Foydali manbalar













OTM web-reytingi

''Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida''

O'zbekiston Respublikasining "Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida"gi Qonuni ijrosi haqida.






O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATINING ASOSLARI TO'G'RISIDA

(O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992 y., 2-son, 80-modda; O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998 y., 5-6-son, 102-modda; O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 25-son, 287-modda; 51-son, 514-modda; 2008 y., 52-son, 513-modda)

Davlat xalq manfaatlarini ko'zlab, "O'zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to'g'risida"gi Qonunga asoslanib, respublika yoshlarining ijtimoiy hamda ma'naviy kamol topishi uchun shart-sharoit yaratib berishga qaratilgan yoshlarga oid siyosatni ishlab chiqadi va uni amalga oshiradi.

I. UMUMIY QOIDALAR

1-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatining maqsadi va qoidalari

Yoshlarga oid siyosat O'zbekiston Respublikasi davlat faoliyatining ustuvor yo'nalishi bo'lib, uning maqsadi yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va kamol topishi, ijodiy iqtidori jamiyat manfaatlari yo'lida imkoni boricha to'la-to'kis ro'yobga chiqishi uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratish hamda ularni kafolatlashdan iboratdir.

O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati quyidagi qoidalarga asoslanadi:

millati, irqi, tili, dini, ijtimoiy mavqei, jinsi, ma'lumoti va siyosiy e'tiqodidan qat'i nazar, yoshlar to'g'risida g'amxo'rlik qilish;

yoshlarni huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish;

milliy, madaniy an'analarning avloddan-avlodga o'tishi, avlodlarning ma'naviy aloqasi;

yoshlarning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, yoshlar O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari doirasida o'z manfaatlarini amalga oshirish yo'llarini erkin tanlay olishlariga kafolat berish;

jamiyatni rivojlantirishga, ayniqsa respublika yoshlari hayotiga oid siyosat va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda yoshlarning bevosita ishtirok etishi;

huquq va burchlarning, erkinlik va fuqarolik mas'uliyatining birligi.

2-modda. O'zbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari

Yoshlarga oid davlat siyosati sohasida O'zbekiston Respublikasi tasarrufiga quyidagilar kiradi:

respublika hududida yoshlarga oid davlat siyosatining ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy asoslarni belgilash;

yoshlarni ijtimoiy jihatdan himoya qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va ta'minlash;

yoshlarga oid davlat siyosati boshqaruv idoralarini tuzish;

yoshlarga oid davlat siyosati sohasida respublika kompleks va aniq maqsadli dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga mo'ljallangan moliyaviy mablag'larni tasarruf etish;

respublika yoshlarining manfaatlarini O'zbekistonning respublikalararo va xalqaro majburiyatlari doirasida ifodalash;

respublika hududida yoshlarning va ular birlashmalarining ijtimoiy munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solish;

respublika yoshlarining, yoshlar jamoat uyushmalarining tashabbuslarini iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy jihatdan qo'llab-quvvatlash;

hamma huquq sub'ektlarining O'zbekiston Respublikasi qonunlarida yoshlarga nisbatan belgilab qo'yilgan majburiyatlarga rioya etishlarini nazorat qilish, O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid siyosatni shakllantirish hamda amalga oshirishning boshqa masalalari.

3-modda. Qoraqalpog'iston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari

Qoraqalpog'iston Respublikasi yoshlarga oid davlat siyosatini mustaqil ravishda belgilaydi va amalga oshiradi, ushbu Qonun 2-moddasining ettinchi xatboshisi bundan mustasnodir.

4-modda. Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risidagi qonunlar

Yoshlarga oid davlat siyosati O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va yoshlarning manfaatlariga daxldor bo'lgan ijtimoiy, iqtisodiy hamda o'zga munosabatlarni tartibga soladigan boshqa qonun hujjatlariga asoslanadi.

O'zbekiston Respublikasi ushbu Qonun orqali 14 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan fuqarolarga taalluqli yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy negizini belgilab beradi va uni tegishli qonunlarni rivojlantirish hamda tizimga solish uchun asos deb e'tirof etadi.

Agarda O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida mazkur Qonundagidan va O'zbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risidagi boshqa qonun hujjatlaridagidan o'zgacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llanadi.

5-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatning sub'ektlari

O'zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, yoshlar nomidan ularning jamoat birlashmalari yoshlarga oid davlat siyosatining sub'ektlaridir.

