Foydali manbalar













OTM web-reytingi

Yoshlik, go`zallik va barkamollik bayrami

Ko’hna va hamisha navqiron Buxoro shahrida oliy o’quv yurtlari talabalarining “Universiada — 2013” sport o’yinlari respublika bosqichining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi.






Ko’hna va hamisha navqiron Buxoro shahrida oliy o’quv yurtlari talabalarining “Universiada — 2013” sport o’yinlari respublika bosqichining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Azim Buxoroda sport va yoshlik bayrami ruhiyati hukmron. Chunki bu erda Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan va har gal yoshlarimiz intiq kutadigan Universiada musobaqalari boshlandi.

Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, o’z kuchi va qudratiga ishongan, mehnati va yuksak intellektual salohiyati bilan o’z kelajagini barpo etishga qodir davlat va jamiyatnigina dunyo tan oladi va hurmat qiladi. Bu maqsadga erishishda har tomonlama barkamol avlod hal qiluvchi kuch sanaladi.

SHu nuqtai nazardan yondashganda, uch bosqichli tizim — “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” hamda Universiada sport o’yinlari Kadrlar tayyorlash milliy dasturining uzviy davomi sifatida alohida ahamiyat kasb etayotir. Mazkur bellashuvlar jamiyatda sog’lom turmush tarzini qaror toptirishda, farzandlarimizni ona-Vatanni sevadigan, tinchligimizni ko’z qorachig’idek asraydigan, shukronalik hissi bilan yashaydigan, yurt qudratiga qudrat qo’shadigan, jahon arenalarida O’zbekiston nomining mag’rur jaranglashiga hissa qo’shadigan insonlar qilib tarbiyalashda muhim omil bo’lib xizmat qilmoqda.

Talaba-yoshlarning ushbu an’anaviy sport bayramiga Buxoro viloyati ikkinchi bor mezbonlik qilayotir. Buxoroliklar navbatdagi Universiadaga tayyorgarlik jarayonida to’plangan boy tajribaga tayandilar, sport o’yinlarining chinakam bayramga aylanishi yo’lida uyushqoqlik bilan harakat qildilar. Musobaqalar o’tkazilishi ko’zda tutilgan barcha inshootlar zamonaviy talablar asosida ta’mirdan chiqarildi. YAngi sport inshootlari barpo etildi. Mavjud infratuzilma yanada takomillashtirildi. Xususan, suzish musobaqalari o’tkaziladigan “Semurg’”, kurash, dzyudo bellashuvlari tashkil etiladigan “Humo”, tennis bahslarini qabul qiladigan “Dilkusho” majmualari, qo’l to’pi bo’yicha uchrashuvlar tashkil qilinadigan Buxoro olimpiya zaxiralari sport kollejiga boqib, mamlakatimizda yosh avlod kamoloti yo’lida ko’lami jihatdan ulkan ishlar izchillik bilan davom ettirilayotganini anglash qiyin emas.

Bu fikrlarimiz isbotini Universiada munosabati bilan viloyatda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari ham ko’rsatib turibdi. Jumladan, Buxoro yuqori texnologiyalar va muhandislik texnika institutida 1 milliard 400 million so’m mablag’ evaziga yangi sport zali qurildi. Bu erda basketbol musobaqalari o’tkaziladi. Buxoro davlat universiteti joylashgan hududda esa futbol maydoni, voleybol, qo’l to’pi, minifutbol maydonchalari, shaxmat bahslari o’tkazishga mo’ljallangan kichik zal hamda yangi sport zalidan iborat majmua qad rostladi. Stol tennisi bo’yicha bahslar bo’lib o’tadigan Buxoro neft va gaz sanoati kasb-hunar kolleji binosining qiyofasi yanada ko’rkamlashdi. Ayniqsa, “Universiada — 2002” musobaqalari o’tkazilishi munosabati bilan tubdan rekonstruktsiya qilingan va Markaziy Osiyoning eng go’zal sport arenalaridan biri sifatida e’tirof etilgan “Buxoro” sport majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari e’tiborga molik. Yigirma ming nafardan ziyod tomoshabinni o’z bag’riga sig’dira oladigan ushbu inshootda amalga oshirilgan qurilish va bunyodkorlik ishlari uchun 9 milliard 171 million so’m miqdorida mablag’ sarflandi. Natijada nafaqat uning qiyofasi o’zgardi, balki infratuzilmasi yanada takomillashdi.

