XTQTXMOM     library     Majmua     eDarslik     asofaviy ta`lim     Pedagog     Ota-onalarga     Kirish          

O‘zbekiston respublikasi vazirlar mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida

24 oktyabr 2017 yil, 415
Yuldasheva D.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
O‘zbekiston respublikasi vazirlar mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017 y., 29-son, 698-modda)

O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 20 apreldagi PQ-2909-son qarori talablari asosida ta’lim sifatini ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan islohotlar talablariga muvofiq yuksak darajaga ko‘tarish, shuningdek uzluksiz ta’lim tizimida ta’lim sifatini nazorat qilishni yanada takomillashtirish, kadrlar tayyorlash sifati va o‘quv jarayoni samaradorligining xolisona baholanishini nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 20 apreldagi PQ-2909-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalarini attestatsiya qilish boshqarmasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat inspeksiyasi deb ataladi) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar Davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

ta’lim tizimida o‘quv-tarbiya jarayonlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish;

idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, ta’lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish;

o‘quvchilar, talabalar va tinglovchilar bilimlarining O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari, davlat talablari va malaka talablariga muvofiqligini tahlil qilish, ta’lim muassasalari reytingini aniqlash;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasining ishchi organi sifatida nodavlat ta’lim muassasalariga litsenziyalar berish;

xorijiy mamlakatlarda berilgan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini aniqlash)ni tashkil etish;

respublika hududida xorijiy ta’lim muassasalarining ta’lim faoliyatini yuritish huquqiga ruxsatnomalar berish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish;

ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan beriladigan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish.

3. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi to‘g‘risida nizom 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 108 nafardan iborat tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat inspeksiyasi boshlig‘iga zarur hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli axborot-tahlil departamenti bilan kelishgan holda Davlat inspeksiyasining tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

Davlat inspeksiyasi boshlig‘i maqomiga ko‘ra vazirga, boshliq o‘rinbosari esa vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

Davlat inspeksiyasi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi.

5. Quyidagilar Davlat inspeksiyasi faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

homiylar — yuridik va jismoniy shaxslarning, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining mablag‘lari;

grantlar, xizmat ko‘rsatishdan tushgan daromadlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

6. Davlat inspeksiyasi bir oy muddatda inspeksiyani ta’lim sifatini nazorat qilish sohasida amaliy-metodik ish tajribasiga ega bo‘lgan malakali mutaxassislar, shuningdek ilmiy-pedagogik stajga ega xodimlar bilan ta’minlasin.

7. Davlat inspeksiyasi Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Nurxon ko‘chasi, 21-uy manziliga joylashtirilsin.

8. Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Nurxon ko‘chasi, 21-uy manzilidagi binoni tutash hududi bilan birga Davlat inspeksiyasiga operativ boshqaruv huquqi bilan topshirsin.

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda Davlat inspeksiyasining hududiy bo‘limlarini joylashtirish masalasini hal qilsinlar.

10. Davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida aniqlangan ta’lim sifatini ta’minlashdagi kamchiliklar va nuqsonlar uchun ushbu muassasalarning rahbar va pedagog xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash mexanizmini joriy etish to‘g‘risida ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda Davlat inspeksiyasini zarur aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqa vositalari bilan ta’minlasin.

12. Belgilab qo‘yilsinki, 2017 yil 1 oktyabrdan boshlab:

umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’lim muassasalarida birinchi va oliy malaka toifali, yetakchi va bosh o‘qituvchi lavozimidagi hamda mazkur malaka toifalari va lavozimlarga talabgor pedagog kadrlarga malaka toifasini berishda eng kam oylik ish haqining 1 barobari miqdorida;

nodavlat ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun eng kam oylik ish haqining 10 barobari miqdorida yig‘im joriy etiladi.

13. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi:

tugatilayotgan Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalarini attestatsiya qilish boshqarmasining moddiy-texnika resurslarini va taalluqliligi bo‘yicha shakllangan hujjatlarini belgilangan tartibda Davlat inspeksiyasiga o‘tkazsin;

2017 yilda Davlat inspeksiyasining asoslantirilgan hisob-kitoblariga ko‘ra uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun Davlat test markazining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Davlat inspeksiyasiga zarur mablag‘lar ajratsin;

Davlat inspeksiyasiga tizimli ravishda o‘zida mavjud nazorat materiallari bankidan foydalanish imkoniyatini yaratsin.

14. Respublikadagi barcha oliy ta’lim muassasalari tarkibida ularning belgilangan shtatlari doirasida Davlat inspeksiyasi boshlig‘i tavsiyasiga asosan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan 3 nafar (oylik ish haqi dekan lavozimiga tenglashtirilgan bo‘lim boshlig‘i va 2 nafar bosh mutaxassis) xodimdan iborat ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limlari tashkil etilsin. Bo‘limga oliy ta’lim muassasasi talabalari bilimlarining davlat ta’lim standartlariga muvofiqligini o‘rganib borish, tahlil qilish, kadrlar tayyorlash sifati monitoringini yuritish hamda oliy ta’lim muassasasini ichki attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish va ichki attestatsiya natijalarini, ta’lim sifatiga ta’sir etgan omillar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oliy ta’lim muassasasi rektoriga hamda Davlat inspeksiyasiga taqdim etish vazifasi yuklansin

15. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

ushbu qarorda nazarda tutilgan xarajatlar uchun zarur byudjet mablag‘larini 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida ijtimoiy sohaga nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida ajratsin, 2018 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining parametrlarida ushbu sohaga ajratilgan mablag‘lar doirasida nazarda tutsin;

ushbu qarordan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2017 yil uchun tasdiqlangan xarajatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin;

Davlat inspeksiyasiga 3 ta, shu jumladan 2 ta biriktirilgan va 1 ta navbatchi avtotransport vositasiga limit ajratsin;

Davlat inspeksiyasining moddiy-texnika bazasini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan jihozlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini xarid qilish uchun ikki oy muddatda mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.

24 oktyabr 2017 yil, O`qilgan :415



Xabar qoldirish

Agar Sizda universitetimiz faoliyati bo`yicha masalalar/muammolar,
ariza, shikoyat yoki takliflar bo`lsa
virtual qabulxona
orqali qoldirishingiz mumkin

Ushbu sahifa bo`yicha fikringizni esa quyida qoldirishingiz mumkin



Ismi sharifingiz:

E-mail:

Fikringiz :
Ximoya kodini kiriting :


Bizning loyihalar

        

Vazirlar Mahkamasining qarorlari