XTQTXMOM | Ilmiy kutubxona | eDarslik | Masofaviy ta`lim | Pedagog | Ota-onalarga | Kirish          

Boshlang`ich kasaba uyushmasi tashkiloti to`g`risida Nizom

O`zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi boshlang`ich kasaba uyushmasi tashkiloti (keyingi o`rinlarda «boshlang`ich tashkilot» deb yuritiladi) kasaba uyushmasi a`zosi bo`lgan, korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat olib borayotgan xodimlar hamda oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarida tahsil olayotgan o`quvchi-talabalar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etiladigan o`zini o`zi boshqaruvchi nodavlat notijorat jamoat tashkiloti hisoblanadi.

O`zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi boshlang`ich kasaba uyushmasi tashkiloti to`g`risida namunaviy Nizom

1. Umumiy qoidalar

2. Boshlang`ich tashkilotni tashkil etish

3. Boshlang`ich tashkilotning maqsad va vazifalari

4. Boshlang`ich tashkilotning huquq va majburiyatlari

5. Boshlang`ich tashkilot faoliyatining asosiy tamoyillari

6. Boshlang`ich tashkilotning tashkiliy tuzilishi

7. Boshlang`ich tashkilotning organlari

8. Boshlang`ich tashkilotning umumiy yig`ilishi (konferentsiyasi)

9. Boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi qo`mitasi, kasaba uyushmasi tashkilotchisi

10. Boshlang`ich, tsex tashkilotining taftish komissiyasi

11. Boshlang`ich tashkilot umumiy yig`ilishi (konferentsiyasi), saylab qo`yiladigan organlari majlislarining huquqli bo`lishi, ularda qarorlar qabul qilish va ovoz berish shakllari

12. Boshlang`ich tashkilotning mablag`lari va mulki

13. Boshlang`ich tashkilotda mehnat munosabatlari

14. Boshlang`ich tashkilotning hisobi va hisoboti

15. Boshlang`ich tashkilotning yuridik shaxs sifatidagi huquqlari

16. Boshlang`ich tashkilotni tugatish yoki qayta tashkil etish tartibi

I. UMUMIY QOIDALAR

1.1. O`zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi boshlang`ich kasaba uyushmasi tashkiloti (keyingi o`rinlarda «boshlang`ich tashkilot» deb yuritiladi) kasaba uyushmasi a`zosi bo`lgan, korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat olib borayotgan xodimlar hamda oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarida tahsil olayotgan o`quvchi-talabalar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etiladigan o`zini o`zi boshqaruvchi nodavlat notijorat jamoat tashkiloti hisoblanadi.

1.2. Boshlang`ich tashkilot o`z faoliyatini O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to`g`risida»gi, «Mehnatni muhofaza qilish to`g`risida»gi, «O`zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to`g`risida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida»gi va nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini tartibga soluvchi boshqa Qonunlar, O`zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq kasaba uyushmalari Ustavlari hamda mazkur Nizomga muvofiq olib boradi.

Boshlang`ich tashkilot O`zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ustavi va Harakat dasturiga, tarmoq kasaba uyushmalari Ustavlari hamda mazkur Nizomga zid bo`lmagan o`z nizomlari, dasturiy hujjatlariga ega bo`lishi mumkin.

1.3. Boshlang`ich tashkilot o`z faoliyatida mulkchilik shaklidan qat`i nazar, davlat ijroiya organlari, ish beruvchilar va ularning birlashmalari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil bo`lib, ular oldida hisobdor emas va ular tomonidan nazorat qilinmaydi, qonunchilikda ko`zda tutilgan hollar (O`zbekiston Respublikasining «Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida»gi Qonuni 21-moddasi 5-qismi, 33-moddasi va boshqalar) bundan mustasno.

II. BOSHLANG`ICH TASHKILOTNI TASHKIL ETISH

2.1. Boshlang`ich tashkilot yuridik shaxs bo`lgan korxona, tashkilot va muassasalarda kasaba uyushmasi a`zolari 3 nafardan kam bo`lmagan taqdirda tashkil etiladi.

2.2. Boshlang`ich tashkilotni tuzish va tarmoq tamoyili bo`yicha kasaba uyushmasi xizmatiga o`tish to`g`risidagi qaror kasaba uyushmasi a`zolarining ta`sis yig`ilishi (konferentsiyasi) tomonidan qabul qilinadi hamda bu haqda 10 kun muddatda tegishli yuqori kasaba uyushmasi organiga xabar qilinadi.

2.3. Tarkibiy tuzilmasidagi bo`lim, bo`linmalari yuridik shaxs bo`lgan korxona, tashkilot, muassasa, birlashmalarda yagona kasaba uyushmasi tashkilotini yoki birlashgan kasaba uyushmasi qo`mitasini tuzish to`g`risidagi qaror kasaba uyushmasi Markaziy kengashining Rayosati tomonidan qabul qilinadi.

2.4. Korxona, tashkilot, muassasa, birlashmalarda yagona kasaba uyushmasi boshlang`ich tashkiloti tuzilsa, tarkibiy tuzilmalardagi kasaba uyushmasi tashkilotlari tsex tashkilotlari, kasaba uyushmasi guruhlari hisoblanadi.

Korxona, tashkilot, muassasa, birlashmalarda birlashgan kasaba uyushmasi qo`mitasini saylash to`g`risida qaror qabul qilingan hollarda ularning tarkibiy bo`linmalaridagi kasaba uyushmasi tashkilotlari boshlang`ich tashkilotlar hisoblanadi.

3 nafargacha xodim ishlovchi xo`jalik sub`ektlaridagi kasaba uyushmasi a`zolari o`z xohishlariga ko`ra, sohaga taalluqli bo`lgan korxona, tashkilot, muassasalardagi boshlang`ich tashkilotlardan birida hisobda turishlari, shuningdek o`xshash (ishlovchilar soni 3 nafargacha bo`lgan) bir necha xo`jalik sub`ektlarining yagona boshlang`ich tashkilotini tuzishlari mumkin.

Bunday holda boshlang`ich tashkilotni tuzish va kasaba uyushma xizmatiga o`tish mazkur Nizomning 2.2.-bandida ko`zda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

2.5. 1000 nafardan ortiq kasaba uyushmasi a`zosiga ega bo`lgan boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi qo`mitasi, shuningdek, hududiy jihatdan tarqoq holda ishlaydigan boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi qo`mitasiga kasaba uyushmasi Markaziy kengashi Rayosatining qaroriga ko`ra mazkur qo`mitaning rayosatini saylash hamda uning vakolatlarini belgilash huquqi berilishi mumkin.

2.6. Kasaba uyushmasi tashkiloti bo`lmagan korxona, tashkilot, muassasalarda xodimlar va o`quvchilarni kasaba uyushmasi a`zoligiga qabul qilish soha bo`yicha Respublika birlashgan kasaba uyushma qo`mitalari, kasaba uyushmalari tuman, shahar kengashlari, birlashgan qo`mitalarning rayosatlari tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur bandning birinchi qismida ko`rsatilgan kasaba uyushmalari organlari tomonidan kasaba uyushmasi a`zoligiga qabul qilinganlar (3 nafardan kam bo`lmagan hollarda) korxona, tashkilot, muassasada 2.2.-bandda ko`rsatilgan tartibda boshlang`ich tashkilotni tuzadilar.

2.7. Boshlang`ich tashkilotlarda kasaba uyushmasi byudjeti hisobidan haq olib ishlaydigan lavozimlar (qo`mita raisi, hisobchi va h.k.) joriy etilishi mumkin. Mazkur lavozimlar boshlang`ich tashkilotdagi kasaba uyushmasi a`zolari sonidan, lavozimdagi xodimlarni saqlab turish uchun xarajatlar miqdori amaldagi me`yoriy hujjatlarda belgilanganidan ortib ketmasligidan kelib chiqqan holda kasaba uyushmalari Markaziy kengashlari Rayosatlarining qarori bilan joriy etiladi.

2.8. Boshlang`ich tashkilot O`zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga bevosita a`zo bo`lishi mumkin emas.

III. BOSHLANG`ICH TASHKILOTNING

MAQSAD VA VAZIFALARI

3.1. Quyidagilarga erishish boshlang`ich tashkilotning asosiy maqsadi hisoblanadi:

millati, jinsi, yoshi va diniy e`tiqodidan qat`i nazar boshlang`ich tashkilot har bir a`zosining mehnat qilish, ishni, kasbni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoiti yaratib berilishi va ishsizlikdan himoya qilinishga doir konstitutsiyaviy huquqlari himoya qilinishiga;

korxona, idora, tashkilot va muassasada ish bilan ta`minlanganlikning eng yuqori darajada bo`lishiga, daromadlar oshirilishi va mulkiy tabaqalanish darajasi kamaytirilishiga;

mehnatga haq to`lash va mehnat rejimining ijtimoiy adolatli tizimi joriy etilishiga;

jamoa shartnomalari tuzilishi va ularning bajarilishi ustidan nazoratning amalga oshirilishiga;

jamoa shartnomalarida qabul qilingan va amalga oshirilayotgan kafolat va imtiyozlarning saqlab qolinishi va kengaytirilishiga;

mehnat qonunchiligi, mehnatni va atrof muhitni muhofaza qilish qonunlari, qoida va me`yorlariga rioya etilishiga;

ijtimoiy muloqot hamda ijtimoiy sherikchilik yo`lga qo`yilishiga, jamoa muzokaralarini tashkil etilishiga;

ishlab chiqarishning rivojlanish darajasiga binoan xodimlar malakasining oshirilishi hamda kasb jihatidan qayta tayyorlashning tizimli va muntazam ravishda olib borilishiga;

xodimlarni, ayniqsa, yoshlarni mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilishga yo`naltirilgan dasturlarni ishlab chiqishda ish beruvchilar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik qilinishiga;

madaniy-ma`rifiy, jismoniy tarbiya va sport tadbirlarining o`tkazilishiga, bo`sh vaqtdan oqilona foydalanish uchun sharoitlar yaratib berilishiga, kasaba uyushmasi a`zolari va ularning oila a`zolari sog`lomlashtirilishiga.