Universiada sharofati bilan viloyat markazi hamda tumanlarda keng ko’lamli obodonchilik, ko’kalamzorlashtirish ishlari bajarildi. Xususan, Buxoro, Kogon shaharlarining ko’cha va xiyobonlari obod etildi. Madaniy-maishiy ob’ektlar ta’mirlandi. Xullas, qay bir go’shaga qaramang, yangilanishlarni ko’rasiz. “Universiada — 2013”ga chorlovchi shior va bannerlar, sog’lom turmush tarzini targ’ib etuvchi pannolar, tungi rang-barang chiroqlar, favvoralar — bularning barchasi Buxoro ko’chalariga o’zgacha fayz va ko’rk bag’ishlab turibdi.

— Buxoro o’tmish bilan zamonaviylik uyg’unlashgan go’zal shahar sifatida bir umr yodimda qoladi, — deydi germaniyalik sayyoh Suzanna Goyttse. — Mana, bir haftadirki, bu ko’hna va navqiron kentdamiz. Xalqingizning mehmondo’stligiga qoyil qoldik. O’zbekistonlik yoshlarning bilimga chanqoqligi, sportga mehri e’tiborimizni tortdi. Bunday shijoatli avlodga ega mamlakatning kelajagi, albatta, buyuk bo’ladi. Safarimiz Universiada musobaqalari kunlariga to’g’ri kelganidan rosa quvondik. Do’stlik, totuvlik, go’zallik ayyomiga aylangan ushbu bellashuvlarning ishtirokchilariga omad tilayman.

— Shuni ishonch bilan ayta olamanki, bir necha oy oldin Buxoroda bo’lgan odam shu kunlarda shahrimizga yana kelsa, hayratdan yoqa ushlashi aniq, — deydi Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi otaxon Hojiqurbon Hayitov. — Chunki Universiada munosabati bilan shahrimizda keng ko’lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yurtboshimiz tashabbuslari bilan qad rostlagan biri-biridan ko’rkam zamonaviy sport inshootlari mamlakatimizda yosh avlodga ko’rsatilayotgan g’amxo’rlikning yana bir yaqqol namunasidir. Bu majmualarda mahallamizning, yurtimizning o’g’il-qizlari sport bilan shug’ullanib, sog’lom kamolga etadilar. Va bunday yuksak e’tiborga javoban ular sportda O’zbekiston dovrug’iga dovruq qo’shadigan muvaffaqiyatlarga erishadilar.

Darhaqiqat, shunday. Sport allaqachon o’g’il-qizlarimiz hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Bu O’zbekiston sportining xalqaro maydondagi nufuzi yuksalayotgani yurtimizda jismoniy tarbiyani ommalashtirish, bolalar sportini rivojlantirish, ayniqsa, qishloq joylarda zamonaviy sport inshootlarini barpo etish vazifasi davlat siyosati darajasiga ko’tarilgani bilan bevosita bog’liqdir. Bu jarayonda O’zbekiston Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasining faoliyati, ayniqsa, samarali bo’lmoqda. Jamg’arma tomonidan o’n yilda 1113 bolalar sporti ob’ekti qurildi, faoliyat ko’rsatayotgan 262 sport inshooti rekonstruktsiya qilindi va kapital ta’mirlandi. Sport bilan muntazam shug’ullanayotgan bolalar soni 1 million 800 ming nafardan oshdi. Bu ko’rsatkich 2003 yildagiga nisbatan 1,4 barobar ko’pdir.

Ta’kidlash joizki, Universiada musobaqalari yoshlarimizning jahon arenalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilishlarida muhim asos bo’lib xizmat qilayotir. Xususan, bugun nufuzli musobaqalarda ko’p bora yuqori natijalarni qo’lga kiritgan Rishod Sobirov, Abbos Atoev, Rustam Qosimjonov, Oqgul Omonmurodova, Svetlana Radzivil, Sevara Qodirova, Denis Istomin, Saida Iskandarova, Vadim Menkov, Dilshod Mansurov kabi o’nlab iste’dodli yoshlarimiz katta sportga Universiada musobaqalari orqali kirib kelishgan. Tabiiyki, ular erishayotgan muvaffaqiyatlar navqiron avlodning sportga bo’lgan mehru muhabbatini, ishtiyoqini kuchaytirayapti.