II. YoShLARNI HUQUQIY VA IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh

6-modda. Yoshlarni huquqiy muhofaza qilish va uni ta'minlash

Yosh fuqarolarni huquqiy muhofaza qilish davlat va jamoat tashkilotlari, birlashmalar va korxonalarning yoshlarga nisbatan huquqiy jihatdan mustahkamlab qo'yilgan vazifalarini, shaxsning qadr-qimmatini oilada, mehnat va o'quv jamoasida, turar joyda har tomonlama himoya qilishni o'z ichiga oladi.

Yoshlarni huquqiy muhofaza qilish O'zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda vakillik, ijroiya, sud hokimiyati idoralari, shuningdek huquq-tartibotni muhofaza qilish idoralari tomonidan amalga oshiriladi.

O'zbekiston Respublikasining yosh fuqarolari Konstitutsiya va qonun hujjatlarida mustahkamlab qo'yilgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va shaxsiy huquq hamda erkinliklardan to'liq foydalanadilar. Yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ularning yoshiga qarab qandaydir bevosita yoki bilvosita cheklab qo'yishga yo'l qo'yilmaydi va bunday xatti-harakatlar amaldagi qonunlarga muvofiq javobgarlikka sabab bo'ladi.

Voyaga yetmaganlarning muomala layoqati masalalari, yosh fuqarolar ayrim toifalarining (nogironlar, uy bekalari, bolalar uyida tarbiyalanayotgan hamda tarbiyalanib chiqqanlarning va hokazo) huquqlarini himoya qilish masalalari O'zbekiston Respublikasi qonunlari bilan tartibga solib turiladi.

O'zbekiston Respublikasida yoshlar orasida odob-axloqni buzishga, shu jumladan zo'ravonlikni, hayosizlikni va shafqatsizlikni tashviqot qilishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlar man etiladi.

7-modda. Voyaga yetmagan huquqbuzarliklarning huquqlarini muhofaza qilish

Voyaga yetmaganlarga nisbatan majburiy tarbiyaviy ta'sir chora-tadbirlarini qo'llash, shu jumladan: yetkazilgan aziyat g'uborini ko'tarish majburiyatini yuklash, jarima solish, ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilish, axloq-tuzatish ishlariga yuborish, hibsga olish, ozodlikdan mahrum etish, ularni maxsus o'quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish faqat sudning hukmiga yoki tegishli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Oldingi tahrirga qarang.

Davlat shaxsning huquqlariga rioya etilishini va uning qadr-qimmati hurmat qilinishini, huquqbuzarlik sodir etgan voyaga yetmaganlar ancha insonparvar rejimda saqlanishini kafolatlaydi, ozodlikdan mahrum qilish joylarida ularning ahvolini xalq deputatlari Kengashlari va jamoatchilik tomonidan nazorat qilinishi uchun shart-sharoit yaratadi. Voyaga yetmagan huquqbuzarlik uchun sodir etgan jinoyatlarning og'irlik darajasi va ularning yoshini hisobga olib, ozodlikdan mahrum qilish joylarida tabaqalashtirilgan rejimda saqlash nazarda tutiladi.

(7-moddaning ikkinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 3 dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda-O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 51-son, 514-modda)

8-modda. Yoshlarning ta'lim sohasidagi huquqlari

O'quvchilar va talabalarning o'quv-tarbiya muassasalari ma'muriyati bilan o'zaro munosabatlardagi huquq va burchlari O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida, shuningdek tegishli muassasalar o'zini o'zi boshqarish idoralarining qarorlarida belgilanadi. O'quvchilar, talabalar yoki ularning qonuniy vakillari o'quv yurtlarining ma'muriyati bilan tegishli qoidalar, shartnoma (bitimlar) ishlab chiqishda ishtirok etadilar.

O'quvchilar va talablarni o'quv jarayoni vaqtida ijtimoiy ishlab chiqarishga jalb etishga yo'l qo'yilmaydi, bunday ish ular tanlagan mutaxassislikka mos bo'lib, o'quv-ishlab chiqarish amaliyotining shakli hisoblangan yoxud o'quvchilar va talabalar o'qishdan bo'sh vaqtlarida ixtiyoriy ravishda jamoa bo'lib yoki yakka tartibda mehnat qilgan hollar bundan mustasnodir. Mazkur mehnat faoliyatiga mehnat yoki fuqarolik qonunlariga muvofiq tegishlicha rasmiylashtirilgan shartnoma bo'lgan taqdirda yo'l qo'yiladi.

