XTQTXMOM     library     Majmua     eDarslik     asofaviy ta`lim     Pedagog     Ota-onalarga     Kirish          

O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida talabalar ilmiy-ma’rifiy markazini tashkil etish to‘g‘risida

12 noyabr 2017 yil, 473
Yuldasheva D.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida talabalar ilmiy-ma’rifiy markazini tashkil etish to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017 y., 36-son, 961-modda)

Talaba yoshlarda mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik, milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizga hurmat, yuksak insoniylik va bag‘rikenglik fazilatlarini shakllantirish, ularda yot g‘oya va mafkuralarga nisbatan immunitet va tanqidiy fikrlashni, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, shuningdek, iqtidorli talaba yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularning mustaqil Vatanimizning ilmiy-texnik taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun tegishli imkoniyatlar yaratish, respublikamiz ilm-fani yutuqlarini ommalashtirish orqali mamlakatimiz ilmiy maktablari xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga ko‘maklashish, yoshlarning ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirishga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta ta’lim vazirligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida Talabalar ilmiy-ma’rifiy markazini (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Markaz davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi va mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘aznachilik hisobvaraqalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga ega bo‘ladi.

3. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

talaba yoshlarda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga hurmat, yot g‘oya va mafkuralarga nisbatan immunitet va tanqidiy fikrlashni shakllantirish, buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, yoshlar tarbiyasiga oid dolzarb mavzularda metodik qo‘llanmalar ishlab chiqish bo‘yicha tizimli faoliyatni tashkil etish;

yoshlarning ilmiy-ma’rifiy sohadagi qiziqish va intilishlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, madaniy-ma’rifiy ko‘rgazmalar va taqdimotlar tashkil etish;

fan va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlari bilan talaba yoshlarni, yosh olim va professor-o‘qituvchilarni tizimli tanishtirish uchun xalqaro va mahalliy ilmiy-texnik axborot bazalari, xorijiy va milliy davriy ilmiy nashrlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratish;

yoshlarning ilmiy-tadqiqot faoliyat olib borishi uchun ilmiy munozara-klublar, ilmiy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish guruhlarini shakllantirish, ularning samarali faoliyatini ta’minlash uchun tegishli sharoitlarni yaratish;

fundamental fanlarning zamonaviy tendensiyalari, iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ilmiy-texnik muammolari bo‘yicha yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etishga ko‘maklashish;

yoshlarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek ular tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlarga mualliflik guvohnomalarini rasmiylashtirish, ommalashtirish va tijoratlashtirish jarayonlarida ko‘maklashish;

mahalliy va xorijiy yetuk mutaxassislar ishtirokida masofaviy on-layn ilmiy muloqotlar, mahorat darslari, seminar-treninglar va malaka oshirish kurslarini o‘tkazish, shuningdek dolzarb mavzularda ilmiy-amaliy konferensiya va seminarlar, ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tanlovlar tashkil etish va o‘tkazish.

4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Talabalar ilmiy-ma’rifiy markazining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda Markaz xodimlarining lavozim va shtat birliklarini hamda ularning cheklangan umumiy sonini belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga Markazning tasdiqlangan xodimlarning cheklangan umumiy soni doirasida uning tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish vakolati berilsin.

Markaz xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llanilishi belgilansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan birgalikda uch oy muddatda Markaz vazifalaridan kelib chiqib uning faoliyatini rivojlantirish kompleks dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Bunda, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya va Rossiya Federatsiyasidagi o‘xshash markazlar faoliyati chuqur o‘rganib chiqilsin hamda ularning ilg‘or tajribasi Markaz faoliyatini rivojlantirish dasturida inobatga olinsin.

6. Quyidagilar Markazni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari bo‘yicha ajratiladigan grantlar;

xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari, shuningdek homiylik xayriyalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. Toshkent shahri hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Markaz qurilishi uchun Toshkent shahri, Olmazor tumani, Talabalar shaharchasi hududidagi Universitet ko‘chasi bo‘yidan 3,0 ga yer maydoni ajratib berish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

8. Markaz uchun bino qurilishi bo‘yicha quyidagilar:

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib;

«Arhidea pro» MChJ — bosh loyiha tashkiloti etib;

bosh pudratchi belgilangan tartibda tanlov asosida belgilansin.

10. Belgilab qo‘yilsinki, Markaz binosini kompyuter va multimedia hamda boshqa zarur texnika vositalari, inventar va mebellar bilan jihozlash belgilangan normativlarga muvofiq, qurilish ishlarining tegishli bosqichlari tugallanishiga ko‘ra, ularni sotib olish xarajatlarini loyiha-smeta hujjatlariga kiritish yo‘li bilan bosh pudratchi tomonidan amalga oshiriladi.

