XTQTXMOM     library     Majmua     eDarslik     asofaviy ta`lim     Pedagog     Ota-onalarga     Kirish          

2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida

24 oktyabr 2017 yil, 423
Yuldasheva D.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017 y., 19-son, 337-modda)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 20 apreldagi PQ-2909-son qarorini ijro etish hamda mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini inobatga olgan holda son va ta’lim yo‘nalishlari uyg‘unligiga erishish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari mehnatidan foydalanishni yaxshilash, shuningdek iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishning o‘rtacha muddatga mo‘ljallangan maqsadli dasturlarini joriy etish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash va diversifikatsiyalash, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida:

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda, shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish parametrlarini shakllantirish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2015 yil 23 iyundagi PQ-2360-son qaroriga muvofiq va yangi qurilayotgan korxonalarning hududiy joylashuvi, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartirishlar bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiyalash borasidagi investitsiya loyihalarini joriy qilish, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish omillarini tahlil qilish natijalari asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va ish beruvchilarning oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga talabi balans hisob-kitob parametrlari ishlab chiqildi;

aniq yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorgarlikka ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga mo‘ljallangan talab-ehtiyoj, shuningdek bitiruvchilarning tanlangan mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashuvi monitoringi ma’lumotlari asosida 2017/2018 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalari shakllantirildi.

2. 2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota:

bakalavrlar uchun 66316 nafar, shu jumladan davlat grantlari bo‘yicha — 18194 ta va to‘lov-kontrakt asosida — 48122 ta 1-ilovaga* muvofiq;

magistrlar uchun 5000 nafar, shu jumladan davlat grantlari bo‘yicha — 1556 ta va to‘lov-kontrakt asosida — 3444 ta 2-ilovaga* muvofiq;

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limida — 100 nafar, jumladan davlat grantlari bo‘yicha — 15 ta va to‘lov-kontrakt asosida — 85 ta, Navoiy davlat konchilik institutida to‘lov-kontrakt asosida — 90 nafar va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida to‘lov-kontrakt asosida — 80 nafar bakalavrlarni tayyorlash 3-ilovaga* muvofiq belgilansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligining 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan yuqori malakali tibbiyot kadrlariga o‘tkir talab mavjud bo‘lgan hududlar uchun maqsadli qabul bo‘yicha kvotalarni O‘zbekiston Respublikasining tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashning umumiy belgilangan parametrlari doirasida ajratish bo‘yicha taklifi 4-ilovaga* muvofiq qabul qilinsin.

4. O‘zbekiston Respublikasining ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tarkibi 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

* 1 — 5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.

Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar berilsin:

bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish chog‘ida abiturientlar to‘plagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasi qabul parametrlariga o‘zgartirishlar kiritish;

yangi yo‘nalishlar va mutaxassisliklarni kiritish uchun bakalavriat va magistraturaning qabul kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish;

iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan hududlari uchun mutaxassislarga bo‘lgan o‘rinli ehtiyojlarni qondirish maqsadida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul ko‘rsatkichlarini belgilash.

5. 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish joriy etilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish uchun kvota miqdori ta’lim muassasasining mavjud imkoniyatlari va ta’lim yo‘nalishlaridan kelib chiqib Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;

qo‘shimcha qabul bo‘yicha to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi abiturientlar to‘plagan ballarga qarab Davlat komissiyasi tomonidan differensiyalashgan tartibda belgilanadi;

to‘lov-kontrakt summasining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul o‘tish ballini to‘play olmagan abiturientlarga to‘plagan balliga muvofiq (68 balldan kam bo‘lmagan) ketma-ketlik tartibini qat’iy saqlangan holda, ularning oshirilgan kontrakt pulini to‘lay olish imkoniyatidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

6. Tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda ikki hafta muddatda tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bo‘yicha davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘rinlar kvotasini ta’lim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi «O‘zstandart» agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda belgilangan tartibda:

oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar klassifikatoriga yangi kiritilayotgan bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritsin;

bir oy muddatda yangi kiritilayotgan bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2017/2018 o‘quv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha belgilangan kvotalarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

9. Kadrlarni maqsadli tayyorlash buyurtmachilari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, vazirliklar va idoralarga oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ular o‘qib egallagan kasbiga va tuzgan shartnomalariga muvofiq ish bilan bandligini ta’minlash, jumladan respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan hududlariga ishga yo‘llanma olgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun munosib mehnat va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish yuzasidan javobgarlik yuklansin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2016/2017 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida» 2016 yil 26 maydagi PQ-2534-son qarorining 3-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi:

bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;

o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjaev zimmasiga yuklansin.

24 oktyabr 2017 yil, O`qilgan :423



Xabar qoldirish

Agar Sizda universitetimiz faoliyati bo`yicha masalalar/muammolar,
ariza, shikoyat yoki takliflar bo`lsa
virtual qabulxona
orqali qoldirishingiz mumkin

Ushbu sahifa bo`yicha fikringizni esa quyida qoldirishingiz mumkin



Ismi sharifingiz:

E-mail:

Fikringiz :
Ximoya kodini kiriting :


Bizning loyihalar

        

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmonlari