XTQTXMOM | Ilmiy kutubxona | eDarslik | Masofaviy ta`lim | Pedagog | Ota-onalarga | Kirish          

9-May Xotira va qadrlash kuni

Serzarda zamonlar o‘tdilar qator...

Serzarda zamonlar o‘tdilar qator,

O‘tdilar yillaru oylar rang-barang.

Moziydan bugunga yetmasdi ovoz,

Bo‘lmaganda ,xalqim,sening xotirang.

Sen o‘zing naqsh etding hayot qissasin,

Sen o‘zing so‘ng uni aylading bayon.

Olis bobolarning bosgan har izin

O‘zing avlodlarga etding namoyon.

Dillardan zulmatni quvay deb yongan

Navoiy qalamin yoritgan chiroq,

Hazrat Sohibqiron tuzuklaridan

Ko‘chib,fikrlarni yoritgan chaqmoq,

Ona To‘marisning shonli qismati,

Jaloliddin tig‘i taratgan jarang,

Bizning yurakkacha, balki, yetmasdi,

Bo‘lmaganda,xalqim,sening xotirang.

Imom Buxoriyning shaffof imoni,

Ulug‘bek fikrida balqigan yulduz,

Mahmud Torobiyning muqaddas qoni

Sening xotirangda saqlanar hanuz.

Shu bois nomingni yo‘q etay deya

Yovlaring xotirang buzmoqchi bo‘ldi,

Yolg‘onu tuhmatlar, uydirma ila

Tarixing qaytadan tuzmoqchi bo‘ldi.

Seni johil dedi,savodsiz dedi,

Aldamoqchi bo‘lib butun dunyoni.

Dunyo bilar edi — unga sen berding

Buyuk Xorazmi-yu ulug‘ Sinoni.

Istiqlol bayrog‘i yuksaldi baland,

Yana nasib bo‘ldi ozod istiqbol,

Uch ming yillik ko‘hna tarixingni ham

Bag‘ringga qaytardi shonli istiqlol.

Istiqlol qadimiy o‘zbek nomini

Qaytadan kashf etdi ahli jahonga.

Qadrlab har mudom o‘zbek shonini,

Dunyoni qaratdi O‘zbekistonga.

Dilda Xotirani imondek saqlang,

Dilda bo‘lsin ota- onaning yodi.

Chechakday ko‘karsin qalblar bog‘ida

Olis ajdodlarning so‘ngan hayoti.

Unutmang,yashamay yigit yoshini,

Bo‘sa mazasini bilolmay hatto,

Necha erlar yerga qo‘ydi boshini

Jonini yurtiga qilgancha fido.

Ularning yodini e’zozlab yashang,

Safda yurganlarni qadrlang mudom.

Xotira maydonin lavhalarida

Bitilsin har bitta unitilgan nom.

Motamsaro Ona qoshiga boring,

Yashirmay ko‘zlardan oqqan yoshingiz.

Shahidlar yodini eslab,bir lahza

Oyog‘i ostiga qo‘ying boshingiz.

Xotira bor ekan,tirikdir millat,

Tirikdir iftixor,tirikdir g‘urur.

Xotira — elni xalq etguvchi qudrat,

Xotira — ertani yoritguvchi nur.

Hatto maysaning ham xotirasi bor,

Maysa xotirasi — nurga intilmoq.

Ko‘karsa — ikkiga bo‘lib tashlaydi

Yo‘lining ustida tursa hatto tog‘.

To quyosh osmonda porlab turarkan,

Osmonday mangusan,ey, ona xalqim!

Har bir fojiaga,har bir sharafga,

Baho bermoqqa ham yolg‘iz sen haqli!

Zamonlar o‘tajak quyun singari,

Necha yulduz so‘nib,tamom yitajak.

Sening yoding borki,yorug‘ kunlarga

Bizning ko‘zlar ila boqar kelajak.

Ishonaman, o‘sha olis ertada —

Fasli novbahorning mas’um pallasi

Xotira bog‘iga kelib bosh egar

Olis kelajakning erka bolasi.

Uning ko‘zlarida yongan shuurda

Navoiy hikmatin nuri ko‘ringay,

Uning yuragida jo‘shgan g‘ururda

Bobolar yuragin qo‘ri ko‘ringay!

18 aprel 2017 yil, 1,083
.


Bizning loyihalar


©2018 Toshkent Davlat pedagogika universiteti
Saytdagi ma'lumotlardan foydalanilganda saytga ilova ko`rsating
Xato topsangiz e-mail:siteadmin@tdpu.uz xabar bering