— Universiadada sportning belbog’li kurash turi bo’yicha bahslarda ishtirok etaman, — deydi erkin kurash bo’yicha jahon chempionati bronza medali sohibi, Buxoro viloyati terma jamoasi a’zosi Subhon Toshpo’latov. — Jamoamiz safida Baxshulla Jo’raev, Shohruh Toshev singari mahoratli yosh polvonlar bor. Maqsadimiz — viloyatimiz terma jamoasining kuchli uchlikka kirishiga munosib hissa qo’shish.

...6 iyun. Buxoro shahridagi ko’rkam “Buxoro” stadionida bayram shukuhi hukmron. Chorlov musiqasi yangraydi. Stadionga Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlar terma jamoalari kirib keladi. Tantanavor saf tortgan sportchilar oldidan O’zbekiston Respublikasi va Universiada sport o’yinlari bayroqlari olib o’tiladi.

Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi M. esanov “Universiada — 2013” sport o’yinlarini ochiq, deb e’lon qildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Universiada — 2013” sport o’yinlari ishtirokchilariga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X. Sultonov o’qib eshittirdi.

YUrtboshimiz tabrigi gulduros qarsaklar bilan kutib olindi. Sportchi talaba-yoshlar, marosim qatnashchisi bo’lgan mezbon va mehmonlar mamlakatimizda navqiron avlodning har tomonlama barkamol voyaga etishi yo’lida olamshumul ishlar qilinayotganini yana bir bor yurakdan his etdilar. Ko’ngillar faxru iftixor tuyg’usiga to’ldi. Shundan so’ng O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrab, mamlakatimiz bayrog’i hamda “Universiada — 2013” sport o’yinlari bayrog’i ko’tarildi. Sportchi yoshlar bo’lajak bahslarda halol, murosasiz va mardona kurash olib borishga tantanali so’z berdilar.

Minglab nigohlar maydonga tantanali tarzda olib kirilayotgan “Universiada — 2013” sport o’yinlari mash’alasiga qaratildi. U an’anaga muvofiq, Parkentdagi O’zbekiston Fanlar akademiyasi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik institutining maxsus quyosh o’chog’ida alanga oldirildi. Mash’ala O’zbekiston mudofaaga ko’maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan tashkil etilgan maxsus avtomobillar korteji hamrohligida Buxoro shahriga etkazib kelindi. Mash’ala olib o’tilgan har bir hudud aholisi bu hayajonli va unutilmas onlarning guvohi bo’lish maqsadida peshvoz chiqib, qo’llarida bayram ruhini aks ettiruvchi shiorlar, bayroqlar bilan olqishlab turishdi.

Talaba-yoshlarning “Universiada — 2013” sport o’yinlari mash’alasini taniqli sportchilar dzyudo bo’yicha ikki karra yozgi Olimpiada o’yinlari sovrindori, ikki karra jahon chempioni, “Universiada — 2010” g’olibi Rishod Sobirov va badiiy gimnastika bo’yicha Osiyo chempioni, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Husniyabonu o’ulomova yoqdi.

Bu hayajonli lahzalar stadionga to’plangan yigirma ming nafardan ziyod tomoshabin qalbiga olam-olam quvonch ulashdi. Olqishlar yangradi. Barcha bir tanu jon bo’lib sportchilarga omad tiladi.

San’at ustalari hamda ijrochi yoshlar tomonidan katta kontsert namoyish etildi. Sportchilarning ko’rgazmali chiqishlari yig’ilganlarda o’zgacha taassurot qoldirdi.

“Universiada — 2013” sport o’yinlarining tantanali ochilishida O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoev ishtirok etdi.

Manba: Xalq so`zi

8 iyun 2013 yil, 11,033
.


Bizning loyihalar



            
©2018 Toshkent Davlat pedagogika universiteti . Saytdagi ma'lumotlardan foydalanilganda saytga ilova ko`rsating. Xato topsangiz e-mail:siteadmin@tdpu.uz xabar bering (4)