Oldingi tahrirga qarang.

O'quvchilar va o'quv yurtlarining talabalariga o'quv ashyolari, darsliklar va maktab kiyimlarini imtiyozli narxlarda sotib olish huquqi beriladi. Mollar ro'yxati va ularni realizatsiya qilish tartibi O'zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

(8-moddaning uchinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 3 dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda - O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 51-son, 514-modda)

LexUZ sharhi

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1998 yil 5 yanvardagi 4-sonli "Uzluksiz ta'lim tizimini darsliklar va o'quv adabiyotlari bilan ta'minlashni takomillashtirish to'g'risida"gi qaroriga qarang.

9-modda. O'zbekiston Respublikasida davlatning iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlashi

Davlat iste'dodli yoshlarni alohida qo'llab-quvvatlaydi. O'zbekiston Respublikasida davlat tashkilotlari hamda jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar iste'dodli yoshlarni aniqlashda va ularning ijodiy kamol topishida ko'maklashishlari shart. Ana shu maqsadda O'zbekiston Respublikasida fan va texnika, iqtisodiyot, boshqaruv, san'at sohalarida iste'dodli yoshlarni qidirib topishni, ularni muhofaza qilish va qo'llab-quvvatlashni amalga oshirishda moddiy-texnika bazalari bilan ta'minlangan davlat muassasalari, jamoat birlashmalari va komissiyalar faoliyat ko'rsatadi. Iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari respublika va mahalliy byudjetlar, hamda boshqa manbalardan pul bilan ta'minlanadi.

(9-moddaning matni O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 30 apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda - O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 25-son, 287-modda)

10-modda. Yoshlarni ijtimoiy jihatdan himoya qilish

Yoshlarni ijtimoiy jihatdan himoya qilish jismoniy, aqliy, axloqiy jihatdan o'sishni va O'zbekiston xalqining manfaatlari yo'lida ijtimoiy kamol topishini ta'minlash uchun yosh fuqarolar va ularning oilalariga beriladigan davlat kafolatlarini o'z ichiga oladi.

O'zbekiston Respublikasida yoshlar uchun:

bepul tibbiy xizmat;

bepul ta'lim olish;

sport-sog'lomlashtirish va madaniy-ma'rifiy muassasalarga imtiyozli shartlarda qatnash;

uy-joy qurish, ro'zg'or buyumlari sotib olish uchun imtiyozli kreditlar berish;

dastlabki mehnat faoliyati uchun ish joyi bilan ta'minlanish yoki amaldagi qonunlarga muvofiq moddiy kompensatsiya olish huquqi;

ijtimoiy infrastruktura ob'ektlarini loyihalash va qurish chog'ida yoshlarning talab-ehtiyojlarini hisobga olish;

o'quvchilar, talaba yoshlar va voyaga yetmagan fuqarolar uchun transportda yurish imtiyozlari;

voyaga yetmaganlarga kompensatsiya to'lovlarini kafolatlovchi ijtimoiy ta'minlanish minimumi belgilanadi.

Voyaga yetmaganlarni, yosh fuqarolarning ayrim toifalarini (nogironlar, uy bekalari, bolalar uyida tarbiyalanayotgan va tarbiyalanib chiqqanlar, o'quvchilar, talabalar, harbiy xizmatni o'tab qaytgan harbiy xizmatchilar, zaxiradagi harbiy xizmatchilar va shu kabilarni) ijtimoiy muhofaza qilishga qaratilgan maxsus chora-tadbirlar, shuningdek ularning huquqlarini amalga oshirish tartibi O'zbekiston Respublikasining qonunlari bilan belgilanadi.

LexUZ sharhi

Qo'shimcha ma'lumot uchun O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining qarori bilan tasdiqlangan "To'liq davlat ta'minotidagi yetim bolalarni va ota-ona qarovisiz qolgan bolalarni pul nafaqalari hamda kiyim-bosh, poyabzal va anjomlar sotib olish uchun nafaqalar, shuningdek transportda yurish kartochkalari bilan ta'minlash tartibi to'g'risida"gi Nizomga (ro'yxat - 1187, 11.11.2002 y.) qarang.

III. O'ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA YoShLARGA OID DAVLAT SIYoSATINI AMALGA OShIRISh

11-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini tashkiliy jihatdan ta'minlash

O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ishlab chiqadi.

Yoshlarga oid davlat siyosatini ro'yobga chiqarish O'zbekiston Respublikasining Yoshlar ishlari bo'yicha davlat Kengashi va boshqa davlat idoralari, joylarda esa xalq deputatlari Kengashlari ijroiya idoralari zimmasiga yuklatiladi.