3.2. Boshlang`ich tashkilot o`z maqsadlariga erishish uchun o`zining saylab qo`yiladigan va kollegial organlari orqali:

xodimlarning ishlab chiqarish, mehnat, mehnatni muhofaza qilish, maishiy turmush, ma`naviy-ma`rifiy, jismoniy tarbiya va sport, sog`lomlashtirish sohalaridagi qonuniy huquq va manfaatlarini ifoda etadi va himoya qiladi;

mehnat qonunchiligi, mehnatni muhofaza qilish to`g`risidagi qonun hujjatlari, boshqa mehnat huquqi normalari mavjud bo`lgan normativ huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;

mehnat jamoalari nomidan ish beruvchilar bilan jamoa shartnomalarini tuzadi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;

korxona (tashkilot, muassasa)ni ijtimoiy rivojlantirishning joriy va istiqbolli rejalar ishlab chiqilishida, yakka tartibdagi va jamoaga doir mehnat nizolarining hal etilishida ishtirok etadi;

amaldagi qonunlarga va me`yoriy hujjatlarga muvofiq, uning ixtiyorida qoldirilgan mablag`lar doirasida, kasaba uyushmasi byudjeti va uni sarflash smetasini tasdiqlaydi hamda mazkur mablag`larni belgilangan maqsadlarga sarflaydi;

kasaba uyushmasi yig`ilishlari, konferentsiyalari, qurultoylari, yuqori kasaba uyushmasi organlarining qarorlari bajarilishini tashkil etadi;

mehnatkashlar va ularning oila a`zolarini sog`lomlashtirish, madaniy-ma`rifiy va ommaviy sport ishlarini tashkil qiladi;

kasaba uyushmasi a`zosi bo`lmagan xodimlar, o`quvchi-talabalarni kasaba uyushmasi a`zoligiga qabul qilish to`g`risida qarorlar qabul qiladi.

IV. BOSHLANG`ICH TASHKILOTNING

HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

4.1. Boshlang`ich tashkilot (uning saylab qo`yiladigan organlari) o`z maqsad va vazifalarini amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:

Federatsiya va tarmoq kasaba uyushmasining Ustavlari, mazkur Nizom tamoyillariga zid bo`lmagan me`yoriy va boshqa lokal hujjatlarni qabul qilish;

belgilangan tartib va me`yorga muvofiq o`z vakillarini yuqori kasaba uyushmalari organlari tarkibiga saylash, ularni chaqirtirib olish va almashtirish;

kasaba uyushmalari faoliyatining barcha masalalari bo`yicha saylab qo`yiladigan yuqori kasaba uyushmalari organlariga murojaat etish, axborot olish, zarurat tug`ilganda, qo`yilgan masalalar hal etilishida qo`llab-quvvatlanish;

yuqori tashkilotlar qurultoylari, konferentsiyalari va saylab qo`yiladigan organlari tomonidan ko`rib chiqilishi uchun hujjatlar loyihalarini kiritish;

o`z vakillari orqali yuqori kasaba uyushmalari tashkilotlarining kollegial organlari ishida ishtirok etish;

yuqori kasaba uyushmalari organlari tomonidan o`tkazilayotgan tadbirlar, o`quv seminarlariga o`z vakillarini yo`llash;

kasaba uyushmalari xodimlari va faollarini Federatsiya nishonlari va Faxriy yorliqlari bilan taqdirlash to`g`risida belgilangan tartibda takliflar, shuningdek, ularni Davlat mukofotlariga taqdim etish, faxriy unvonlar berish masalalarida qo`llab-quvvatlashni so`rab yuqori kasaba uyushmasi organlariga taqdimnomalar kiritish;

har qanday aralashuvlarsiz o`z ishini mustaqil ravishda rejalashtirish va tashkil etish;

mehnat, mehnatni muhofaza qilish, aholini ish bilan ta`minlash, kasaba uyushmalari to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish;

xodimlarning iltimosiga binoan yoki o`z tashabbusi bilan ularning mehnat munosabatlariga oid huquqlarini himoya qilib sudga murojaat qilish;

xodimlarning mehnat qilish huquqini himoyalash;

xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, kam ta`minlangan xodimlarga belgilangan tartibda moddiy yordam ko`rsatish;

kasaba uyushmasi faoliyatini targ`ib etish hamda yoritish maqsadida ommaviy axborot vositalaridan hamda axborot kommunikatsiya texnologiyalarida imkoniyatlaridan keng foydalanish.

4.2. Boshlang`ich tashkilot (uning saylab qo`yiladigan organlari) o`z faoliyati davomida quyidagilarga majbur:

Federatsiya va tarmoq kasaba uyushmasi Ustavlari hamda mazkur Nizom qoidalariga rioya etish va ularni bajarish;

yuqori kasaba uyushmalari organlarining o`z vakolatlari doirasida hamda Ustavlarga muvofiq qabul qilgan qarorlari ijrosini ta`minlash;

kasaba uyushmasiga a`zolik badallaridan chegirmalarni Federatsiya Kengashi tomonidan belgilangan miqdorda, muddatda va tartibda tegishli yuqori kasaba uyushmasi organiga o`z vaqtida o`tkazib borish;

yuqori tashkilotlarning kollegial organlari tomonidan belgilangan tartibda va hajmda axborotlar, ma`lumotlar, statistik, moliyaviy va boshqa hisobotlarni o`z vaqtida taqdim etish;

Federatsiya va unga kiruvchi a`zo tashkilotlar manfaatlarini kamsituvchi xatti-harakatlarga yo`l qo`ymaslik.

