugun unib-o‘sib, katta niyat va ishonch bilan hayotga kirib kelayotgan siz, aziz farzandlarimni O‘zbekiston yoshlarining hayotidagi ulkan voqea – yoshlik, go‘zallik va sport bayrami bo‘lmish “Universiada – 2013” o‘yinlarining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Qadrli o‘g‘il-qizlarim!

Muhtaram ustoz va murabbiylar, hurmatli mehmonlar!

Bugun unib-o‘sib, katta niyat va ishonch bilan hayotga kirib kelayotgan siz, aziz farzandlarimni O‘zbekiston yoshlarining hayotidagi ulkan voqea – yoshlik, go‘zallik va sport bayrami bo‘lmish “Universiada – 2013” o‘yinlarining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

O‘lkamizdagi barcha sport muxlislari, millionlab yoshlarimiz, butun xalqimizning diqqat-e’tiborini bugun o‘ziga tortayotgan bu sport bayramining “Ko‘hna va boqiy Buxoro” deb nom olgan tabarruk zaminda o‘tkazilayotgani ushbu tantanaga alohida ma’no-mazmun va ko‘tarinki ruh bag‘ishlamoqda, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Aziz “Universiada” qatnashchilari!

Sizlarning “Kichik Olimpiada” deb atalgan mana shu nufuzli musobaqaga qanday keskin kurash va bellashuvlar orqali yetib kelganingiz, o‘z oldingizga qo‘ygan maqsad yo‘lida azmu shijoat va qat’iyat ko‘rsatib, oliy o‘quv yurtlarida ilmu fan cho‘qqilarini egallash bilan birga, sport maydonlarida ham umidbaxsh natijalarga erishganingiz, mamlakatimizda o‘tkaziladigan sport o‘yinlarining eng yuqori bosqichi bo‘lgan 2013-yilgi “Universiada” finaliga chiqqaningizning o‘zi, hech shubhasiz, har biringiz o‘zingiz tanlagan sport turi bo‘yicha katta yutuqlarni qo‘lga kiritganingizdan guvohlik beradi.

Albatta, bunday yuksak marralar va shohsupalarga ko‘tarilish uchun qancha-qancha harakat, qancha kuch-quvvat, iroda va mardlik kerakligini ana shunday holatlarni boshidan kechirgan har qaysi odam o‘ziga yaxshi tasavvur qilishi muqarrar.

Bu fikrlarning tasdig‘ini quyidagi raqam va misollar yaqqol namoyish qiladi.

“Universiada” o‘yinlarining saralash bosqichlarida ishtirok etgan qariyb 138 ming talaba orasidan yakuniy bosqichga 1020 nafar qatnashchining yetib kelgani bu musobaqalarning miqyosi naqadar kengligi va ularning nechog‘li qattiq kurashlar asosida o‘tganini ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda oltinchi bor tashkil etilayotgan “Universiada” bellashuvlarini yuqori saviyada, uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun avvalo joylarda, viloyat va shaharlarda zarur sharoitlar yaratilgani, jumladan, Buxoro shahrida o‘nlab muhtasham sport saroylari va majmualari bunyod etilgani, qariyb 93,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, katta hajmdagi qurilish, rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilganini inobatga oladigan bo‘lsak, har uch yilda o‘tkaziladigan bu sport bayramiga davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan qanday ulkan e’tibor va ahamiyat berilayotgani yanada yaqqol ayon bo‘ladi.

Bularning barchasi avvalambor siz, aziz bolalarimizni jismoniy va ma’naviy jihatdan sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, voyaga yetayotgan farzandlarimizning taraqqiy topgan davlatlardagi tengdoshlaridan kam bo‘lmasligi, ular bilan bemalol bellashuvga tayyor bo‘lishi uchun, lo‘nda qilib aytganda, navqiron yoshlarimizning xalqimiz, O‘zbekistonimizning tayanchi va suyanchi, biz intilayotgan yuksak marralarga yetish yo‘lida hal qiluvchi kuch bo‘lib hayotga kirishi uchun – ana shunday buyuk maqsadlarga erishish uchun amalga oshirilayotganini tushunish, anglash qiyin emas.

Qadrli farzandlarim!

Xalqimiz, jamoatchiligimizga yaxshi tanish bo‘lgan, hammamizga kuch-quvvat bag‘ishlaydigan, ertangi kunga ishonch tug‘diradigan “Biz hech kimdan kam emasmiz va hech qachon kam bo‘lmaymiz!” degan olijanob da’vat barchamizni mana shunday go‘zal va betakror Vatanimizga mehr qo‘yib, g‘urur va iftixor bilan yashashga chorlaydi.

Hozirgi vaqtda milliy sportimiz iftixoriga aylangan Rishod Sobirov, Abbos Atoyev, Rustam Qosimjonov, Oqgul Omonmurodova, Svetlana Radzivil, Sevara Qodirova, Denis Istomin, Saida Iskandarova, Vadim Menkov, Dilshod Mansurov kabi o‘nlab iste’dodli yoshlarimizning sport olamidagi yutuqlari uchun aynan “Universiada” musobaqalari parvoz maydonchasi bo‘lib xizmat qilgani yaxshi ma’lum. Sizlar ham ana shunday mohir sportchilarimizning izidan borib, kelajakda Vatanimiz bayrog‘ini jahon sport maydonlarida baland ko‘tarishingizga barchamiz tilakdoshmiz.

Hech shubhasiz, “Universiada – 2013” bellashuvlari el-yurtimizga xos bo‘lgan halollik, mardlik va o‘zaro hurmat ruhida o‘tadi, qadimiy Buxoro zaminida yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimizning ruhi poklari sizlarni qo‘llab-quvvatlaydi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, sizlarga atab yuksak talablarga javob beradigan zamonaviy sport majmualarini barpo etgan quruvchi va muhandislarga, mutasaddi va homiy tashkilotlarga, bag‘rikeng, mehmondo‘st Buxoro ahliga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Aziz o‘g‘il-qizlarim!

Barchangizni bag‘rimga bosib, sizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad hamisha yor bo‘lishini tilayman.

Islom Karimov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

8 iyun 2013 yil, O`qilgan :6791



Xabar qoldirish

Agar Sizda universitetimiz faoliyati bo`yicha masalalar/muammolar,
ariza, shikoyat yoki takliflar bo`lsa
virtual qabulxona
orqali qoldirishingiz mumkin

Ushbu sahifa bo`yicha fikringizni esa quyida qoldirishingiz mumkin



Ismi sharifingiz:

E-mail:

Fikringiz :
Ximoya kodini kiriting :


Bizning loyihalar

        

Ma`naviy-ma`rifiy ishlar