O'zbekiston Respublikasining Yoshlar ishlari bo'yicha davlat Kengashining vazifalari, vakolatlari va tuzilishi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

O'zbekiston Respublikasining Yoshlar ishlari bo'yicha davlat Kengashi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yoshlarga oid davlat siyosati asosidagi tadbirlarni pul bilan ta'minlash o'lchamlari va ilmiy jihatdan asoslangan ijtimoiy mezonlarini ishlab chiqadi hamda ularni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muhokamasiga kiritadi.

O'zbekiston Respublikasining Yoshlar ishlari bo'yicha davlat Kengashi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga va Prezidentiga har yili yoshlarning ahvoli xususida ma'ruza taqdim etadi.

(11-modda O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 3 dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda - O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 51-son, 514-modda)

12-modda. Yoshlarga oid siyosatni ro'yobga chiqarishning davlat dasturi

Oldingi tahrirga qarang.

Yoshlarga oid siyosat O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqiladigan va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan davlat dasturi negizida amalga oshiriladi.

(12-moddaning birinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 3 dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda - O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 51-son, 514-modda)

Davlat dasturining ishlab chiqilishidan va ro'yobga chiqarilishidan ko'zlangan asosiy maqsad yoshlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni, insoniy qadr-qimmatini, o'ziga xos, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy-madaniy manfaatlarini himoya qilishni ta'minlaydigan shart-sharoitlar yaratishdan, ixtiyoriylik va tanlash imkoniyati qoidalari asosida yoshlarning xalq xo'jaligida mehnat qilishlariga ko'maklashishdan iborat.

Davlat dasturini ro'yobga chiqarishda mulkchilikning turidan qat'i nazar, korxonalar, jamoat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar ishtirok etadi.

Davlat dasturi moddiy resurslar, mehnat resurslari va moliyaviy resurslar bilan ta'minlanadi.

Mahalliy hokimiyat idoralari kichik dasturlar, shuningdek mustaqil hujjatlar tarzida dasturlar ishlab chiqadilar. Dasturlarning ro'yobga chiqarilishi mahalliy byudjet mablag'lari va pul bilan ta'minlashning boshqa manbalaridan amalga oshiriladi.

13-modda. Yoshlarning ijtimoiy xizmati

O'zbekiston Respublikasida yoshlarni, yosh oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish, yoshlarning jamoat uyushmalari va ularning korxonalarini qo'llab-quvvatlash, yoshlarning fuqaro sifatidagi tashabbuskorligini ro'yobga chiqarishga yordam ko'rsatish maqsadlarida yoshlar davlat-jamoat ijtimoiy xizmati amal qiladi.

Yoshlar ijtimoiy xizmati faoliyatining yo'nalishlari quyidagilardan iborat:

psixologik-pedagogik, tibbiy-biologik, huquqiy yordam ko'rsatish va voyaga yetmaganlar hamda boshqa yosh fuqarolarga maslahat berish;

jismoniy nuqsonlari tufayli juda noqulay sharoitda qolgan yosh fuqarolarga ijtimoiy yordam ko'rsatish;

yosh oilalarga ijtimoiy yordam ko'rsatish;

mehnat va o'quv jamoalarida yoshlarni huquqiy himoya qilish;

voyaga yetmagan huquqbuzarlarga maxsus tarbiya muassasalarida ijtimoiy yordam ko'rsatish;

ozodlikdan mahrum etish va maxsus tarbiya muassasalaridan qaytgan yosh fuqarolarni ijtimoiy jihatdan tiklash (ko'niktirish);

yoshlarning jamoa bo'lib va yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishlarini qo'llab-quvvatlash hamda bu faoliyatni rivojlantirish;

huquqiy tashviqot, yoshlarni ishga joylashish, ta'lim olish va kasbiy tayyorgarlik ko'rish, bo'sh vaqtni mazmunli o'tkazish, turizm va sport bilan shug'ullanish sohasidagi manfaatlarini ro'yobga chiqarishlari uchun mavjud imkoniyatlar to'g'risida xabardor etish;

yoshlarning o'zini o'zi boshqarish shakllarini rivojlantirishga;

yoshlarning yashash joylarida o'z bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishlarini tashkil etishga ko'maklashish va yoshlarga yordam ko'rsatish borasidagi boshqa vazifalarni bajarish.

Mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari hududdagi o'ziga xoslikni hisobga olgan holda ijtimoiy xizmatning aniq shaklini belgilaydi.

14-modda. Davlatga taalluqli bo'lmagan idoralar va fuqarolarni yoshlarga ijtimoiy yordam ko'rsatishga jalb etish

Yoshlarning jamoat uyushmalarini, boshqa davlatga taalluqli bo'lmagan tashkilotlarni yoshlarga ijtimoiy jihatdan yordam ko'rsatish borasidagi faoliyatga jalb etish xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ijroiya idoralari, O'zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari bo'yicha davlat Kengashi va respublikaning boshqa idoralari bilan shartnoma tuzish asosida amalga oshiriladi. Shartnoma yoshlarning talab-ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan faoliyatning turi va mazmuni, tomonlarning majburiyatlari bo'yicha ko'rsatiladigan moliyaviy yoki moddiy yordamning shartlari belgilanadi.

(14-moddaning matni O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 3 dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda - O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 51-son, 514-modda)

15-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini iqtisodiy ta'minlash

Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi tadbirlarni pul bilan ta'minlash byudjetlar, yoshlar jamg'armasi va boshqa jamg'armalar mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi.

Quyidagilar respublika byudjeti va mahalliy byudjetlar, shuningdek respublika jamg'armalari va boshqa jamg'armalarning mablag'lari hisobidan pul bilan ta'minlanadi:

yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi respublikaning kompleks va aniq maqsadli dasturlari;

yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi kechiktirib bo'lmaydigan vazifalarni hal etishni jadallashtirishga qaratilgan, aniq maqsadlar uchun qilinadigan xarajatlar;

yoshlar jamoat tashkilotlarining ijtimoiy jihatdan muhim bo'lgan dasturlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha qilinadigan xarajatlar;

O'zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari bo'yicha davlat Kengashi va unga bo'ysunuvchi muassasalarni ta'minlashga ketadigan xarajatlar;

O'zbekiston Respublikasi tuzgan shartnomalarga muvofiq yoshlarning mintaqalararo miqyosda va xalqaro aloqalarni amalga oshirish uchun qilinadigan xarajatlar;

O'zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadigan yosh fuqarolarni ijtimoiy ta'minlashning kafolatlangan umumdavlat minimumiga qilinadigan xarajatlar;

voyaga yetmagan fuqarolarga kompensatsiya to'lash bilan bog'liq xarajatlar.

16-modda. Yoshlarning ijtimoiy rivojlanishiga davlat yordami

Yosh fuqarolar va yosh oilalarga ijtimoiy imtiyozlar, chunonchi: yakka tartibda uy qurish uchun yer ajratish, uy-joy sotib olish, uy-joy qurish kooperativlariga a'zo bo'lish uchun pay badallari to'lash, ro'zg'or buyumlari sotib olish (shu jumladan chorva mollari sotib olish), uzoq muddat foydalanadigan kundalik uy jihozlari sotib olish, tijorat asosida amal qiladigan o'quv yurtlarida ta'lim olish uchun haq to'lash va boshqa maqsadlarga uzoq muddatli kreditlar beriladi. Yoshlarga kreditlar banklar tomonidan kam foiz olish sharti bilan berilib, O'zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan imtiyozli tartibda uziladi.

Yosh fuqarolarning ayrim toifalariga temir yo'l, havo, suv, avtomobil transportida (taksidan tashqari) va shahar passajir transportida yurishi uchun O'zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq imtiyozlar beriladi.

(16-moddaning uchinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 1998 yil 1 maydagi 621-I-son Qonuniga muvofiq chiqarib tashlangan ' Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998 y., 5-6-son, 102-modda)

17-modda. Yoshlar jamg'armalari

O'zbekiston Respublikasida ilmiy, texnikaviy, madaniy va boshqa ijodiy faoliyatni, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yoshlarning muammolarini hal etishga ko'maklashuvchi tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash maqsadida davlat-jamoat yoshlar jamg'armalari tashkil etiladi.

Oldingi tahrirga qarang.

(17-moddaning ikkinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 31 dekabrdagi O'RQ-197-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan ' O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2008 y., 52-son, 513-modda)

Oldingi tahrirga qarang.

Yoshlarning davlat-jamoat jamg'armalarini tashkil etish, ular faoliyatining tartibi va tashkil bo'lish manbalari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

(17-moddaning uchinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 3 dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda ' O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 51-son, 514-modda)

18-modda. Davlatning yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlashi

Davlat yoshlarning iqtisodiy mustaqilligini, xalq hunarmandchiligi va hunarmandchilik kasb-kori bilan shug'ullanishi, yoshlar korxonalari faoliyatini qo'llab-quvvatlaydi va rivojlantiradi.

Oldingi tahrirga qarang.

Ishlovchilar ro'yxat tarkibining kamida 75 foizini 30 yoshgacha bo'lgan fuqarolar tashkil etadigan quyidagi korxonalar: maktab o'quvchilari, o'rta maxsus bilim yurtlarining o'quvchilari, oliy o'quv yurtlari kunduzgi bo'limlarining talabalari, ilmiy-tadqiqot, innovatsiya va joriy etish ishlari olib borish uchun yosh olimlar tomonidan tashkil etilgan korxonalar, shuningdek yoshlar tashkilotlari tuzgan hamda ro'yxatini O'zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan yoshlarga mo'ljallangan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi va xizmatlarni ko'rsatuvchi korxonalar yoshlar korxonalari hisoblanadi.

(18-moddaning ikkinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 3 dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda ' O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 51-son, 514-modda)

Oldingi tahrirga qarang.

Yoshlar korxonalari uchun O'zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq: qarz olishda, investitsiyalarda, zarur ishlab chiqarish vositalari bilan ta'minlanishda, yer maydonlarini olishda, o'zlarining tijorat tavakkallarini sug'urtalashda imtiyozlar belgilanadi.

(18-moddaning uchinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 1998 yil 1 maydagi 621-I-son Qonuni tahririda ' Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998 y., 5-6-son, 102-modda)

19-modda. O'zbekiston Respublikasida yoshlarning jamoat birlashmalari

Respublika yoshlarining fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq hamda erkinliklarini ro'yobga chiqarish va himoya qilish, shuningdek ularning faolligi va tashabbuskorligini rivojlantirishni o'zining asosiy maqsadlaridan biri deb bilgan fuqarolarning belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tgach, ko'ngilli uyushmasi O'zbekiston Respublikasida yoshlarning jamoat birlashmasi deb hisoblanadi.

Yoshlar jamoat birlashmasining Ustavi (nizomi, boshqa asosiy hujjati) da a'zo bo'luvchining yoki qatnashchisining yoshi chegaralab qo'yilgan (30 yosh) bo'lishi kerak. Yoshlar jamoat birlashmasidagi 30 yoshdan katta a'zolar (qatnashchilar) ko'pi bilan yoshlar jamoat birlashmasiga kirganlar jami sonining 10 foizidan ortiq bo'lmasligi kerak.

Yoshlarning jamoat birlashmalari yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo'yicha davlatning kompleks va aniq maqsadli dasturlarini ishlab chiqishida qatnashadilar.

IV. YaKUNLOVChI QOIDALAR

20-modda. Ushbu Qonunning ijrosini nazorat qilish

Oldingi tahrirga qarang.

Ushbu Qonunning ro'yobga chiqarilishini O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va boshqa davlat idoralari nazorat qilib boradilar.

(20-moddaning birinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 3 dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda ' O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 51-son, 514-modda)

Ushbu Qonunning barcha davlat va jamoat idoralari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, shuningdek fuqarolar tomonidan aniq va bir tahlitda ijro etilishi ustidan oliy nazorat o'rnatish O'zbekiston Respublikasining Prokurori zimmasiga yuklatiladi.

21-modda. Ushbu Qonunni buzganlik uchun javobgarlik

Davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralarining mansabdor shaxslari ushbu Qonunning qoidalariga rioya etilishi uchun O'zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan tartibda javobgardirlar.

Ushbu Qonunga zid keladigan har qanday qonun hujjatlari qabul qilinishi bilanoq butunlay yoki ularning tegishli qismi haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Yoshlarga oid davlat siyosati sub'ektlariga g'ayriqonuniy xatti-harakatlar oqibatida yetkazilgan zarar tegishli sudning qaroriga asosan, to'liq hajmda qoplanishi lozim.

O'zbekiston Respublikasining

Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1991 yil 20 noyabr,

429-XII-son

19 yanvar 2017 yil, 2,584
Yuldasheva D.


Elektron ta`lim resurslari


Bizning loyihalar


©2018 Toshkent Davlat pedagogika universiteti .
Saytdagi ma'lumotlardan foydalanilganda saytga ilova ko`rsating.
Xato topsangiz e-mail:siteadmin@tdpu.uz xabar bering