V. BOSHLANG`ICH TASHKILOT FAOLIYATINING

ASOSIY TAMOYILLARI

5.1. Boshlang`ich tashkilot o`z faoliyatini quyidagi tamoyillar asosida olib boradi:

boshlang`ich tashkilot rahbar organlarining saylab qo`yilishi;

boshlang`ich tashkilot saylab qo`yiladigan organlarining o`z tashkiloti va yuqori kasaba uyushmasi organlari oldida ularga berilgan vakolatlar doirasida hisobot berishi;

boshlang`ich tashkilot va uning saylab qo`yiladigan organlari ishida kollegiallik, oshkoralik;

kasaba uyushmalari a`zolarining teng huquqliligi;

qarorlar qabul qilish chog`ida munozara erkinligi va qabul qilinganidan keyin so`zsiz bajarilishining ta`minlanishi.

VI. BOSHLANG`ICH TASHKILOTNING

TASHKILIY TUZILISHI

6.1. Boshlang`ich tashkilot quyidagi tashkiliy tuzilmaga ega bo`lishi mumkin:

kasaba uyushmasi qo`mitasi (yirik boshlang`ich tashkilotlarda kasaba uyushmasi qo`mitasi rayosati);

tsex kasaba uyushmasi tashkilotlari;

kasaba uyushmasi guruhlari;

o`z mustaqil byudjetiga ega bo`lgan boshlang`ich, tsex tashkilotlarida taftish komissiyalari.

Boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi qo`mitasining qaroriga muvofiq korxona, tashkilot, muassasalarning tuzilmaviy bo`linmalarida tsex tashkilotlari, kasaba uyushmasi guruhlari tashkil etilishi mumkin.

Kasaba uyushmasi a`zolari soni 30 nafargacha bo`lgan tuzilmaviy bo`linmalarda kasaba uyushmasi guruhlari, 30 nafar va undan ortiq bo`lgan hollarda - tsex tashkilotlari tashkil etiladi.

Yirik tsex tashkilotlarida brigadalar, uchastkalar, smenalar bo`yicha ham kasaba uyushmasi guruhlari tashkil etilishi mumkin.

VII. BOSHLANG`ICH TASHKILOTNING ORGANLARI

7.1. Quyidagilar boshlang`ich tashkilotning organlari hisoblanadi:

umumiy yig`ilish (konferentsiya);

kasaba uyushmasi qo`mitasi, yirik boshlang`ich tashkilotlarda-kasaba uyushmasi qo`mitasi rayosati;

taftish komissiyasi.

VIII. BOSHLANG`ICH TASHKILOTNING UMUMIY

YIG`ILISHI (KONFERENTSIYASI)

8.1. Boshlang`ich tashkilotning umumiy yig`ilishi (konferentsiyasi) boshlang`ich tashkilotning oliy organi hisoblanadi.

8.2. Boshlang`ich tashkilotning umumiy yig`ilishi (konferentsiyasi) zaruriyatga qarab, ammo yiliga kamida bir marta o`tkaziladi.

8.3. Hududiy jihatdan tarqoq holda bo`lganligi yoki boshlang`ich tashkilotda a`zolar ko`psonliligi tufayli umumiy yig`ilishni o`tkazish imkoni bo`lmagan hollarda boshlang`ich tashkilotning konferentsiyasi o`tkaziladi.

Konferentsiyaga vakillik me`yori hamda delegatlar saylash tartibini kasaba uyushmasi qo`mitasi o`z qarori bilan belgilaydi.

Kasaba uyushmasi tashkilotining umumiy yig`ilishi (konferentsiyasi)ni chaqirish, vakillik normasi va kun tartibi to`g`risidagi qaror kamida 3 kun oldin e`lon qilinadi.

8.4. Boshlang`ich tashkilotning navbatdan tashqari umumiy yig`ilishi (konferentsiyasi) kasaba uyushmasi qo`mitasi qarori bilan o`z tashabbusiga binoan, boshlang`ich tashkilot a`zolarining kamida uchdan bir qismining talabiga ko`ra yoki yuqori turuvchi kasaba uyushmasi organining qaroriga muvofiq chaqiriladi.

8.5. Boshlang`ich tashkilot umumiy yig`ilishi (konferentsiyasi)ning vakolatlari quyidagilardan iborat:

boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi qo`mitasining (tashkilotchisining), taftish komissiyasining faoliyati to`g`risidagi hisobotlarni eshitish;

faoliyatiga doir nizomlar va boshqa hujjatlarni qabul qilish, shuningdek, ularga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish;

boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi qo`mitasini (tashkilotchisini), taftish komissiyasi a`zolarini saylash, ularning tarkibidan rahbarlar (rais, rais o`rinbosari)ni saylash;

yuqori kasaba uyushmasi tashkilotlarining saylab qo`yiladigan organlari tarkibiga vakillar saylash, yuqori kasaba uyushmasi tashkilotlarining konferentsiyalari (qurultoylari)ga delegatlar saylash;

Ustavlarga muvofiq boshlang`ich tashkilotlarga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

