Foydali manbalar













OTM web-reytingi

Aziz va muhtaram Madirimov Mamatsoli! Sizni qutlug‘ tavallud ayomingiz - 70 yoshingiz bilan chin dildan tabriklaymiz!

Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universiteti rahbariyati, jamoat tashkilotlari, Sizni qutlug‘ tavallud ayomingiz - 70 yoshingiz bilan chin dildan tabriklaydi!






Hurmatli ustoz! Siz 1964 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining “Fizika-matematika” fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1968 yilda imtiyozli diplom bilan tugatgansiz va “Matematik analiz” kafedrasiga o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilingansiz.

1976 yilda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti “Mexanika-matematika” fakulteti huzuridagi ixtisoslashgan kengashda «Topologik gruppa uzluksiz harakat qiladigan fazolarda o‘lcham va retraktlar nazariyasi» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgansiz.

1977 yilda “Matematika” fakultetining dekan muovini lavozimiga tayinlanib, 1979 yildan 1987 yilgacha sirtqi «Fizika-matematika» fakultetiga, 1987 - 1999 yillarda institutning «Matematika» fakultetiga rahbarlik qilgansiz. Ushbu davrda jamoaning 5 ta a’zosi doktorlik, 17 ta a’zosi nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilishgan.

Siz o‘tgan yillar davomida oliy pedagogik ta’limni tashkil etish, uni boshqarish, yuqori malakali fizika-matematika o‘qituvchilarini tayyorlash jarayonini takomillashtirish, matematika fanlarini o‘qitishning sifatini ko‘tarish, ta’lim jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarni joriy qilish muammolariga bag‘ishlangan 30 dan ortiq ilmiy-metodik maqolalarni chop qildirgansiz. 2002-2004 yillarda universitetning ilmiy bo‘limini boshqargansiz.

Universitet Birlashgan kasaba uyushmasining 2004 yil 29 yanvarda bo‘lib o‘tgan hisobot-saylov anjumanida Siz universitet Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasining raisi etib saylandingiz.

O‘zingizning universitetdagi 50 yillik mehnat faoliyatingiz davomida xizmatlaringizga yarasha obro‘-e’tibor topdingiz. Sizga 1979 yilda dotsentlik, 2005 yilda universitet professori ilmiy unvonlari berilgan. Ta’lim-tarbiya sohasidagi xizmatlaringiz uchun «O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi», «O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi», «O‘zbekiston Respublikasi mutaqilligining bir yilligi» ko‘krak nishonlari va ko‘plab faxriy yorliqlar bilan taqdirlangansiz. 2002 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan Sizga «O‘zbekiston Respublikasida hizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi» faxriy unvoni berilgan. Xozirgi paytda pedagogik faoliyatingiz bilan birga jamoatchilik asosida universitet “Nuroniylar” kengashi raisi lavozimida ham faoliyat yuritib kelmoqdasiz.

Sizni ajoyib inson, chin do‘st-maslakdosh, mehribon ustoz sifatida qadrlaymiz. Qutlug‘ 70 yoshlik tavallud ayyomingiz munosabati bilan Sizga uzoq umr, mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, faoliyatingizda ulkan zafarlar tilaymiz!

Universitet kasaba uyushmalari.

22 mart 2017 yil, 2,174
.


Elektron ta`lim resurslari


Bizning loyihalar


©2018 Toshkent Davlat pedagogika universiteti .
Saytdagi ma'lumotlardan foydalanilganda saytga ilova ko`rsating.
Xato topsangiz e-mail:siteadmin@tdpu.uz xabar bering