11. Toshkent shahar hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi 2018 yil 1 sentyabrgacha qurilish va jihozlash ishlari tugallanishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasining Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi mazkur ob’ekt qurilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan belgilangan tartib asosida olib kiriladigan qurilish materiallari, asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar va jihozlarni sotib olish bo‘yicha shartnomalarni o‘n kun muddatda ekspertizadan o‘tkazsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazishni va qurilish-montaj ishlarini bajarish sifati yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini ta’minlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, «O‘zqurilishmateriallari» AJ, «O‘zmetkombinat» AJ buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida loyiha tashkilotining asoslangan hisob-kitoblariga binoan ob’ektni qurish va hududini obodonlashtirish uchun talab etiladigan metall prokati va sement mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha imtiyozli narxlarda ajratsinlar.

15. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Markazning bino va inshootlarini qurish va jihozlash ishlari yakunlanishi bilan Markazni saqlab turish bilan bog‘liq xarajatlar uchun zarur mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining xarajatlar parametrida «Ijtimoiy soha» tarmog‘i bo‘yicha ajratiladigan mablag‘lar doirasida ajratsin;

Markazga 2 ta, shu jumladan 1 ta xizmat va 1 ta maxsus yengil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:

xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan o‘xshash muassasalar bilan xalqaro hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirishda Markazga ko‘maklashsin;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining murojaatiga muvofiq Markazni tashkil etish, uning faoliyatini rivojlantirish hamda istiqbolda o‘tkaziladigan tadbirlarda (konferensiyalar, simpoziumlar, forumlar va shu kabilar) ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga vizalar konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Markaz buyurtmanomalariga binoan Markazni tashkil etish, faoliyatini rivojlantirish hamda ushbu muassasa tomonidan istiqbolda o‘tkaziladigan tadbirlar doirasida ishtirok etadigan tegishli xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning O‘zbekiston Respublikasida vaqtinchalik yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini davlat bojlarini undirmasdan ta’minlasin.

18. Markaz kutubxonani shakllantirish uchun bosma va kitob mahsulotlarining (ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy, o‘quv-metodik va davriy) bepul nazorat nusxalarini (1 nusxada) oladigan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilsin xamda mualliflik huquqi doirasida ularning elektron nusxalari taqdim etilsin.

19. Markaz faoliyatini ilmiy-metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, xalqaro aloqalarni rivojlantirish, yoshlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha barcha oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlar bo‘yicha prorektorlari Kengashi tashkil etilsin.

Kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

Markaz faoliyatining tashkiliy va ilmiy-metodik ta’minotini amalga oshirish, yoshlarni ilmiy izlanishlar olib borish metodologiyasi, fundamental fanlarning zamonaviy tendensiyalari bilan tizimli tanishtirib borish, ularni iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ilmiy-texnik muammolari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etilishida ko‘maklashish;

ilmiy-amaliy konferensiya, seminarlarni tashkil etish, shuningdek ilmiy-ma’rifiy tadbirlarda fan, madaniyat va san’at sohalarida xorijiy davlatlarning yetakchi olim va mutaxassislarni jalb etishda amaliy yordam ko‘rsatish;

yoshlarning ilmiy va ijodiy munozara-klublar, ilmiy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish guruhlari faoliyatiga ilmiy rahbarlik qilish va maslahat berish, shuningdek ularning innovatsion, ilmiy-tadqiqot, ijodiy ishlari natijalarini ommalashtirish va amaliyotga joriy etilishida ko‘maklashish;

yoshlarning mavjud salohiyatlarini namoyon etishlari uchun turli ilmiy, ijodiy va ma’rifiy yo‘nalishda tanlovlar tashkil etish, xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan tanlov, olimpiada, ko‘rgazmalarda yuqori natijalarga erishgan iqtidorli talabalar va yosh olimlar faoliyatini ommalashtirish.

20. Vazirlik va idoralar bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

21. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.

12 noyabr 2017 yil, O`qilgan :473



Xabar qoldirish

Agar Sizda universitetimiz faoliyati bo`yicha masalalar/muammolar,
ariza, shikoyat yoki takliflar bo`lsa
virtual qabulxona
orqali qoldirishingiz mumkin

Ushbu sahifa bo`yicha fikringizni esa quyida qoldirishingiz mumkin



Ismi sharifingiz:

E-mail:

Fikringiz :
Ximoya kodini kiriting :


Bizning loyihalar

        

Vazirlar Mahkamasining qarorlari