IX. BOSHLANG`ICH TASHKILOT KASABA UYUSHMASI

QO`MITASI, KASABA UYUSHMASI TASHKILOTCHISI

9.1. Joriy ishlarni olib borish uchun kasaba uyushmasi umumiy yig`ilishi (konferentsiya)da quyidagilar 5 yil muddatga saylanadi:

kasaba uyushmasi guruhlarida – kasaba uyushmasi guruhi tashkilotchisi;

30 nafargacha kasaba uyushmasi a`zosini birlashtirgan boshlang`ich tashkilotda – kasaba uyushmasi tashkilotchisi, uning o`rinbosari va g`aznachi;

30 va undan ortiq kasaba uyushmasi a`zolarini birlashtirgan boshlang`ich, tsex kasaba uyushmasi tashkilotlarida – kasaba uyushmasi qo`mitasi, tsex qo`mitasi va taftish komissiyasi (mustaqil byudjetga ega bo`lgan boshlang`ich, tsex kasaba uyushmalari tashkilotlarida).

Kasaba uyushmasi qo`mitasi (rayosat saylanmagan hollarda), tsex qo`mitalari majlislari zaruratga qarab, lekin har chorakda kamida bir marta, rayosat saylangan kasaba uyushma qo`mitasi majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida bir marta o`tkaziladi.

Boshlang`ich tashkilot kasaba uyushma qo`mitasi rayosatining yig`ilishlari zaruratga qarab, lekin xar chorakda kamida bir marta o`tkaziladi.

Kasaba uyushmasi guruhlari, tsex tashkilotlarining umumiy yig`ilishlari (konferentsiyalari) zaruratga qarab, lekin yiliga kamida bir marta o`tkaziladi.

9.2. Boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi qo`mitasi:

yuqori kasaba uyushmalari organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini ta`minlaydi;

boshlang`ich tashkilot a`zolarining qonuniy talablarini ifodalaydi va himoya qiladi;

korxona, tashkilot, muassasani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, chora-tadbirlarini tayyorlash va amalga oshirish bilan bog`liq bo`lgan ishlarda ishtirok etadi;

ish beruvchi bilan mehnat jamoasi nomidan umumiy yig`ilish (konferentsiya)da ma`qullangan jamoa shartnomasini tuzadi;

ish beruvchi tomonidan qabul qilinadigan mehnatga oid lokal hujjatlarni kelishib beradi;

jamoa muzokaralarini olib borish, jamoa shartnomasi va uning ilovalarini saylab qo`yiladigan organi (kasaba uyushmasi qo`mitasi, kasaba uyushmasi tashkilotchisi) timsolida xodimlar nomidan imzolaydi;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ish beruvchi tomonidan ma`lum xatti-harakatlar amalga oshirilishidan oldin maslahatlashuvlar o`tkazilishini talab qiladi va o`rnatilgan tartibda amalga oshirilishiga rozilik berish yoki bermaslik masalalarini ko`rib chiqadi;

mehnat nizolari (mojarolari)ni hal etishda ishtirok etadi;

Jamoa shartnomasida nazarda tutilgan hollarda ish beruvchining tashabbusiga ko`ra xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish yoki bermaslik masalasini hal qiladi;

boshlang`ich tashkilot faoliyatiga rahbarlik qiladi;

ish beruvchi bilan hamkorlikda sanatoriya-profilaktoriya va bolalar sog`lomlashtirish oromgohlariga yo`llanmalar uchun smeta tayyorlaydi va tasdiqlash uchun yuqori kasaba uyushmasi organiga taqdim etadi;

ish beruvchilarning amaldagi qonunchilikka zid tarzda qabul qilgan boshqaruvga taalluqli qarorlarining belgilangan tartibda bekor qilinishiga erishadi;

amaldagi qonunchilikka binoan, mehnat qonunchiligi va mehnat muhofazasi qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etadi, mehnat huquqi, mehnat va salomatlik muhofazasi masalalari bo`yicha me`yoriy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi, ularga rioya etilishini nazorat qiladi;

boshlang`ich tashkilot faollarini o`qitishni tashkil etadi, o`zaro ijobiy tajriba almashtirish choralarini ko`radi;

zarur hollarda, qo`mita raisini saylaydi va o`z vazifasidan ozod etadi, yuqori kasaba uyushmasi organlari tarkibiga o`z vakillarini saylaydi va chaqirtirib oladi;

boshlang`ich tashkilot byudjetini boshqaradi, kasaba uyushmasi yuqori organi tavsiyalari asosida kasaba uyushmasi qo`mitasining sarf-xarajatlar smetasini tasdiqlaydi, uning bajarilishini nazorat qiladi, mablag`dan chegirmalarning yuqori kasaba uyushmasi organlariga o`z vaqtida va to`liq o`tkazilishini ta`minlaydi;

kasaba uyushmasi tsex tashkilotlari, kasaba uyushmasi guruhlarini tuzish to`g`risida qarorlar qabul qiladi.

9.3. Boshlang`ich tashkilot qo`mitasi vakolatlari 30 nafargacha kasaba uyushmasi a`zosini birlashtirgan boshlang`ich tashkilotda umumiy yig`ilishga beriladi.

Rayosat saylangan kasaba uyushma qo`mitasi o`zining ayrim vakolatlarini Rayosatga berishi mumkin.

9.4. Boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi qo`mitasi raisi:

o`z vakolati muddati davomida boshlang`ich tashkilot ishiga rahbarlik qiladi, qo`mita rayosati saylanmagan bo`lsa qo`mita majlislarini chaqiradi, ularga raislik qiladi;

Boshlang`ich kasaba uyushma qo`mitasi rayosati saylangan bo`lsa qo`mita yig`ilishini chaqirish vakolati rayosatga beriladi.

Bir vaqtning o`zida kasaba uyushma qo`mitasi rayosatiga raislik qiladi.

boshlang`ich tashkilot nomidan davlat xo`jalik boshqaruvi organlarida, jamoat tashkilotlarida vakillik qiladi;

kasaba uyushmasi qo`mitasi qarorlarini imzolaydi;

kasaba uyushmasi va ijtimoiy sug`urta byudjeti mablag`lari hisobidan olinadigan yo`llanmalarni taqsimlaydi, sanatoriy, dam orlish uylari va sanatoriy- profilaktoriylarda dam olish maqsadida murojaat qilgan xodimlarning navbatini tuzadi, ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi, ijtimoiy sug`urta bo`yicha yuqori kasaba uyushmasi organiga hisobot taqdim etadi, yo`llanmalardan maqsadli foydalanilishi bo`yicha javobgar hisoblanadi;

kasaba uyushmasi qo`mitasida ish yuritishni tashkil qiladi, hujjatlarning belgilangan tartibda olib borilishi uchun mas`ul hisoblanadi.

Boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi qo`mitasi raisi umumiy yig`ilishlar oralig`ida qo`mitaga hisobot berib turadi.

9.5. Boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi tashkilotchisi kasaba uyushmasi qo`mitasiga berilgan vakolatlar doirasida ishlab chiqarish, mehnat, maishiy, dam olish va boshqa masalalarda kasaba uyushmasi a`zolarining manfaatlarini ifodalaydi va himoya qiladi.

U kasaba uyushmasi a`zolari bilan yakka tartibda ish olib boradi, ularning har birini jamoat ishlarida faol ishtirok etishga jalb etadi, xodimlarning mehnat va maishiy sharoitlarini yaxshilash, ularning salomatliklarini mustahkamlash va dam olishlarini tashkil etish borasida g`amxo`rlik qiladi.

9.6. Boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi qo`mitasi raisi, boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi tashkilotchisi kasaba uyushmasi va ijtimoiy sug`urta byudjeti mablag`lari hisobidan sanatoriy, dam olish uylari, sanatoriy-profilaktoriy hamda bolalar sog`lomlashtirish oromgohlariga yo`llanmalar uchun talabnoma tuzadi, ularni tasdiqlash uchun yuqori kasaba uyushmasi organiga taqdim etadi, ish beruvchi bilan birgalikda bolalar sog`lomlashtirish oromgohlarining ishlarini tashkil etadi.

Shuningdek, ijtimoiy sug`urta bo`yicha komissiya tuzadi, uning ishiga rahbarlik qiladi, yo`llanmalarni hisobga olish va ularning berilganligi to`g`risidagi hisobotni yuritadi hamda ushbu hisobotlarni yuqori kasaba uyushmasi organiga taqdim etadi.

Boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi qo`mitasi raisi, boshlang`ich tashkilot kasaba uyushmasi tashkilotchisi yo`llanmalarni berishda ijtimoiy adolat tamoyillariga amal qilinishi, shuningdek, ijtimoiy sug`urta mablag`lari va yo`llanmalardan maqsadli foydalanilishi uchun javobgar hisoblanadi.

9.7. Kasaba uyushmasi tashkilotchisi va kasaba uyushmasi organining muddatdan ilgari saylovi boshlang`ich kasaba uyushmasi tashkiloti a`zolarining kamida uchdan bir qismining talabiga yoki yuqori kasaba uyushmasi organining qaroriga binoan, shuningdek, kasaba uyushmasi guruhi tashkilotchisi, kasaba uyushmasi tashkilotchisi, boshlang`ich (tsex) tashkiloti saylab qo`yiladigan kasaba uyushmasi organining o`z tashabbusi bilan o`tkazilishi mumkin.

9.8. Korxona, tashkilot yoki muassasada mulkchilik shakli o`zgargan taqdirda boshlang`ich tashkilotning kasaba uyushmasi qo`mitasi ilgari faoliyat ko`rsatgan qo`mitaning huquqiy vorisi hisoblanadi va o`z huquqiy maqomini saqlab qolgan holda faoliyat ko`rsatishda davom etadi.

9.9. Kasaba uyushmasi qo`mitasi tsex qo`mitalari va kasaba uyushmasi guruhlariga kasaba uyushmasi qo`mitasining vakolatiga kiradigan ayrim huquqlarni berishi, o`z komissiyalarini tashkil qilishi va ularning vakolatlarini belgilab berishi mumkin.

X. BOSHLANG`ICH, TSEX TASHKILOTINING

TAFTISH KOMISSIYASI

10.1. O`z mustaqil byudjetiga ega bo`lgan boshlang`ich, tsex tashkilotida taftish komissiyasi saylanadi.

10.2. Taftish komissiyasi mustaqil organ bo`lib, boshlang`ich, tsex tashkilotining umumiy yig`ilishi (konferentsiyasi)da 5 yil muddatga rais va komissiya a`zolaridan iborat tarkibda saylanadi va ularga hisobot berib boradi.

10.3. Taftish komissiyasi Federatsiya va tarmoq kasaba uyushmalari Ustavlariga rioya qilinishini, byudjet ijrosini, moliya-xo`jalik faoliyatini tekshiradi va amaliy yordam ko`rsatadi.

10.4. Taftish komissiyasi Federatsiya va tarmoq kasaba uyushmalari Ustavlari hamda «Taftish komissiyalari to`g`risida Nizom» doirasida faoliyat olib boradi.

XI. BOSHLANG`ICH TASHKILOT UMUMIY YIG`ILISHI (KONFERENTSIYASI), SAYLAB QO`YILADIGAN ORGANLARI MAJLISLARINING HUQUQLI BO`LISHI, ULARDA QARORLAR

QABUL QILISH VA OVOZ BERISH SHAKLLARI

11.1. Boshlang`ich tashkilotning konferentsiyasi unda delegatlarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgandagina huquqli hisoblanadi.

Konferentsiyaga saylangan delegatlarning vakolatlari konferentsiyani chaqirayotgan boshlang`ich tashkilotning kasaba uyushmasi qo`mitasi (qo`mita rayosatini saylash huquqi berilgan boshlang`ich tashkilotlarda esa qo`mita rayosati) tomonidan tasdiqlanadi.

11.2. Boshlang`ich tashkilotning umumiy yig`ilishlari, saylab qo`yiladigan organlar majlislari ularning ishida mazkur tashkilotdagi kasaba uyushmasi a`zolarining, saylab qo`yiladigan organlar a`zolarining yarmidan ko`pi ishtirok etgan taqdirda huquqli hisoblanadi.

11.3. Boshlang`ich tashkilot umumiy yig`ilishi (konferentsiyasi), saylab qo`yiladigan organlarining qarorlari ularda qatnashayotgan delegatlar, saylab qo`yiladigan organ a`zolari yoki yig`ilish ishtirokchilarining yarmidan ko`pi yoqlab ovoz bergandagina qabul qilingan hisoblanadi.

11.4. Ovoz berish usuli (ochiq yoki yopiq) tegishli konferentsiyalar delegatlari, yig`ilishlar ishtirokchilari, saylab qo`yiladigan organlar a`zolari tomonidan belgilanadi.

11.5. Boshlang`ich tashkilotning umumiy yig`ilishi, konferentsiyasi, saylab qo`yiladigan organlari majlislarida muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilinadi va natijalari bo`yicha bayonlar rasmiylashtiriladi.

XII. BOSHLANG`ICH TASHKILOTNING

MABLAG`LARI VA MULKI

12.1. Boshlang`ich tashkilotning mablag`lari o`z a`zolarining kirish va har oylik a`zolik badallaridan, ish beruvchilarning ko`ngilli o`tkazmalari, shuningdek, qonunda ruxsat etilgan boshqa faoliyatdan tushgan tushumlardan shakllantiriladi.

12.2. A`zolik badallari miqdori va ularni to`lash tartibi O`zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ustavi, tegishli kasaba uyushmalari Ustavlari bilan belgilanadi.

12.3. Kasaba uyushmalari a`zolari tomonidan to`langan a`zolik badallari qaytarilmaydi, boshlang`ich tashkilot olgan daromad a`zolar o`rtasida taqsimlanmaydi.

12.4. Boshlang`ich tashkilot ixtiyorida qoldirilgan mablag`lari hisobidan amaldagi qonun hujjatlari, Federatsiya Kengashi tomonidan tasdiqlangan me`yoriy hujjatlarga muvofiq qo`shimcha yangi ish o`rinlari yaratishi, sug`urta tashkilotlari va banklar bilan hamkorlikda kompaniyalar, kichik korxonalar, aktsiyadorlik jamiyatlari tuzib qo`shimcha daromadlar olishi mumkin.

12.5. Boshlang`ich tashkilot mazkur mablag`lardan amaldagi qonunlar doirasida o`z faoliyatini ta`minlash uchun foydalanadi va ularni tasdiqlangan sarf-xarajatlar smetalariga binoan, amaldagi me`yoriy hujjatlarga muvofiq O`zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq kasaba uyushmalari Ustavlarida ko`zda tutilgan maqsadlarga sarflaydi.

12.6. Boshlang`ich tashkilot amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda bankdagi pul mablag`larini depozitga qo`yish huquqiga ega.

12.7. Boshlang`ich tashkilot o`ziga tegishli mulk va mablag`larga mulkdor huquqida egalik qiladi va ulardan foydalanadi.

12.8. Imzolanayotgan jamoa shartnomalari orqali, kasaba uyushmasi a`zolik badallaridan tashqari, ish beruvchilar tomonidan boshlang`ich tashkilot hisob raqamiga o`tkazilgan mablag`lar, boshqa tashkilotlar bilan o`zaro hamkorlik natijasida olingan qo`shimcha daromadlar, depozitdan tushgan mablag`lar mazkur jamoa shartnomalarida belgilangan tartibda va maqsadlarga sarflanadi hamda bu haqda kasaba uyushmasi qo`mitasi, tashkilotchisi mehnat jamoasi oldida hisobot beradi.

12.9. Boshlang`ich tashkilotda moliyaviy faoliyat, soliqqa oid qonunlarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida tegishli saylab qo`yiladigan kasaba uyushmasi organi qaroriga muvofiq auditorlik tekshiruvlari o`tkazilishi mumkin.

12.10. Kasaba uyushmasi a`zolari soni 30 nafargacha bo`lgan boshlang`ich tashkilotning sarf-xarajatlar smetasi umumiy yig`ilish tomonidan, 30 nafar va undan ortiq bo`lgan hollarda esa kasaba uyushmasi qo`mitasi tomonidan tasdiqlanadi.

XIII. BOSHLANG`ICH TASHKILOTDA

MEHNAT MUNOSABATLARI

13.1. Boshlang`ich tashkilotda saylanma lavozimga saylangan va asosiy ishidan ozod etilgan xodim bilan 5 yilga muddatli mehnat shartnomasi tuziladi. Mehnat shartnomasi umumiy yig`ilish (konferentsiya) nomidan umumiy yig`ilish (konferentsiya) vakolat bergan shaxs tomonidan imzolanadi.

Mazkur boshlang`ich tashkilotning apparat xodimlari bilan mehnat munosabatlari ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari (umumiy tartibda nomuayyan muddatga), mehnat to`g`risidagi qonun hujjatlari, jamoa kelishuvlari, shuningdek, jamoa shartnomalari va boshqa lokal normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.

13.2. Shtatdagi xodimlarning shaxsiy varaqalari va mehnat daftarchalari mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzilgan boshlang`ich tashkilotda saqlanadi. Mazkur boshlang`ich tashkilot mehnat daftarchasiga ishga qabul qilish (saylanishi), boshqa doimiy ishga o`tkazish va mehnat shartnomasini bekor qilish to`g`risidagi ma`lumotlarni kiritadi.

XIV. BOSHLANG`ICH TASHKILOTNING HISOBI VA HISOBOTI

14.1. Boshlang`ich tashkilot o`z faoliyatining natijalari hisobini olib boradi va belgilangan tartibda o`z hisobotlarini yuqori turuvchi kasaba uyushmasi organi, ro`yxatdan o`tkazgan organ, statistika va soliq idoralariga taqdim etadi.

XV. BOSHLANG`ICH TASHKILOTNING YURIDIK

SHAXS SIFATIDAGI HUQUQLARI

15.1. Kasaba uyushmasining boshlang`ich tashkiloti yuridik shaxs hisoblanadi. U o`z muhri, shtamplari, blanklari, banklarda hisob raqamlariga ega bo`ladi.

XVI. BOSHLANG`ICH TASHKILOTNI TUGATISH YOKI

QAYTA TASHKIL ETISH TARTIBI

16.1. Boshlang`ich tashkilotni tugatish yoki qayta tashkil etish boshlang`ich tashkilot umumiy yig`ilishi (konferentsiyasi) qaroriga asosan amalga oshiriladi.

16.2. Boshlang`ich tashkilotni tugatish yoki uni qayta tashkil etish to`g`risidagi qaror kvorum mavjud bo`lgan holda konferentsiya barcha delegatlari yoki umumiy yig`ilishda ishtirok etayotganlarning kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirdagina qabul qilingan hisoblanadi.

16.3. Boshlang`ich tashkilotni tugatish to`g`risida qaror qabul qilingan taqdirda belgilangan tartibda barcha hisob-kitoblar qilinadi, kredit, qarz va ular bo`yicha foizlar qaytariladi, boshqa majburiy to`lovlar to`lanadi.

Mazkur ishlar yakunlanganidan keyin qolgan mulk boshlang`ich tashkilot umumiy yig`ilishi (konferentsiyasi) qarori bilan Ustav maqsadlarini amalga oshirish ishlariga yo`naltiriladi.

16.4. Boshlang`ich tashkilot qayta tashkil etilganda umumiy yig`ilish (konferentsiya) uning huquqiy vorisini belgilaydi.

16.5. Boshlang`ich tashkilotni bir kasaba uyushmasi xizmatidan boshqa kasaba uyushmasi xizmatiga o`tishi tegishli Markaziy kengashlar (amalda kasaba uyushmasi xizmatida bo`lgan va kasaba uyushmasi xizmatiga o`tilmoqchi bo`lgan kasaba uyushmalari Markaziy kengashlari) Rayosatlarining qo`shma qarori asosida amalga oshiriladi.

16.6. Boshlang`ich tashkilotni tugatish O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda sud qaroriga asosan amalga oshirilishi ham mumkin.

© 2012 O`zbekiston Kasaba Uyusmasi Federatsiyasi

31 oktyabr 2015 yil, 8,418
.


Bizning loyihalar


©2018 Toshkent Davlat pedagogika universiteti . Saytdagi ma'lumotlardan foydalanilganda saytga ilova ko`rsating. Xato topsangiz e-mail:siteadmin@tdpu.uz xabar bering